Breaking News

Laura Bush: Oq Uy hangomalaridan bir shingil


AQSh prezidenti va Oq Uy muxbirlari o’rtasida o’tadigan yillik ziyofatning bu yilgisida kutilmagan bir voqea yuz berdi. Nutq paytida Bushni to’satdan uning rafiqasi to’xtatib, uni joyiga o'tkazib qoydi.

-Bu ziyofatlarda bir necha yillardan beri mehmon bo’lsamda, doim chetda jimgina o’tiraman. Bu safar biroz gapirishga azm etdim.

Qarabsizki, Oq uy bekasi ketma-ket xandayu-hajviyalar aytib, mehmonlarni kuldira boshladi. Hammasi prezident Bush haqida.

-Jorj doim matbuotchilarning ziyofatiga kelishni yoqtiraman, deydi. Bo’lmagan gap. Odatda bu paytda u uxlab yotgan bo’ladi. Men unga “Jorj, agar dunyodagi yovuzlikka chek qo’ymoqchi bo’lsang, sal kechroq yotishga to’g’ri keladi,”- deyman.

Laura Bush erining Texasdagi qishloq hayotiga qanday o’rganganini ham kulgi qildi.

- Lekin Jorj bilan faxrlanaman. U chorvachilikni ancha o’rganib oldi. Texasga yangi kelganida ot sog’moqchi bo’lgan. U ham mayliku-ya, erkak otni-ya.

Laura Bushning hazillaridan nafaqat ziyofatga kelgan siyosatchilar va jurnalistlar balki prezidentning o’zi ham rosa kuldi. Tarixchi Allan Liktmanning fikricha, Bush xonimning bu chiqishi prezidentni oddiy inson ekanini ko’rsatadi.

- Amerikada monarxiya yoki aristokratiya degan narsa yo’q. Demak, prezident va uning rafiqasi biz uchun eng yuqori martabali odamlardir. Lekin biz ularga shohona munosabatda emasmiz. Ularga ehtirom aylaymiz, ammo ularning kamtarin bo’lishini istaymiz. Laura Bush shuni namoyon qildi.

"Jorj ranchoda har qanday masalani arralab tashlaydi. Ba'zida o'ylanaman, balki shu sabab u, Cheyni va Ramsfeldning tili birdir..,"-dedi Bush xonim, xanda qilarkan.

Oq uy bekasining minbarda askiya aytishi va Bush rahbariyatidagi kuchli ayollar haqida aytiladigan hazil gaplar bugungi Amerika ayoli kim ekanini ko’rsatadi, deydi Liktman.

-Bu dunyoga bizning ayollarimiz zamonaviy, erkin va ochiqso’z ekanini ko’rsatadi. Laura Bush faqat prezidentni emas, balki Davlat kotibi Kondoliza Raysni ham askiya qilayotgan edi.

Laura Bush odatda juda jiddiy inson; xalq ta’limini yaxshilash va ayollar huquqlarini himoya qilish yo’lida kurashuvchi faol. Endilikda esa Bush xonimning ancha hazilkash ekani ham ayon bo’lyapti.

XS
SM
MD
LG