Doriga chidamli viruslarning hayvondan insonga yuqishini oldini olish uchun Qo’shma Shtatlar chora-tadbirlarni kuchaytirmoqda. Oziq-ovqat va farmasevtika idorasining (FDA) yangi qaroriga ko’ra, fermerlar uch yil ichida hayvonlarni antibiotiklar bilan oziqlantirishni butunlay to’xtatishi kerak.
Bundan buyon fermerlar antibiotik dorilarni faqat davolash va profilaktika maqsadidagina ishlatishlari mumkin. Ularni yem sifatida hayvonlarga berish yaqin orada noqonuniy faoliyatga aylanadi.
O’sishni tezlatish uchun hayvonlarni oz miqdorda antibiotik bilan oziqlantirish dunyo bo’ylab keng tarqalgan amaliyot. Buning natijasida doriga chidamli bakteriyalar ko’paygan. Ularning insonga yuqishini oldini olish uchun AQSh hukumati shunday qarorga keldi.
Aytish joiz, vrach ko’rsatmasi bilan beriladigan dorilar suiiste’moli - Amerikada keng tarqalgan muammo. Asab va kayfiyatga ta’sir qiluvchi vositalarga mukkasidan ketganlar juda ko’p, ayniqsa yoshlar orasida.
“Lekin biz bilamizki, tibbiyotda ahamiyatli bo’lgan bunday dorilarni oziq-ovqat yetishtirish maqsadida ishlatish ham ularning kuchini kesadi, yangicha bakteriyalar paydo bo’ladi”, - deydi Maykl Teylor, oziq-ovqat va farmasevtika agentligining rahbar o’rinbosari.
Yangi qoidaga ko’ra, hayvonlar uchun antibiotiklar bundan buyon faqat veterinar nazoratida bo’ladi.
Ko’rsatmani ishlab chiqishda ko’maklashgan Ron Filipsning aytishicha, hayvonlar tibbiyotida antibiotik dorilar bora-bora faqat davolash yo’lidagina ishlatiladigan bo’ladi. Bu inson salomatligi uchun ham muhim, deydi u.
Minnesota Universitetida yuqumli kasalliklar bo’yicha mutaxassis Jeyms Jonson hukumat qarorini uzoq kutilgan ijobiy yangilik deya olqishlaydi.
“Oziq-ovqat sifati uchun mas’ul agentlik nihoyat faol harakat qilyapti. Aslida bu masalaning ko’tarilganiga ko’p yillar bo’ldi. Lekin kech bo’lsa ham olg’a siljiyapmiz, shuning o’zi katta gap”, - deydi olim.
Antibiotiklarni davolashdan boshqa maqsadlarda qo’llashni taqiqlash haqida birinchi bor 1977-yilda taklif tushgan edi. Uning to’liq ijrosi oradan 35 yil o’tib endi amalga oshmoqda.
Yangi taqiq 3 yildan so’ng to’liq kuchga kiradi. Ungacha fermerlar uchun tavsiya vazifasini o’taydi.
Inson salomatligi va sanoatlashgan fermerlik bo’yicha tashkilot faoli Lora Rojers fikricha, yangi qaror ko’p narsani o’zgartirmaydi.
“Nuqsoni nimada deb so’rasangiz, davolash maqsadida antibiotiklardan foydalanishga keng erkinlik berilganida. Taqiq effektiv bo’lishi uchun qarorning ana shu bandi aniqroq ifodalanishi lozim”, - deydi u.
Rivojlanayotgan davlatlar fermalarida ham kuchli dorilardan keng foydalaniladi. Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti xodimi Danilo Lo Fu Vong deydiki:
“Rivojlangan davlatlar qilgan xatoni ular ham takrorlayapti. Vaholanki, bosib o’tilgan yo’ldan yurmasdan, to’g’ridan-to’g’ri yangi qoidalarni, yechimlarni tatbiq etishlari mumkin edi”.
Mutaxassis fikricha, AQSh qarori boshqalar uchun o’rnak bo’lishi kerak. Rivojlanayotgan mamlakatlarda o’z mahsulotlarini AQShga sota olishi uchun antibiotikdan foydalanishni cheklash majburiy deb belgilansa ham ajabmas.