Xalqaro kuzatuvchilarga ko’ra, Qozog’iston prezidenti Nursulton Nazarboyevning yakshanba kungi prezident saylovlaridagi salmoqli g’alabasiga ovozlarni soxtalashtirish orqali erishilgan. Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining bugun chiqqan bayonotida saylovlarda qator qonunbuzarliklarga yo’l qo’yilgani haqida aytiladi, jumladan, saylov kampaniyasidagi cheklanishlar, saylov uchastkalarida ovoz berishlarga to’sqinlik qilish, bir kishining bir necha bor ovoz berishi va Nazarboyevga ovoz berishga bosim o’tkazishlar kuzatilgan.
YXHT Parlament Assambleyasi prezidenti Bryus Jorjning aytishicha, Qozog'istondagi saylovlar tashkilot va G'arbning demokratik saylovlar bo'yicha qator andozalariga to'g'ri kelmagan. Bryus Jorjga ko'ra, universitetlarda rahbariyat talaba va o'qituvchilarga Nazarboyevga ovoz berish uchun bosim o'tkazgan.
Saylovlarni kuzatgan yana bir kuzatuvchi, Yevropa Parlamenti delegatsiyasining rahbari Struan Stivensonning aytishicha, agar Qozog'iston undagi embrion holatidagi demokratik jarayonning bundan keyin ham rivojlanishini istasa, qator jiddiy islohotlar o'tkazmog'i kerak.
Biroq saylovni kuzatgan boshqa bir guruh - Rossiya-boshliq Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligining kuzatuvchilar missiyasi saylovlarning ochiq va odil o’tganini aytdi.
Markaziy Saylov Komissiyasining dastlabki hisoblariga ko’ra, Nazarboyev 91 foiz ovoz to’plagan. Uning raqibi Jarmaxon Tuyoqboy esa atigi 6 foiz ovoz olgan.
Ostonada o’z tarafdorlariga murojaat etar ekan, g’olib Nazarboyev ham saylovlarni ochiq va odil deb atadi.