Breaking News

Yevropa Ittifoqi sanksiyalarining O'zbekistonga ta'siri haqida


Yevropa Ittifoqining O'zbekistonga nisbatan sanksiyalar qabul qilganiga bir haftadan sal oshiq vaqt o'tdi. Bir yil davom etadigan sanksiyalarga ko'ra, Ittifoqqa a'zo 25 davlat O'zbekiston bilan harbiy sohada savdo-sotiq qila olmaydi. Bundan tashqari Yevropa Ittifoqining O'zbekiston bilan ba'zi dasturlari to'xtatiladi hamda Andijon otishmalariga bevosita rahbarlik qilgan yoki qirg'inda qatnashgan hukumat vakillari va fuqarolarning Ittifoqqa a'zo 25 Yevropa davlatiga kirishi ma'n qilinadi.

Ba'zilar nazarida, sanksiyalar, shunchaki, ho'ja-ko'rsinga qo'llanilgan, chunki Yevropa Ittifoqining qaror chiqaruvchi organi, Yevropa Kengashi, ham Yevropa Parlamentidagi deputatlar, ham xalqaro tashkilotlar tomonidan bosimga uchrab kelgan edi va sanksiyalar ularni tinchlantirish uchun qo'llanilgan xolos. Amalda esa sanksiyalarning ba'zi sabablarga ko'ra, tishi o'tmasroq bo'lishi mumkin.

Birinchidan, O'zbekiston Yevropa Ittifoqi bilan harbiy sohada keng ko'lamda hamkorlik qilmaydi. O'zbekistonning bu sohadagi asosiy hamkorlari - Rossiya va Xitoydir. Shunga qaramasdan, Yevropa Kengashi rasmiy vakilining aytishicha, sanksiyalar bo'yicha O'zbekistonga berilishi ma'n qilingan qator harbiy texnika va qurol-yarog'larning ro'yxati tasdiqlangan. Ikkinchidan, mustaqil tergov o'tkazmasdan turib, deydi ba'zi ekspertlar, Andijon voqealaridagi qon to'kishlarga hukumatning aynan qaysi vakillari aloqador ekanini aniqlash mushkuldir. Yevropa Kengashining tashqi aloqalar va havfsizlik bo'yicha Bosh komissari hamda NATO ning sobiq Bosh kotibi Xavyer Solananing matbuot kotibi, Kristina Gallak, biz bilan suhbatda, ro'yxatni tuzish hali yakunlanmaganini aytdi va nimaga asoslanib tuzilishini tushuntirib berdi.

Kristina Gallak: "Biz ro'yxatni tuzishda Yevropa Ittifoqiga a'zo mamlakatlarning O'zbekistondagi elchixonalari, nodavlat tashkilotlar va O'zbekiston hukumatidagi ba'zi kishilar bergan ma'lumotlarga tayanyapmiz. To'g'ri, mustaqil tergov natijasida tuzilishi mumkin bo’lgan ro'yxat darajasida bo’lmasada, o'ylashimcha, biz tez orada kattagina ro'yxat tuzib, uni Ittifoqimizga a'zo mamlakatlar konsullik xizmatlariga tarqatamiz va nomlari ro'yxatda ko'rsatilgan odamlar Yevropaga kira olmaydilar."

Kristina Gallakning o'zi ham sanksiyalarning O'zbekiston hukumati va rahbariga ta'siri katta bo'lmasligini tan oldi, buning sababi, deydi u, Yevropa Ittifoqi bilan O'zbekiston o'rtasidagi aloqalarning chuqur emasligidir. Biroq deydi u...

Kristina Gallak: "Bizning choramiz O'zbekiston prezidenti va hukumatiga bu yo'ldan ketish mumkin emas, degan aniq bir gapni yetkazishga harakat qiladi. Yevropa Ittifoqi Sudan, Zimbabve, Birma kabi mamlakatlarga qarshi choralar qo'llagan. Nahotki, O'zbekiston prezidenti va hukumati ham ana shu kategoriyaga tushishni istashsa? Ishlari xalqaro sudda ko'rilishi kerak bo'lgan ba'zi davlatlar vakillariga nisbatan viza cheklovlarimiz bor. Nahotki, O'zbekiston prezidenti va hukumati ham ana shu qatorga tushishni istashsa?"

Gallak xonimning aytishicha, O'zbekistonga nisbatan sanksiyalar hech bir a'zo davlatning qarshiligisiz qabul qilingan. Shuning uchun, deydi u, O'zbekiston hukumatining 25 davlat qo'ygan talabni rad etishi bama’ni qaror emasdir. Bundan tashqari Yevropa Ittifoqi hozirda Qo'shma Shtatlarni ham shunga o'xshash qaror chiqarishga undamoqda, deydi Yevropa Kengashining tashqi aloqalar va havfsizlik bo'yicha Bosh komissarining matbuot kotibi Kristina Gallak.

AQShda eng nufuzli siyosiy tahliliy markazlardan hisoblangan RAND Korporatsiyasining xavfsizlik masalalari bo’yicha bosh tahlilchisi Olga Olikerning fikricha, AQSh hali-beri sanksiyalar kiritishga shoshmasligi mumkin, chunki Qo’shma Shtatlar O’zbekiston bilan hamkorlikni davom ettirmoqchi.

Moskvalik tarix fanlari doktori, siyosatshunos Artyom Ulunyaning fikricha, tashqi siyosatining asosiy qismi Markaziy Osiyo emas, balki AQSh va Yevropa Ittifoqi bilan kechayotgan Rossiyaga ular tomonidan yetarlicha bosim o’tkazilsa, vaqti kelib Rossiya rahbariyati bu masala bo’yicha, O’zbekiston tuzumini qo’llab-quvvatlashdan voz kechishi mumkin.

Rossiyalik siyosatshunosning taxmin qilishicha, AQSh va Yevropa Ittifoqining Rossiya va O’zbekistonga bosimining kuchayishi O’zbekistondagi tuzumning o’zgarishiga olib kelishi mumkin.

Vashingtonlik tahlilchi Olga Olikerning fikricha, Andijon voqealari O’zbekiston xavfsizlik kuchlarining u yerda bo’lib o’tgan namoyishga o’xshagan vaziyatga to’g’ri munosabat bildirishga tayyor emasliklarini ko’rsatdi. Shuning uchun, deydi u, prezident Karimov Andijonda nima sodir bo’lganligini hali to’liq anglamagan bo’lishi mumkin va AQSh bilan O’zbekiston o’rtasidagi aloqalar butunlay yomonlashmasdan oldin, O’zbekistondagi Karimovga ta’siri bor ba’zilar unga vaziyatni yaxshiroq tushuntirib berishlari kerak.

XS
SM
MD
LG