Breaking News

Amerikada quvvatbaxsh mahsulotlarga talab oshmoqda


Amerikada qaysi o’ziq-ovqat do’koniga kirmang, hammasida insonga kuch bag’ichlovchi yuzlab mahsulotlar taklif qilinadi.

- Birinchidan, ulardan foydalanish tez va oson. Ikkinchidan, mazali. Uchinchidan, foydali, deydi xaridorlardan biri.

O’tgan yili quvvatbahsh ichimliklar savdosi 55 foizga oshdi. Shuning uchun bo’lsa kerak, shirinlik va qand sotuvchi bizneslar ham bu sohaga kirmoqchi. Jeli Beli Kendi kompaniyasining vitse-prezidenti Pit Hili shunday deydi:

- Yangi mahsulotimiz – C va E vitaminlari va elektrolitlar bilan boyitilgan sport va yelimshak no’xatchalaridir.

Elektrolitlar ko’pgina sport mahsulotlarining asosiy tarkibiy qismidir. Jeli Beli kompaniyasiga ko’ra, yangi mahsulot kishini tezda kuchga to’ldirishga qaratilgan.

Best Sweet kompaniyasi yuk mashinalari haydovchilari va talabalar uchun quvvat bag’ishlovchi saqichlar chiqaradi. Richard Taker, kompaniya prezidenti.

- Baliqni baliq bor joyda ovlash kerak. Bozorda ham shunday: odam ko’p, savdo qizigan joyda bo’lishimiz lozim, deydi janob Taker.

Qandlarning oltitasi - quvvat bag’ishlovchi ikki ichimlikning kuchiga teng. Yangi mahsulot tarkibida odamgiyoh, kafein va boshqa stimulyantlardan tashqari, vitaminlar ham bor. Tonya Beker Versho shirinliklar biznesida ishlaydi. Uning fikricha:

- Shirinliklar amerikaliklarning joni-dili. Ularning mazali bo’lishi bilan birga, biror vitamin yoki boshqa foydasi bo’lsa, yeganda o’zingizni gunohkor his etmaysiz.

Ammo bozorda kuch beruvchi shirinlikka talab bormi?

- Rostini aytsam, bir bo’lak qandni iste’mol qilib, sog’liq uchun foyda ko’rishga ishonish qiyin, deydi yana bir xaridor.

Doktorlar bu fikrga qo’shiladi. Quvvat beruvchi saqichlarning kattarlarga zarari yo’q, ammo ularni bolalarga berish tavsiya qilinmaydi. Minnesota universitetidan doctor Bill Roberts shunday deydi:

- Bu mahsulotni bolalarga tavsiya etmayman. Ular tarkibidagi odamgiyoh va kafein moddalarini ham bolalar iste’mol qilmasligi kerak. Umuman, o’smirlar shirinlikdan emas, ovqatdan ozuqa olishi lozim.

XS
SM
MD
LG