So’nggi yillarda O’zbekistonda 14 fevral kunini Valentin yoki Sevishganlar Kuni sifatida nishonlash ancha ommaviylashdi. Ammo, aksariyat yoshlar orasida urfga aylangan ushbu bayramga ba’zi ota-onalar va mutaxassislar norozilik bildiradilar. Ayrim yoshlar nazarida esa sevishganlar kuni ularning qalbi va ongidan allaqachon joy olishga ulgurgan. Shu bois ham bayramni ta’qiqlab bo’lmaydi, deyishadi ular.
Muxbir: “Qizlar, bugun qanday kunligini bilasizlarmi?”
Yoshlar: “Sevishganlar kuni…”
Muxbir: “Nechanchi sinfda o’qiysizlar? Sizlar ham shu bayramni nishonladingizmi?”
Qizlar: “Yettinchi sinfda o’qiymiz, bayramni endi nishonlaymiz. Dasturxonlar yozamiz, bir-birimizga sovg’alar beramiz”.
O’zbekistonda so’nggi yillar yoshlar orasida 14 fevralni Sevishganlar kuni sifatida nishonlash keng tus olmoqda. Biroq jamiyatda bu kunni bayram tariqasida nishonlanishiga qarshi bo’lgan fikrlar ham ko’paygan. San’atshunos Gulchehra Umarova, bu bayram milliy urf-odatlarga zid bo’lgani uchun ham uni nishonlashni ta’qiqlash lozim, deb hisoblaydi.
“Mening qizim ham maktabda o’qiydi. Gaplashdim, Valentin kuniga maktabda devoriy gazetalar chiqarishyapti, deydi. Bu diniy nuqtai-nazardan ham, milliy va mafkuraviy nuqtai nazardan ham to’g’ri kelmaydi. Aynan sevishganlar kuni deb atalishi ham bizning tushunchalarimizga mutlaqo to’g’ri kelmaydi. Rossiyaning bitta kanalida: bu kunu sevishganlar bir-biri bilan qovushadigan kun, deb aytdi. I-ye, kechirib qo’yasiz, bizning dinimizga ham, urf-odatimizga ham to’g’ri keladimi shu kunni bayram qilish? Biz o’zbekmiz-ku. Bizda shu narsani targ’ib qilsa, to’g’ri bo’ladimi?” - deydi G. Umarova.
Sho’ro davri yoshlari 14 fevralni buyuk shoir va sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud topgan kun sifatida bilishgan. Ayni paytda ayrim yoshlarning Bobur kimligini bilmasliklari asnosida, g’arbning milliylikka zid hisoblangan an’analarini o’zlashtirayotganliklari ba’zi ota-onalar va ziyolilarni xavotirga ham solgan.
18 yoshli Muqaddasga ko’ra, endi bu bayramni ta’qiqlab bo’lmaydi. Chunki u yoshlar ko’nglidan joy olishga ulgurgan.
“Ta’qiqlagan holda ham, masalan, jamoat joylarida nishonlanmasligi mumkin-u, lekin insonlar birga yuradi ko’cha-ko’yda, qalbi-qalbiga talpinib turgan odamga sen meni bayram bilan tabriklama, huquqiy tomondan ta’qiqlangan, deyolmaysiz-ku, to’g’rimi? Nishonlayveradi shuning uchun. Kirib kelib bo’ldi, singib bo'ldi bu bayram. Jamiyatning ko’p foizini yoshlar tashkil qiladi. Yoshlar shu bayramni nishonlab turgandan keyin, uni qanaqa qilib ta’qiqlab qo’yish mumkin? Norozi kayfiyat paydo bo’lishi mumkin”, deydi Muqaddas.
19 yoshli Saodat esa, muhabbat inson qalbining eng noyob va pinhoniy-sirli tuyg’usi ekanini aytarkan, muhammatni ochiq targ’ib qilish va hatto uni bayram tariqasida nishonlash ham to’g’ri emas, degan fikrda.
“Milliyligimizga to’g’ri kelmaydigan-da endi. Juda sharmsiz bayram ham. Sevgi-muhabbat bu pokiza tuyg’u deb hisoblayman. Sevgi-muhabbatni ochiq targ’ib qilish ham, bizning milliyligimizga to’g’ri kelmaydi, deb hisoblayman”, - deb aytadi Saodat.
Ayni paytda nodavlat radiostansiyalar o’z eshittirishlarini Sevishganlar kuniga bag’ishlayotgan bir paytda, davlat ommaviy axborot vositalarida bu bayramning milliy qadriyatlarga mos kelmasligi xususidagi targ’ibotlar aks etmoqda.