Kreml "YouTube" platformasidan foydalanishni cheklash yoki sekinlashtirish orqali blogerlarni, ayniqsa, hukumatga sodiq va siyosiy masalalardan uzoq turgan blogerlarni Rossiyada ishlab chiqilgan mahalliy platformalarga (masalan, VK) o‘tishga majbur qilmoqchi. Ushbu harakatning maqsadi — Rossiya interneti va axborot makonini ko‘proq nazorat qilish va mustaqil xorijiy platformalarga qaramlikni kamaytirishdir.
Shuningdek, “Roskomsvoboda”ning xabar berishicha, Moskva tuman sudi Telegramni “VChK-OGPU” telegram-kanalini o‘chirib tashlashdan bosh tortgani uchun 4 million rubl miqdorida jarimaga tortdi. Ushbu kanal muntazam ravishda kuch ishlatish tuzilmalari va amaldorlar haqida kompromat materiallarni chop etadi. “Roskomnadzor” ilgari ham Telegramdan “istalmagan tashkilotlar” bilan bog‘liq yoki idora fikriga ko‘ra “noto‘g‘ri ma’lumotlar” tarqatuvchi kanallarni o‘chirishni bir necha bor talab qilgan.
Avvalroq Rossiyada Instagram va Facebook bloklangan edi. 2024 yil Rossiya internet sohasida ko‘plab salbiy voqealarga boy bo‘ldi. Ekspertlar bu haqidagi taassurotlari bilan “Amerika Ovozi”ning Rus xizmati bilan bo‘lishdi.
“Kremlning internet sohasidagi ambitsiyalari uzoq vaqtdan beri ma’lum – Rossiya internet segmentini global tarmoqdan izolyatsiya qilishni, ya’ni uni xalqaro internetdan ajratishni va o‘zining to‘liq nazorati ostiga olishni istaydi”, - deydi Yevrosiyo Raqamli jamg‘armasi bosh maslahatchisi Sarkis Darbenyan.
Uning fikriga ko‘ra, 2024-yilda ushbu reja bosqichma-bosqich amalga oshirilgan.
“Shuning uchun hukumat bilan hamkorlik qilishni istamagan xizmatlar o‘chirib qo‘yildi yoki ularning ishlashi sekinlashtirildi, — deb aniqlik kiritdi u “Amerika Ovozi”ning Rus xizmati bilan suhbatda. – Menimcha, Rossiya internetni boshqarishda Eron va Turkmaniston misolida ko‘rilgan modelga o‘tishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Ushbu modelda “oq ro‘yxatlar” kontsepsiyasi qo‘llaniladi. Unga ko’ra, internetdan faqat hukumatning mahalliy regulyatori (Rossiyada – Roskomnadzor) tomonidan tasdiqlangan manzillar va tizimlar orqali foydalanish mumkin, qolgan barcha manzillar va protokollar bloklanadi.
Bu model Eron va Turkmanistonda allaqachon amal qilmoqda va Darbenyanning fikricha, Rossiya ham 2025-yildan boshlab shu yo‘lga o‘tishi ehtimolga yaqin. Bu Rossiya internet segmentini xalqaro internetdan yanada mustahkam ajratish va mahalliy nazoratni kuchaytirish demakdir.
Ushbu jarayonga tayyorgarlik tugallandi, deya ta’kidladi Sarkis Darbenyan:
"Ikki hafta oldin Kavkazda navbatdagi mashg‘ulotlar yakunlandi, ular davomida messenjerlar va ijtimoiy tarmoqlar o‘chirildi. Endi tajribaviy rejim doirasida ushbu tajribani butun mamlakat bo‘ylab kengaytirish kutilmoqda. Bunday boshqaruv sharoitida, albatta, VPN ham avvalgidek ishlamaydi. Shuning uchun 2024-yil senzura jihatidan eng yomon yil bo‘ldi. Mustaqil ommaviy axborot vositalari va VPNlar yanada ko‘proq bloklandi. Roskomnadzor protokollar va alohida mashhur VPN xizmatlarni bloklashni o‘rgandi hamda (korporatsiya) Apple bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Bu yilning asosiy tendensiyalaridan biri – Amerika texnologiya giganti va Rossiya senzori o‘rtasidagi hamkorlikdir. Rossiya ilovalar do‘konidan bir necha yuz VPN ilovalari olib tashlandi. Shu sababli blokirovkalarni chetlab o‘tish tobora qiyinlashmoqda. Roskomnadzor VPN bilan kurash uchun byudjetdan bir milliard rubl oldi va mablag‘larni yetarlicha samarali o‘zlashtirmoqda. Shu sababli kelgusi yilda axborotga kirish bilan bog‘liq vaziyat yanada yomonlashishi mumkin. Bu borada ijobiy ssenariylar yo‘q”.
Ekspertning fikriga ko’ra, Rossiyada bo‘lib, o‘z raqamli odatlarini o‘zgartirishni istamaydiganlar hozirdanoq mavjud bo‘lgan VPN-ilovalarni o‘rnatish haqida o‘ylashi lozim.
“Bizning vpnlove.org degan marketpleysimiz bor. U yerda maxsus tekshirilgan VPN-xizmatlar ro‘yxati mavjud. Ular nafaqat Roskomnadzor tizimini aldash uchun maxsus protokollarga ega, balki ko‘pchilik uchun qulay bo‘lgan Rossiya kartalaridan to‘lovlarni ham qabul qiladi”, - dedi ekspert.
“Shuning uchun barcha mavjud xizmatlar hozircha rossiyaliklar uchun ishlaydigan va foydalanish mumkin bo‘lgan yechimlar bo‘lib qolmoqda”, - deya xulosa qildi Sarkis Darbenyan.
“2024-yilda Kreml strategiyasi deyarli o‘zgarmadi”, — dedi Internetni himoya qilish jamiyati ijrochi direktori Mixail Klimarev “Amerika Ovozi”ga bergan izohida. Uning fikriga ko‘ra, bu kontekstda faqat blokirovkalar kuchayishi va senzura yanada qat’iylashgani kuzatilmoqda.
“Ularning strategiyasi internetni nazorat qilishda qattiq va tezkor choralar ko‘rish o‘rniga, uzoq muddatli va asta-sekin amalga oshirishdir, - dedi u. – Bu YouTubeni sekinlashtirishda ham ko’rinadi. Ya’ni, ular hamma narsani bir yo‘la qilmaslikka, balki “oz-ozdan o’ziga o’rgatish” taktikasiga o‘tishga qaror qildi va asta-sekin harakat qilib, bir vaqtning o‘zida bir qancha ishni amalga oshirmoqda”.
“Ularning sa’y-harakatlari tufayli YouTube endi deyarli ishlamayapti, aslida esa uni allaqachon bloklab qo‘yishdi. Iyul oyiga nisbatan hozirgi vaqtda trafik 20 foizdan kamroq qoldi. O‘ylaymanki, kelgusi yilda messenjerlar ham bloklanadi, WhatsApp ha, shu jarayonga juda yaqin. Ehtimol, Telegram ham shunday taqdirga duch keladi. Shuningdek, VPN bilan kurash davom etmoqda”, - dedi Mixail Klimarev.
Bularning barchasi 2025-yilda Rossiya internetni boshqarishda Eron va Turkmaniston modeliga o‘tishini ko’rsatmoqda, deya ta’kidladi ekspert.
“Rossiya hukumati internet ustidan nazoratni kuchaytirishda Xitoydan ham o‘zib ketgan. VPN xizmatlariga qarshi kurash muhim yo‘nalishga aylangan, chunki ko‘plab foydalanuvchilar va erkin ommaviy axborot vositalari mavjud cheklovlarga moslashib, ulardan VPN orqali chetlab o‘tishni o‘rganishgan. Bu OAV uchun ham foydali: Birinchidan, ular VPN sotish orqali daromad olishadi, bu esa ularning jamoasini qo‘llab-quvvatlashga imkon beradi. Ikkinchidan, foydalanuvchilar bilan aloqada bo’ladi. Bu har ikkala tomon uchun ham (OAV va foydalanuvchilar) foydali jarayon”, - deydi u.
“Shuning uchun Roskomnadzor bu faoliyatni to‘xtatishga intilmoqda. Roskomnadzor tomonidan yaqinda e’lon qilingan hujjatga ko‘ra, aloqa operatorlariga foydalanuvchilar haqida ma’lumotlarni taqdim etish majburiyati yuklanmoqda. Shuningdek, ular VPN xizmatlarini bloklash uchun statistik ma’lumotlardan foydalanishni rejalashtirmoqda”, - qo’shimcha qildi Mixail Klimarev.
“Shunga qaramay, agar hukumat mamlakatni internetdan butunlay uzib qo‘yishga qaror qilsa ham, biz baribir bloklarni chetlab o‘tish yo‘llarini topamiz, hech qanday "temir devor" ularga yordam bermaydi, buni amalga oshirish uchun juda ko‘p g‘oyalar bor”, - deya so’zini tugatadi Mixail Klimarev.