Breaking News

Mablag' kamayarkan, BMT kichrayadi


BMT qarorgohi, Nyu-York, 24-sentabr, 2024
BMT qarorgohi, Nyu-York, 24-sentabr, 2024

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish tashkilot faoliyatini qayta ko'rib chiqmoqda, chunki mablag' ozaygan, qisqartirishlar qilish zarur.

"Resurslar kamayib bormoqda, har bir soha uchun. Anchadan beri shunday. O'zgarishlar qilishga majburmiz", - deydi Guterrish, Nyu-Yorkda "Amerika Ovozi" va boshqa media vakillari bilan gaplasharkan.

80 yoshga kirayotgan BMT sistematik islohotlarni tezlashtirib, o'zini samarador va kamxarf organga aylantirishni maqsad qilgan.

Tashkilotni 2017-yildan beri boshqarayotgan Guterrish uning tashabbuslari bilan qancha mablag' ayab qolinishi, qancha xodim ishdan ketishi, qay dasturlar qisqarishi yoki yo'q qilinishi borasida aniq aytmaydi.

Biroq Bosh kotib o'z vakolatlari doirasida takliflar bilan chiqqan va uni 195 a'zo davlat quvvatlashi kerak bo'ladi.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Bangladeshda qochqinlar lagerida
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Bangladeshda qochqinlar lagerida

Guterrish agentlikma-agentlik faoliyatni elakdan o'tkazish uchun 14 kishilik ishchi guruh tuzgan. Bosh kotib deydiki, bu guruh aslo Ilon Maskning Hukumat samaradorligini oshirish bo'limi kabi ishlamaydi. Mask Prezident Donald Tramp rahnamoligida AQSh federal tizimini kichraytirishga bel bog'lagan. Uning odamlari hukumatning qator qismlarini, Mask so'zi bilan aytganda, allaqachon "chopgan" yoki "arralay boshlagan".

Bosh kotibning aytishicha, BMTdagi maxsus hay'at umuman boshqacha uslubda harakat qilib, islohotlarni jadallashtiradi.

Tramp Oq uyga qaytganidan beri AQSh BMTga mablag' oqimini ozaytirgan chunki tashqi yordamni muzlatgan. Amerika Jahon sog'liqni saqlash tashkilotidan chiqmoqda. Vashington bu agentlikning eng yirik donoridir.

Guterrish deydiki, a'zo davlatlar badalni har doim ham vaqtida va to'liq to'lamaydi. Buning oqibatida hatto eng zarur yordam insonlarga vaqtida yetib bormaydi.

“BMT uchun byudjet hayot-mamot masalasidir, chunki millionlab odamlar har kuni bizning madadimizga muhtoj", - deydi Bosh kotib.

Nyu-Yorkda asoslangan BMT Bosh kotibiyatining o'zida qariyb 9000 xodim bor. Ularning ham soni kamayishi kutilmoqda
Nyu-Yorkda asoslangan BMT Bosh kotibiyatining o'zida qariyb 9000 xodim bor. Ularning ham soni kamayishi kutilmoqda

Bosh kotibiyatining o'zida 9000 ga yaqin odam ishlaydi. Fondlar, agentlik va dasturlarnig har birida minglab xodimlar bor. BMT umumiy byudjeti 2024-2025 yil uchun qariyb 6 milliard dollar.

Bundan tashqari har bir agentlik, jamg'arma va programmaning alohida homiylari ham bor. Davlatlar o'zlari xohlab, ular uchun pul ajratadi.

Guterrish tasdiqlashicha, yaqin o'tmishda minglab xodimlar ishdan olingan, asosan Vashington mablag'ni ozaytirgani sabab.

Ishchi guruh ortiqcha dasturlarni bekor qilib, BMT agentliklarini uyg'unlashtirishi, ular bir-birining ishini takrorlamasligini ta'minlashi, idoralarni qimmat shaharlardan, jumladan Nyu-York, Jeneva va Parijdan rivojlanayotgan mamlakatlarning arzonroq poytaxtlariga ko'chirishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG