Breaking News

Bakiyev: AQSh yangi shartga yo'q desa, Manasdan chiqadi


Qirg’iziston prezidenti bugun agar muzokaralar davomida kelishuvga erishilmasa, AQSh bilan “Gansi” harbiy bazasi bo’yicha bitimni bekor qilishi mumkinligini aytgan.

Qirg’iziston hukumati poytaxt Bishkek yaqinidagi “Manas” aeroportida joylashgan “Gansi” harbiy bazasi bo’yicha bitimni bekor qilishi mumkin. Bu haqda bugun Qirg’iziston prezidenti Qurmanbek Bakiyev ma’lum qildi.

“Agar [AQSh bilan] muzokara jarayoni 2006 yilning 1 iyuniga qadar yakunlanishiga qandaydir to’siqlar bo’lsa, Qirg’iziston 2001 yilning 4 dekabri kuni tuzilgan ikki tomonlama bitimni bekor qilish huquqini saqlab qoladi”, – dedi prezident Bakiyev.

AQSh boshchiligidagi xalqaro aksilterror koalitsiyasi, hukumatlararo bitimga muvofiq, Qirg’izistondagi bazadan Afg’onistonda harbiy amaliyotlar o’tkazish uchun foydalanmoqda.

Prezident Bakiyevga ko’ra, “aksilterror koalitsiyasi doirasida AQSh va Qirg’iziston o’rtasida yaratilgan hamkorlik Afg’onistonda barqarorlikni ta’minlashda muhim o’rin tutdi”.

“Holbuki, bizning mintaqaviy va boshqa tashkilotlar doirasidagi hamkorlarimiz AQSh bazasining Qirg’izistonda joylashtirilishi bo’yicha muayyan xavotir bildirgan edi”, – dedi Qirg’iziston prezidenti.

O’tgan yili AQSh Mudofaa vaziri Donald Ramsfeldning Bishkekka safari chog’ida prezident Bakiyev amerikalik harbiy va fuqaroviy xodimlarining Qirg’izistonda joylashishi istiqbolini tartibga solish maqsadida yangi bitim tuzishni taklif qilgan.

“Men [Donal’d Ramsfel’d bilan uchrashganda] 9 oy cho’zilib, oydinlik bo’lmagani uchun Qirg’iziston jamoatchiligini tashvishga solayotgan masalaning tezroq hal bo’lishi zaruriyatini hisobga oldim. Bu haqda keyingi oylarda oliy lavozimdagi Amerika vakillariga bir necha marta aytdim”, – dedi Bakiyev.

Bu bayonot AQSh elchisi Mari Yovanovich dushanba kuni Bishkekda jurnalistlarga “AQSh Qirg’izistondagi aviabaza uchun ijara haqqini oshirishga tayyor” ekanini ma’lum qilgandan keyinoq yangradi.

Qirg’iziston Markaziy Osiyo mintaqasida AQSh bilan harbiy hamkorlik bo’yicha aloqalarni saqlab qolayotgan yagona davlatdir. O’zbekiston hukumati 2005 yilning 13 may kuni Andijonda yuz bergan qonli voqealardan keyin mustaqil tergov o’tkazishga chaqirgan AQSh rasmiylaridan Xonoboddagi Amerika qo’shinlarini olib chiqib ketishni talab qildi.

Siyosatshunos Iqbol Mirsaitovning aytishicha, Qirg’iziston prezidentiga Shanxay Hamkorlik Tashkiloti tomonidan bosim o’tkazilayotgan bo’lishi mumkin.

“Shanxay Hamkorlik Tashkiloti uchun “Gansi” harbiy bazasining Qirg’izistonda qolishi manfaat keltirmaydi. Xitoy ham, Rossiya ham, bu tandemga qo’shilgan O’zbekiston ham amerikaliklarning Qirg’izistonda qolishidan manfaatdor emas. Shuning uchun, Qurmanbek Bakievga uch davlat rahbarlari bosim o’tkazayotgan bo’lishlari ehtimol”, – dedi siyosatshunos Iqbol Mirsaitov.

Siyosatshunosning taxminicha, AQSh Qirg’izistonda qolish uchun bitimni buzishga yo’l qo’ymaydi va Qirg’iziston hukumati “Gansi” harbiy bazasining joylashishi uchun so’rayotgan mablag’ni berishga rozi bo’ladi.

XS
SM
MD
LG