Breaking News

Qirg'izistonda prezident saylovlari o'tmoqda


Saylovlar arafisida Qirg’iziston poytaxti Bishkekda xalq o’zining har kungi yumushlari bilan band. 9 iyul kuni asosiy iste’mol mollariga talab oshgani haqida xabarlar bor.

Qirg’izistonning mahalliy axborot vositalarining ogoh qilishicha, Mart oyida Bishkek ko’chalarida bo’lib ot’gan talon-toroj va bosqinchilik yana takrorlanishidan xavotirda bo’lgan ba’zilar, oziq-ovqat do’konlariga xuruj uyushtirishi mumkin. O’shanda uch kun davom etgan tartibsizliklar Qirg’izistonlik tadbirkorlarga 100 million dollar miqdorida zarar keltirgan edi.

Endilikda Bishkek tadbirkorlari, saylovlar davomida faoliyat ko’rsatuvchi o’z-o’zini himoya qiluvchi qurollangan guruhlar tuzishgan. Qirg’iziston prezidenti saroyi atrofida harbiylar nazorati o’rnatilgan.

Amerika Ovozi bilan suhbatlashgan ko’pchilik fuqarolar saylovda qatnashishga tayyor ekanliklarini va tartibsizliklar takrorlanishiga asos yo’qligini aytishdi.

Mamlkatning yangi hukumati Askar Akayevning usulida ish yuritsa yaxshi bo’lardi, deydi 55-yoshli bir saylovchi.

- Akayevning davlatni boshqarish usuli menga yoqardi. Tinch hayot kechirar edik. Hammasi avvalgidek bo'lsa yaxshi bo'lardi, deydi saylovchi.

21 yoshli Ashart ismli talaba, yangi hukumatdan umidi katta ekanligini aytadi.

- Yangi hukumat bizga yaxshilik olib keladi o'ylayman. Nima bo'lishini bilmaymizu, ammo hammasi yaxshi bo'ladi deb umid qilamiz.

Saylovlar davomida Qirg’iziston bo’ylab mingga yaqin kuzatuvchilar faoliyat ko’rsatishadi.

Ba’zilar, mamlakat dalalarida ish qizigan bir paytda, fuqarolar ovoz berishga chiqishmaydi deb xavotir bildirishsa, boshqalar “saylov natijalari oldindan aniq” degan fikrlarni bildirishmoqda.

Ko’pchilik vaqtinchalik prezidentlik kursisida o’tirgan Kurmanbek Bakiyevni quvvatlaydi.

XS
SM
MD
LG