AQShga kirayotgan muhojirlar oqimi tobora kengayib bormoqda. Ayni damda Amerikada 34 milliondan oshiq muhojir bor. 2000 yildan beri AQShga to'rt milliondan ziyod muhojir kirgan.
Ijtimoiy fanlar doktori Bart Lendrining fikricha, chet elni vatan qilish juda mushkul jarayon, lekin o'zga yurtga kelgach, u yerda o'z madaniyatini saqlay olish undan-da murakkab. Shu jumladan, yoshlar tarbiyasi bilan bog'liq qadriyat va an'analarni.
"Bu ota-onalar uchun og'ir masala. Ular farzandlarining o'z millatining odami bilan turmush qurishini istaydi. Bu bilan ular o'z madaniyatlarini asrashga urinadi. Ular bolalaridan ajralib qolishdan, ularning begonalashib ketishi mumkinligidan xavotirlanadi,"-deydi tadqiqotchi.
Olim nazarida, muhojir oilalarda bu muammo, bolalar maktabga borishni boshlagach, paydo bo'ladi. Yoshlar sinfdoshlariga va maktabdagi muhitga qarab, o'zgaradi va ota-onasining madaniyatidan uzoqlashadi.
"Ular Amerikada bilim olibgina qolmay, balki bu muhitda faoliyat ko'rsatadi, ishlaydi. Shu bilan, holat o'zgaradi. Ular o'z madaniyatlari va urf-odatlariga mos kelmaydigan qarorlar qila boshlaydi,"-deydi janob Lendri.
Hatto, AQShga faqat o'qish uchungina kelgan yoshlar ham ikki hayot, ikki madaniyat o'rtasida qiynaladi. Jorjtaun Universitetida bilim olayotgan malayziyalik Sogiya Kamaruddin, "Ota-onam erkin fikrlovchi odamlar, ammo ular mendan ba'zi yo'llarga kirmaslikni kutadi,"- deydi:
"Oilam mening o'qishni bitirib, uyga qaytishimni, u yerdan menga malay kuyov topishgni niyat qiladi. Ular oilamiz kelajagi, bolalar tarbiyasi bilan bog'liq oilaviy qadriyatlarni saqlab qolishni xohlaydi."
Millen Dinkov ismli yigit esa Bolgariyadan kelgan. Akasi chet elda o'qiyotgan paytda, ota-onasi uning Bolgariya urf-odaltariga rioya qilishini talab qilgan ekan. Hozirga kelib, ularning dunyoqarashi ancha o'zgargan. Millenning bir amerikalik bilan topishganiga qarshi emas.
"Bu men uchun juda g'alati. Yurtimda turli etnik guruhlar uncha ko'p emas. Hech kim mendan o'zga millat vakili bilan uchrashishni kutmaydi. Ota-onam nima derkin, deya o'ylanardim. Hozirgacha hech narsa deyishgani yo'q,"-deydi u.
Chet ellik yoshlarning aytishicha, Amerika hayotiga moslashmasdan boshqa iloj yo'q. Ammo, madaniyat va qadriyatlarning turlicha ekani ularning yo'lida go'v bo'lmayapti. "Aksincha, bu ijtimoiy rang-baranglik hayotimizni yanada boyitadi,"- deydi talabalar.