Breaking News

Almatov Germaniyani tark etdi


O'tgan haftada inson huquqlari himoyasi bilan shug'ullanuvchi Human Rights Watch tashkilotining bir guruh o'zbekistonliklar nomidan O'zbekiston Ichki ishlar vaziri Zokir Almatovni sud qilish talabi bilan Germaniya adliyasiga murojaat etishi bu mamlakatda umurtqa rakidan davolanayotgan Almatovni Birlashgan Arab Amirliklari orqali O'zbekistonga zudlik bilan qaytib ketishga majbur qildi.

Zokir Almatov Yevropa Ittifoqi tomonidan kiritilgan sanksiyalar tufayli Germaniyaga kira olmasligi mumkin edi, chunki Yevropa Ittifoqi u va yana 11 nafar O'zbekiston rasmiysini Andijondagi xunrezliklarga bevosita aloqador deb maxsus ro'yxatga kiritgan edi. Almatov ushbu ro'yxatda birinchi pog'onada turibdi. Biroq uning sog'lig'i og'irligini nazarda tutib, Yevropa Ittifoqi unga Germaniyaga kelib umurtqa rakidan davolanishga ruxsat bergan edi.

Almatov Germaniyada ko'p vaqt tura olmadi, chunki inson huquqlari bilan shug'ullanuvchi Xalqaro Amnistiya tashkilotining Germaniyadagi sho'basi Germaniya Bosh prokuroridan Almatovni O'zbekistonda qiynoqlarga solish hollari hamda Andijon otishmalariga aloqadorligini aniqlash maqsadida so'roq qilishni so'ragan edi. Shundan so'ng bir guruh o'zbekistonliklar Xyumen Rayts Uotch tashkiloti yordamida Germaniya adliyasiga murojaat qilib, Almatovni insoniyatga qarshi jinoyat qilganlikda va ularni qiynoqlarga solganlikda ayblab sudga berdilar. Bundan tashqari BMT ning qiynoqlarni o'rganish bo'yicha maxsus vakili Manfred Novak ham Zokir Almatovni sud qilish talabi bilan chiqdi.

Natijada Almatov Germaniyani tark etishga majbur bo'ldi va norasmiy manbalarga ko'ra, u Birlashgan Arab Amirliklariga borgan.

Human Rights Watch tashkilotining Nyu Yorkdagi bosh idorasida Markaziy Osiyo mintaqasi bo'yicha mutaxassis bo'lib ishlaydigan Veronika Schentegoldstonning aytishicha, Almatov Germaniyani tark etgani bilan unga qarshi qo'yilgan da'volar o'z kuchini yo'qotgani yo'q.

"Agar tergov natijasida Almatov unga qo'yilgan ayblovlar bo'yicha, ya'ni insoniyatga qarshi jinoyat va qiynoqlarga solishda aybdor deb topilsa, u holda Germaniya unga qarshi xalqaro order chiqaradi va Xalqaro Jinoiy Sud majburiyatlarini o'z bo'yniga olgan davlatlar, Almatov ularning hududiga kirgan taqdirda, uni hibsga olib, Germaniyaga chiqarishi kerak bo'ladi," deydi Veronika Schentegoldston.

Norasmiy manbalarga ko'ra, Almatovni Birlashgan Arab Amirliklarida Makkada o'tgan Islom Konferensiyasi Tashkilotining sammitidan qaytayotgan O'zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev bilan birga ko'rishgan. Dubayda bir necha kun turgach, Almatov O'zbekistonga qaytib ketgan.

XS
SM
MD
LG