Breaking News

O'zbekistonga borgan uch AQSh senatori prezident Karimov bilan uchrasha olmadi


Nufuzli "New York Times" gazetasining xabar berishicha, O'zbekistonga o'tgan haftada borgan uch AQSh senatori mamlakat prezidenti Islom Karimov bilan uchrasha olmadi. Respublikachi senatorlarning O'zbekistonga borishidan asosiy maqsad - Andijonda bo'lib o'tgan qonli voqealarni yaqindan o'rganish edi.

Toshkentda senatorlar hukumat tomonidan qayd etilmagan to'rt siyosiy guruh vakillari bilan Amerika elchixonasida uchrashdilar. Yakshanba kuni arizonalik senator Jon Makkeyn, janubiy karolinalik senator Lindsey Grexem va nyu gempshirlik senator Jon Sununu Andijonda may oyi o'rtalarida sodir bo'lgan xunrezlikni tergov qilish maqsadida xalqaro komissiya tuzishga chorlab, bayonot chiqardilar.

Ular chiqargan bayonotda Andijondagi voqealarning ayrim boshqa tafsilotlari ham aniqlandi. Masalan, ularning aytishicha, yaralangan odamlar kasalxonalardan g'oyib bo'lganlar, xaloyiqqa o'q otgan qo'shinlar esa namoyish vaqtida "Tez yordam" mashinasiga qarata ham o't ochib, uning ichidagi uch meditsina xizmatchilarini o'ldirgan.

Senatorlarning bayonoti Islom Karimovning tartibsizliklarni qurollangan isyonchilar boshlagan degan gaplarini shubha ostiga qo'ydi.

"Tarixdan shu narsa ma'lumki, inson huquqlarini poy-mol qilinishining davom ettirilishi yaqinda sodir etilgan ana shunday fojeaga sabab bo'laveradi," dedi Toshkentda muxolifat guruhlar vakillari bilan uchrashar ekan senator Makkeyn.

"New York Times" gazetasining izoh qilishicha, prezident Bushning aksil-terror siyosatini qo'llab-quvvatlab kelgan bu uchchala senatorning bu kabi keskin bayonoti va ularning, ayrim AQSh siyosatchilaridan farqli o'laroq, Andijondagi isyonchilarni "terrorchi" yoki "jangari" deb atamagani, AQShda Andijonda bo'lib o'tgan voqealarga nisbatan munosabatning keskin o'zgarganligini yaqqol ko'rsatadi.

O'zbekiston hukumatining hech bir vakili amerikalik senatorlar bilan uchrashmadi.

"Delegatsiyamiz bilan uchrashishdan voz kechishning qarama-qarshi oqibatlari ham bo'lishi mumkin," dedi senator Sununu. "Bu kabi munosabat o'zbek-amerika aloqalariga salbiy ta'sir ko'rsatmay qolmaydi."

Amerikaning nufuzli gazetalaridan yana biri "Christian Science Monitor" ham O'zbekistonning inson huquqlariga, va ayniqsa, turli diniy guruhlar faoliyatiga nisbatan siyosatini qattiq qoraladi.

"Ukrainadan farqli o'laroq, O'zbekistonda yaqin orada haqiqiy erkinlikka erishish haqiqatdan yiroq ko'rinadi," deb yozadi gazeta. "Karimovdan so'ng hukumat vakillaridan biri yoki mahalliy klanlarning rahbari yoki Tolibonlarga o'xshab siyosat yurgizadigan Islomiy ekstremist shaxshning hokimiyatga kelishi mumkin. Biroq Karimov siyosiy muxolifatni ashaddiy kuch bilan qanchalik uzoq tazyiq qilsa, keltirilgan kuchlardan aynan so'nggisining hokimiyatga kelishi haqiqatga yaqinroq bo'lib qoladi.

Assoshieytid Press agentligining xabar berishicha esa, dushanba kuni Toshkentdagi majlisda uchrashuvga Farg'ona Vodiysidan yo'l olayotgan 20 ga yaqin muxolif guruhlar faollari hibsga olindi.

XS
SM
MD
LG