Breaking News

O'shda hayit kayfiyati buzildi


Qurbon Hayiti Qirg’izistonning Bishkek, Qorasuv, O’zgand, Novqat, Jalolobod kabi shaharlarida ommaviy bayram sifatida nishonlandi. Elga osh tarqatilib, hadyalar ulashildi. Ammo, ma’lum bo’lishicha, O’sh shahridagi Bobur nomli o’zbek musiqali drama teatri binosi oldida to’plangan tashkilotchilar militsiya xodimlari tomonidan qarshilikka uchraganlar. Bayram tashkilotchilaridan biri Ulug’bek Qo’chqorovga ko’ra, shahar meriyasi tashabbusni qo’llab-quvvatlagan.

- Biz musulmonlarning bayrami bo’lgan Qurbon Hayitni nishonlashga harakat qilib, 10 mingga yaqin taklifnomani xalqqa, ummatga, korxona va tashkilotlarga tarqatdik, bayramga chaqirdik. Bayramni boshlashdan avval meriyaga, boshqa rasmiy idoralarga uchrab, ulardan ruxsat so’radik. Lekin shahar ichki ishlar bo’limining jamoat tuzilmalari bo’yicha rasmiysi Hakim Roziqov va MXX vakili kelib, bayram qilishga mer ruxsat bermaganini aytdi. Aslida biz meriyaga to’rtta oqsoqol kirib, bayramni uyushtirish taklifini aytganda, mer xursand bo’lgan edi. Ammo militsiya xodimlari damlagan oshimizni maydondan olib chiqib ketdi, – deydi Oybek Qo’chqorov.

Tashkilotchilardan biri Oybek Mursalievga ko’ra, bayramni buzish bilan militsiya xodimlari hukumat va xalq o’rtasida nizo kelib chiqishiga sabab bo’lmoqdalar.

- Militsiya xodimlari bizning yo’limizni to’sib, shahar ichki ishlar bo’limiga olib ketishdi. Damlagan oshimiz ham muzladi. Bu xalqning noroziligiga sabab bo’ldi. Bayramni bayram kayfiyatida o’tkazish aslida davlatning ishi. Musulmonlar o’lkasi bo’lgandan keyin, musulmonlarning g’amxo’ri davlat bo’lgandan keyin… Bu haqda bosh qotirish o’rniga bo’layotgan ishning oldini to’sishni qanday tushunish mumkin? – deydi Oybek Mursaliev.

Bo’lib o’tgan voqea bo’yicha shahar ichki ishlar bo’limining jamoatchilik tuzilmalari bo’yicha bo’limi boshlig’i Hakim Roziqov bilan bog’langanimizda, u militsiya matbuot xizmatiga murojaat qilishimizni tavsiya qildi. Ichki ishlar bo’limi matbuot xizmati boshlig’i Zamir Sidiqovdan esa voqea yuzasidan biron izoh olish imkoni bo’lmadi, u hozir ishda emasligini aytdi.

Bo’lib o’tgan voqeani sharhlashni so’rab, Qirg’iziston janubidagi Qorasuv shahri jome’ masjidlaridan birining imomi Muhammad Rafiq Kamoliddinga murojaat qildik.

- Bishkekdagi oyanda boshliq 70 ming kishi bosh maydonda namoz o’qidi. Namozdan keyin odamlar 1 tonnadan ortiq guruchdan osh damlangan 6 joyda xursandchilik qilib qaytdilar. Qorasuvda 300 kilo osh damlandi. Bishkek, Jalolobod, O’zgand, Novqatda bayram yaxshi kayfiyatda o’tdi. Bilmadik, endi O’shda kimlargadir yoqmadi bu, kimning siyosati?..

XS
SM
MD
LG