Millionlab iroqliklar shu yilning boshida saylovlarda qatnashganlaridan so’ng, Iroq va AQSh rahbarlari, Yaqin Sharqdagi bu mamlakatda odamlar yana boshlarini baland ko’tarish imkoniyatiga ega bo’ldilar, deb aytmoqdalar.
Mamlakatning ayrim joylarida qonli to’qnashuvlar bo’lib turishiga qaramay, muvaqqat hukumat doimiy hukumat tuzilishi bilan odamlarning koalitsion kuchlarga hamda Iroq xavfsizlik kuchlari va fuqarolarga qarshi isyonchi hujumlarga hayrihohligi kamayadi, deb umid qilmoqda.
15 avgustgacha muvaqqat parlament yangi konstitutsiya loyihasini ishlab chiqadi. 15 oktyabrda mamlakat bo’ylab milliy referendum o’tkaziladi.
Dekabr oyida esa doimiy hukumatga saylovlar bo’lib o’tadi. Saylanganlar o’z ish joylarini yil oxirigacha egallaydilar. Prezident Bush Iroqdagi siyosiy jarayonlardan ko’ngli to’lganligini aytdi:
"Yaqinda b’lib o’tgan saylovlar Iroq tarixida shu paytgacha bo’lmagan munozaralar o’tkazish va o’zaro kelishish jarayonini boshlab yubordi. Iroq rahbariyati o’tish davridan keyingi mashaqqatli bosqichni nazorat qiladigan va mamlakat konstitutsiyasini ishlab chiqadigan yangi hukumat tuzadi. Bu jarayon chetdan hech qanday aralshuvsiz o’tmog’i kerak. Iroq demokratik tizimini iroqliklarning o’zi hal qilishi lozim."
Iroqning ba’zi joylarida portlashlar deyarli odatiy hol bo’lib qolgan bir paytda, AQSh harbiylarining bildirishicha, koalitsiya kuchlari isyonchilarga qarshi muvaffaqiyatga erishmoqda. Kuniga 50-60 ta hujum uyushtirilayotgan bo’lsa-da, AQSh mudofaa vazirligi nazarida, bu 30 yanvar - Iroqda saylov kunidagi deyarli 300 ga yaqin hujumdan ancha past ko’rsatkichdir.
AQSh harbiylari shuningdek, isyonchilarning qaqshatqich hujumlar uyushtirish qobiliyatiga ega bo’lishlariga qaramay, so’nggi bir yil ichida ularning ko’plab rahbarlari o’ldirilgani yoki qo’lga olinganini alohida ta’kidlab o’tishadi.
"Biz rejadan ancha oldindamiz, hozir,"-deydi Iroqdagi xalqaro kuchlar qo’mondoni Jorj Keysi. Qo’shinlar muvaffaqiyatga erishgani bilan, uning fikricha, harbiy harakatning o’zigina isyonni bosa olmaydi. "Bu narsani har holda faqatgina harbiy kuch bilan yo’qotish mumkin emas. Isyonchilarni qo’llab-quvvatlayotgan va hujumlarda ishtirok etayotgan fuqarolar, umid qilamizki, siyosiy jarayonlarga berilib, isyonchilardan uzoqlashadilar."
Maykl O'Xanlon Vashingtondagi Brukings ilmiy markazida tashqi siyosat bo'yicha izlanadi. Uning aytishicha, Iroqdagi urushning birinchi yilida isyonchilar katta kuchga ega edilar, biroq hozirda ular ancha kuchsizlashgan.
"Ayniqsa o'tgan yili isyonchilar harakati ancha kuchli edi. Biroq yilning oxiriga kelib, kuchi ham, tahlikasi ham pasaydi,"-deydi mutaxassis. "Keyin esa 2005 yilning boshida saylovlar o'tib, ikkinchi yil ancha ijobiy ruhda yakunlandi. Iqtisodiyot ko'plab qiyinchiliklarga duch kelayotgan bo'lsa-da, ancha yaxshilanmoqda. Iroq xafvsizlik xizmati qo'shinlari ham hali bo'sh, biroq ular kun sari o’syapti. Siyosiy jarayonning normal holatga kelishi uchun hali ko'p vaqt kerak, ammo umidimizni uzganimiz yo'q."
O’Xanlonning so’ziga qaraganda, mazkur yilning qolgan qismida muvaffaqiyatga erishish uchun, Iroq armiyasi askarlari va xavfsizlik kuchlarining tayyorgarligini tezlashtirish darkor. Undan keyin esa koalitsiya qo’shinlarini 2006 yildan boshlab, bosqichma-bosqich Iroqdan olib chiqish kerak.
AQSh mudofaa vazirligining bildirishicha, 140 mingga yaqin Iroq askarlari tayyorgarlikdan o’tgan, biroq shunga qaramay hozircha ular mustaqil jangovar operatsiyalar o’tkazishga to’la-to’kis qodir emaslar.
Isyonlar tufayli, mamlakatni qayta qurish sekinlashgan, biroq AQSh mudofaa vazirligi vakillarining aytishicha, so’nggi paytda Iroqda amalga oshirilayotgan dasturlar soni va ularga sarflanayotgan mablag’ xajmi keskin ko’tarildi.
O’tgan yil iyun oyida Iroqda deyarli bir milliard dollar hajmdagi 200 ga yaqin loyiha amalga oshirilayotgan edi.
Hozirda esa 5 milliard dollarga teng ikki mingga yaqin loyiha mavjud. Entoni Kordesman Vashingtondagi Strategik va xalqaro izlanishlar markazida katta harbiy tahlilchi. U Iroq haqida yaqinda chop etilgan ikki kitobdan birining muallifi hamda Mudofaa vazirligining razvedkani baholash bo’limining sobiq direktori. Kordesmanning fikricha, Iroq xavfsizligi va siyosiy ahvolni barqarorlashtirish uchun ko’p yil kerak:
"Kelasi bir yoki ikki yilda yangi hukumatning unchalik kuchli emasligi ayon bo’ladi. Vazifaning asosiy qismi vaqt o’tib, Iroq harbiy kuchlari nazorati ostiga o’tishi kerak, yoki ular buni eplay olmasliklari mumkin. Agar biz bu murakkab jarayonga ko’p vaqt ketishini anglab, sabr qilmasak va biror mo’jiza yuz berishini kutib o’tiraversak, biz o’zimizning xom xayolimiz bilan yashashga majbur bo’lamiz. "
Kordesman, shuningdek, Iroqdagi ijobiy ko’rinishlardan biri - Iroqdagi siyosiy guruhlarning o’zaro jipsligi va hamkorlikka ishtiyoqi borligini aytadi.
Agar, deydi u, turli etnik guruhlar ana shu yo’lda davom etaversalar, samarali va ishonchga sazovor hukumat yuzaga kelishi mumkin.