Breaking News

Qirg'iziston Manasning narxini oshirmoqda


Qirg’iz rasmiylari Bishkekdagi “Manas” aeroportida AQSh boshchiligidagi aksilterror kuchlari koalitsiyasi joylashtirilgani uchun to’lanadigan haq miqdorini oshirishni talab qilmoqdalar. Bu masalada AQSh rasmiylari bilan muzokaralarning birinchi bosqichi yakunlangan.

Qirg’iziston prezidenti Qurmanbek Bakiev Bishkekdagi AQSh boshchiligidagi aksilterror kuchlari koalitsiyasining “Gansi” harbiy havo bazasi uchun to’laniladigan haq miqdori ko’rib chiqilishini ma’lum qilgan edi.

- Yangi shartnoma loyihasi, yashirib o’tirmayman, Amerika Qo’shma Shtatlaridan ko’proq xarajat talab qiladi, – degan edi prezident noyabr’ oyi boshida mazkur mavzuga to’xtalarkan.

Ma’lum bo’lishicha, 4 noyabr’ kuni AQSh markaziy qo’mondonligining rejalashtirish va siyosat departamenti vakili Robert Mouler Bishkekka kelgan. Qirg’iziston Tashqi ishlar vaziri Alikbek Jekshenkulov AQSh vakili bilan muzokaralarning birinchi bosqichida qirg’iz hukumatining baza bo’yicha rasmiy munosabatini ma’lum qilgan.

Alikbek Jekshenkulovga ko’ra, Amerika tomoni “Manas” aeroporti hududidan va tashqaridagi qo’shimcha maydondan foydalanish, uchoqlarga xizmat ko’rsatish uchun to’lovlar miqdorini ko’paytirishi kerak.

Shuningdek, AQSh harbiylari Qirg’iziston atrof muhitiga yetayotgan zararni qoplashlari zarur bo’ladi. Bundan tashqari, Qirg’iziston Tashqi ishlar vaziriga ko’ra, AQSh Mudofaa vazirligi tarkibidagi harbiy va fuqaroviy shaxslar tomonidan Qirg’iziston fuqarolariga yetkazilgan zarar uchun tovon miqdori, avtoulovlar sug’urtasi, harbiylarga mahsulot va xizmat ko’rsatayotgan shaxslarga solinadigan soliq miqdori ko’paytirilishi zarur.

AQSh markaziy qo’mondonligi hamda qirg’iz mulozimlarining uchrashuvi yakunida “Gansi” aviabazidan foydalanish bo’yicha texnikaviy va moliyaviy kelishuvni qayta ko’rib chiqish to’g’risida qo’shma bayonot e’lon qilishga kelishilgan. Shuningdek, Qirg’iziston hukumati AQShdan talab qilayotgan qo’shimcha tovon masalasi ham muhokama qilinadi, deya xabar qiladi Qirg’iziston Tashqi ishlar vazirligining matbuot xizmati. Muzokaralarning birinchi bosqichi shu tariqa yakunlangan.

Qirg’iziston nodavlat tashkilotlari koalitsiyasining raisasi To’qtayim Umetalievaga ko’ra, hukumat aviabazalar joylashtirish masalasini xalq referendumi o’tkazish orqali hal qilishi kerak.

- Referendum orqali hal qilinishi kerak, xalq rozimi shunday bazalarning Qirg’izistonga joylashtirilishiga yoki rozi emasmi? Xalqdan so’rash kerak, – deydi To’qtayim Umetalieva.

XS
SM
MD
LG