Breaking News

Senator Jon MakKeynning Amerika ovozi radiosiga Andijon voqealari xususida bergan intervyusi


May oyining so'nggida O'zbekistonga AQShning uch nafar nufuzli senatori safar qilgan. Senatorlar Jon Makkeyn, Lindsey Grexem va Jon Sununu. Senatorlarning O'zbekistonga borishlaridan asosiy maqsad - Andijon voqealarining tafsilotlarini hukumatdan va boshqa manbalar orqali o'rganish edi. Biroq O'zbekiston rahbariyati ularni qabul qilmadi. Senator Jon Makkeyn seshanba kuni Amerika Ovozi radiosining O'zbek xizmatiga Andijon voqealariga o'z munosabatini bildirib, intervyu berdi.

Amerika ovozi: Janob Senator, siz yaqinda Senatorlar Grexem va Sununu bilan O'zbekistonda bo'ldingiz, biroq hech bir hukumat vakili bilan uchrasha olmadingiz, shunday emasmi?

Senator John MakKeyn: Biz o'sha safarimiz davomida hukumat vakillari bilan uchrashmoqchi bo'ldik, biroq hech biri uchrashuvga imkoniyat topa olmadi. Buni afsuslar bilan ta'kidlayapman, chunki men bo'lib o'tgan voqealar xususida aynan ularning o'zidan eshitmoqchi edim.

Amerika ovozi: Savol - Sizningcha, nega ular uchrashuvdan bosh tortdilar?

Senator MakKeyn: Bilmayman.

Amerika ovozi: Janob Senator, yaqinda sizning muallifligingizda hamda beshta senator imzosi ostida AQSh Davlat departamenti hamda Mudofaa vazirligiga yo'llagan xatingizda AQSh O'zbekiston bilan aloqalarni qayta ko'rib chiqishi kerak, degansiz. Vazirliklarning xatingizga javobi qanday bo'ldi?

Senator MakKeyn: Davlat departamentidan kelgan javob ijobiy bo'ldi. Yuzlab o'zbekistonliklar qir'gin bo'lgan hodisalar bo'yicha xavotirda ekanliklarini bildirdilar. Mudofaa vazirligi esa xatga bu darajada ahamiyat bermadi. Shuning uchun biz hali Pentagonni prezident Karimov kabi o'z xalqini tahqirlagan mamlakat bilan uzoq-muddatli shartnoma tuzmaslikka ishontirishdan umidvormiz.

Amerika ovozi: Olti senator tomonidan yozilgan xatda, Andijondagi qirg'inda AQSh qurolli kuchlari tomonidan yoki AQShning maxsus yordam dasturlari orqali tayyorgarlikdan o'tgan o'zbek harbiylarining ishtirok etgan-etmaganligini tekshirish kerak, deyilgan edi. Shu haftada Nyu York Tayms gazetasining yozishicha, Andijondagi qonli to'qnashuvlarda aynan o'sha harbiy tuzilmalarning ham ishtirok etganligi haqida xabar beriladi. Bu hol Kongressni Karimov hukumatiga qarshi qattiqroq muomalada bo'lishga chorlashi mumkinmi?

Senator MakKeyn: Aminmanki, amerikalik soliq to'lovchilar soliqlarining mamlakatlarida o'z fuqarolarini o'ldirishga qodir odamlarni tayyorgarligi uchun ishlatilishiga rozi bo'lmaslar. Tez kunlarda bu masalal bo'yicha maxsus tinglovlar, munozalar bo'lib o'tadi. Munozaralar Oq uy ma'muriyati darajasiga ham borib yetadi, deb o'ylayman. Kongress a'zolarining aksariyati Andijonda sodir etilgan voqealar bo'yicha Yevropada Hamkorlik va Xavfsizlik Tashkiloti nazorati ostidagi to'liq va batafsil tergov o'tkazilishining tarafdorlari.

Andijondagi voqealarga nisbatan Kongressdagi kayfiyat salbiy. Mudofaa vazirligi va Davlat departamenti o'rtasidagi tushunmovchilik tez orada hal bo'ladi, chunki AQSh prezidenti va uning milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchisi janob Xedli bu masala bilan o'zlari shug'ullanishadi. Men buni aniq bilaman. Va tez orada bu voqealarga nisbatan AQSh hukumatining fikri yakdillashadi.

Amerika ovozi: Janob Makkeyn, xabaringiz bor, Yevropa Ittifoqi ana shu tergovning o'tkazilishiga rozilik olish uchun O'zbekiston hukumatiga iyun oxirigacha muhlat bergan. Aks holda o'zbek hukumati vakillarining Yevropa Ittifoqiga a'zo mamlakatlarga kirishi amri mahol bo'lib qoladi. Sizningcha, O'zbekiston hukumati vakillari bu talabga va belgilangan muhlatga jiddiy yondashadilarmi?

Senator MakKeyn: Albatta, axir bu holning ramziy tomoni ham bor. O'ylaymanki, O'zbekiston hukumatini unga nisbatan jahon hamjamiyatining fikri qiziqtiradi va O'zbekistonga jahon hamjamiyatida makkor davlat sifatida qaralishini istamaydi. Janob Karimov qanday qaror chiqarishini bilmayman-u…Men u bilan bir necha yil burun uchrashganman…biroq yaqinda chiqarilgan bayonotlar bo'yicha shu narsani xulosa qilish mumkinki, Andijondagi vaziyatning to'liq va batafsil tekshiruvini o'tkazishga AQSh va Yevropada kuchli ehtiyoj bor.

Amerika ovozi: Tasavvur qiling, Yevropa Ittifoqining sanksiyasi ish bermadi. U holda nima bo'ladi? AQSh keskin chora ko'radimi?

Senator MakKeyn: AQSh, albatta, qattiqroq muomalada bo'lishi mumkin. Bu hol Birlashgan Millatlar Tashkilotining diqqat markaziga ham o'tishi mumkin. Bundan tashqari ko'plab boshqa xalqaro tashkilotlar ham tekshiruv o'tkazilishini talab qilibgina qolmay, hattoki voqealarda aybdorlarni jazolashni ham talab qiladilar. Biz prezident Karimov va uning hukumatini xalqaro hamjamiyat talablariga bo'ysunishi uchun hali barcha diplomatik va boshqa choralarni ishlatib ko'rganimizcha yo'q.

Amerika ovozi: Sizningcha, O'zbekistonga samarali bosim o'tkazish uchun Rossiya orqali ish olib borgan ma'qulmi? Axir AQSh O'zbekistondan ko'ra Rossiyaga nisbatan ko'proq bosim vositasiga ega emasmi?

Senator MakKeyn: Men Rossiya hukumatining repressiv siyosati tufayli uni Katta Sakkizlikdan chiqarishga chaqirganman. Biz Rossiyada prezident Putin tomonidan demokratiya ag'darilishining guvohi bo'lyapmiz. Biroq bundan boshqa ko'plab choralarni bor, ularni ham ko'zdan kechirish kerak. Agar shundan keyin ham janob Karimov bo'ysunmasa, u holda men uni demokratiya va erkinlik to'lqiniga qarshi suzyapti, degan bo'lardim. Biz Qirg'izistonda nima bo'lganini ko'rdik. Gruziya, Ukraina va Livan misollarini ham yaxshi bilamiz. Men aminmanki, uzoq muddatda albatta ijobiy natijani ko'ramiz. Qisqa muddatda esa, men O'zbekistonning yana ko'plab gunohsiz odamlarining qirg'inga uchrash ehtimolidan xavotirdaman.

Amerika ovozi: Janob Senator, ayrim mutaxassislar 11 sentyabr voqealaridan so'ng islom ektremizmi ayrim davlatlar hukumatlari uchun o'z siyosiy raqiblariga qarshi va hukumatga muxolifatda bo'lgan siyosiy guruhlarni tazyiq ostiga olishga yaxshi bahona bo'lib qolgan, deyishadi. Sizningcha, O'zbekistonda islom ekstremizmi xavfi bo'rttirilganmi yoki haqiqatdan ham mavjudmi?

Senator MakKeyn: Andijonda sud qilingan 23 kishining, Islom Karimov aytganday, islom ekstremistlari bo'lganliklari noto'g'ri. Ular Karimov va uning yaqinidagi odamlarning yo'lidan o'tganlar. Islomiy esktremistlarning omma ichida nufuzini oshirishning eng yaxshi yo'li Karimov hukumatida odatiy holga aylangan repressiv va aksil-demokratik harakatlarni olib borishdir.

XS
SM
MD
LG