Breaking News

Chet-eldagi o'zbeklarning M. Zokirova ko'rsatmalariga munosabati


14 oktyabr kuni 33 yoshli andijonlik uy bekasi Mahbubaxon Zokirovaning Toshkentda Andijon voqealariga aloqadorlikda ayblanayotgan ilk 15 kishining sudida ko'rsatmalar bergan edi. Unga ko'ra, 13 may kuni Andijonda namoyishchilar terrorchi deb gumon qilinayotgan shaxslar tomonidan emas, balki hukumat qo'shinlari tomonidan o'qqa tutilgan. Uning ko'rsatmalari chet-eldagi o'zbeklar orasida ham shov-shuvlarga sabab bo'ldi.

O'sha kuni voqea markaziga tushib qolgan Mahbubaxon Zokirovaning aytishicha, askarlar namoyishchilarning oq bayroq ko'targaniga qaramay, ularga o'q uzganlar. Uch haftadan beri o'tayotgan sud jarayonida bu guvohlar tomonidan voqeaning boshqa tarafini aks ettirgan ilk bayonot edi. Biz bilan suhbatda bo'lgan chet-eldagi o'zbeklarning aksariyati Mahbubaxon Zokirovaning guvohligini mardlik deb baholashdi. Chunki sudda ayblanuvchilarning o'zlari ham inson huquqlarini himoya qiluvchi xalqaro va mahalliy tashkilotlarining hisobotlarida hamda G'arb matbuotida Andijon otishmalari bo'yicha aks ettirilgan voqea tafsilotlarini o'z ko'rsatmalarida qo'llab-quvvatlamadilar. Ularning bir qismi voqealarda Amerika elchixonasi, G'arb matbuoti va tashkilotlarini ayblagan bo'lsa, boshqalari o'sha paytda ularning orasida bo'lgan qurolli shaxslarni Bobur maydoniga to'plangan namoyishchilarga o'q uzganlikda aybladilar. Ilk 15 ayblanuvchining hammasi sud jarayoni boshida ularga qo'yilgan ayblovlarni tan olgan edilar.

Mahbubaxon Zokirovaning guvohligini ba'zilar mardlik deb atagan bo'lsa, boshqalar unga shubha bilan qaradilar. Buyuk Britaniyada yashaydigan Abdulloh ismli yigitning aytishicha, Zokirova ko'pchilik qila olmagan ishni qilgan va undan ko'pchilik o'rnak olsa arziydi.

O'shlik siyosatshunos G'anijon Xolmatovning aytishicha esa, Zokirovaning boshqalardan farq qiladigan ko'rsatma berishi sud rasmiylarini qattiq ajablantirmagan bo'lishi ham mumkin. Bu bilan O'zbekiston hukumati sudga demokratik ko'rinish bermoqchi bo'lgan.

Qirg'izistonning Jalolobod viloyatida faoliyat yuritayotgan inson huquqlari himoyachisi, so'nggi paytlarda o'zbekistonlik qochqinlar masalasi bilan shug'ullangan Azimjon Asqarov nazarida, Mahbubaxon Zokirovaning ko'rsatmasi ataylab sud rasmiylari tomonidan uyushtirilgan bo'lsada, u voqealar bo'yicha yolg'on gapirmagan.

Asli andijonlik va hozirda Angliyada tahsil olayotgan, o'zini Gulisro deb tanishtirgan qiz ham Zokirovaning guvohligini tahsinga loyiq deb topdi. Yaqinda Andijonda bo'lib u yerdagi voqealar tafsilotini qo'ni-qo'shni va yaqinlaridan bilgan Gulisroning taxmin qilishicha, 15 nafar ayblanuvchining Zokirovaning ko'rsatmalaridan farqli guvohlik qilishlariga sababi shuki, ular yolg'on so'zlashga majbur bo'lishgan. Mahbubaxon Zokirova esa, Gulisro nazarida, vijdonan qiynalishni istamagan.

Suhbatda bo'lgan ko'pchilik bu darajada ochiq so'zlagan va hukumatning Andijon voqealari bo'yicha bergan ma'lumolariga qarama-qarshi guvohlik qilgan Zokirovaning xavfsizligidan tashvishga tushayotganliklarini va Ichki ishlar vazirligi unga qarshi harakat boshlashi mumkinligi haqidagi taxminlarini bildirdilar.

XS
SM
MD
LG