Breaking News

Markaziy Osiyoda yoshlar harakati keng quloch yozmoqda


“Soxtagarchilikka – yo’q!, Qallobliklarga – yo’q! Yushenko – ha!, Yushenko – ha! Sen bizning prezident,”- deya kuylamoqdalar ukrain yoshlari.

Bundan roppa-rosa bir yil avval Ukrainada yuz bergan zarg’aldoq inqilobiga va hozirgi prezident Yushenkoning saylovda g’olib bo’lishiga aynan “ПОРА!” va “ОТПОР” deya atalgan yoshlar tashkilotlari hissa qo’shgan edilar.

Gurjistonda baxmal inqilobi yuz berishi bilan boshqa postsovet davlatlarida ham inqilobiy ruhdagi yoshlar tashkilotlari paydo bo’la boshladi. Gurjistonda tuzilgan “KHMARA”, ya’ni, “Yetar” tashkiloti inqilobiy ruhdagi ilk yoshlar tashkilotidir.

Ukraina inqilobidan yarim yil ham o’tmay navbat Qirg’izistonga yetib keldi. Bu yerda parlament saylovlari o’tkazilishi arafasida, ya’ni, 2005 yilning 15 yanvar’ kuni qirg’iz yoshlarining “KELKEL” tashkiloti paydo bo’ldi. Parlament saylovlari oldidan yangragan “KELKEL”chilarning qo’shig’iga quloq tuting.

“Men adolatli saylovlar tarafdoriman! Kelkel - bu yoshlarning tinchlik yo’li bilan qarshilik ko’rsatish harakati, fitna emas” deya kuylamoqdalar qir’iz yoshlari. Kuzatuvchilar aynan “KELKEL” va sal keyinroq tuzilan “Birge” tashkilotlari 2005 yilning 24 mart kuni Qirg’izistonda yuz bergan “qizg’aldoq” inqilobiga ulkan hissa qo’shganliklarini e’tirof qiladilar.

Yaqindagina parlament saylovlari bo’lib o’tgan Ozarbayjonda yoshlarning “YO'H”, ya’ni, “Yo’q” deb atalgan tashkiloti faoliyat olib borayapti. “Yo’h” tashkiloti a’zolari ham qo’shiqda tinglaganingizdek “Yo’q” deya xalq qonini ichayotganlarga qarshi, soxtagarchiliklarga qarshi kurash olib bormoqdalar.

Belorussiyada “ZUBR”, Rossiyada “МЫ”, ya’ni, “Biz” deya atalgan yoshlar tashkilotlari bugungi tuzumlar bilan kurashayotganlari ma’lum. Postsovet davlatlaridagi inqilobiy ruhdagi yoshlar tashkilotlarining deyarli hammasi amerikalik yozuvchi Jin Sharpning “Diktaturadan demokratiyaga” kitobi asosida faoliyat yuritmoqdalar. Bu kitobdan diktatura hukm surayotgan davlatlarda tuzumga qarshi tinch yo’l bilan kurashning samarali usullarini o’rganish mumkin.

Aytish kerakki, hali inqilob yuz bermagan postsovet davlatlaridagi yoshlar tashkilotlari hukumat va huquq-tartibot idoralari tomonidan ta’qib ostiga olinmoqdalar. 13 mayda yuz bergan Andijon voqealaridan keyin Internetda O’zbekistonda ham “SHIDDAT”, “YO'QOL” kabi yoshlar tashkiloti tuzilgani to’g’risida xabarlar tarqaldi. “Yo’qol” tashkiloti bilan electron pochta orqali bog’langanimizda, ulardan “Hozircha telefonimizni bera olmaymiz. Chunki, bizning muqim idoramiz yo’q. Hozir ayrim sabablarga ko’ra, yashirincha ish ko’rmoqdamiz. Lekin tez kunlarda vaqti keladi, biz barchamiz bir tan va bir jon bo’lib maydonga chiqamiz,”- degan javob oldik.

4 dekabr’ kuni Qozog’istonda prezidentlik saylovi o’tkaziladi. “КAXAP”, ya’ni, “Qahr-g’azab” nomi ostida saylovning adolatli o’tishiga intilayotgan yoshlar esa “Uyg’on, yurtim,”- deya kuylamoqdalar.

XS
SM
MD
LG