Qozog’iston
Assoshieytid Press axborot agentligining xabar qilishicha, kecha Qozog’iston muxolifatining rahbarlaridan biri uch yillik mahbuslikdan so’ng ozodlikka chiqdi. Uning yuzlab tarafdorlari 41 yoshli Galimjan Jakiyanovni xursandchilik bilan kutib oldilar. Jakiyanov tarqatib yuborilgan Demokratik Tanlov partiyasining rahbari bo’lgan. U 2002 yili o’z lavozimini suiste’mol qilganlikda ayblanib, 7 yillik qamoq jazosiga mahkum qilingan edi, biroq sud uning ijobiy hulqini inobatga olib, Jakiyanovni muddatidan oldin ozod qildi. Uning o’zi unga qo’yilgan ayblovlarni rad etib kelgan. Qozog’iston qonunchiligiga ko’ra, hulqi ijobiy bo’lgan mahbus jazo muddatining yarmi o’tgach ozodlikka chiqishga haqlidir. Kuzatuvchilarga ko’ra, Jakiyanov o’tgan yili ozod etilishi kerak edi, biroq hukumat uning 4 dekabrdagi prezident saylovlariga qatnashishi mumkinligini inobatga olib, uni ozodlikka kechroq chiqarishga qaror qilgan.
Qirg’iziston
Qirg’izistonning AKI-Press axborot agentligi xabariga ko’ra, Qo’shma Shtatlar respublikadagi mustaqil ommaviy axborot vositalarini qo’llab-quvvatlash uchun 500 ming dollar pul ajratadi. Mazkur yordam AQShning Tashqi siyosat departamenti tomonidan amalga oshiriladigan jamiyatni demokratlashtirish va inson huquqlarini himoya qilish dasturlari doirasida beriladi. Bir necha mamlakatlardagi dasturlar uchun rasmiy Vashington 44 million dollar ajratgan. Qirg’izistondan tashqari pul Qozog’iston, Tojikiston, Ozarbayjon va boshqa davlatlar mustaqil matbuotiga ham beriladi. Deyarli 1 million dollar Tojikistonda beshta mustaqil radio stansiya ochishga va u yerdagi jurnalistlarni qayta tayyorlovdan o’tkazishga ajratiladi. Qozog’istonga ham 500 ming dollar ajratiladi.
Tojikiston
Tojikiston Bosh prokurorining o’rinbosari Abdusami Dadaboyevning bugun matbuot anjumanida bergan hisobotiga ko’ra, respublikada 2001 yildan beri ma’n qilingan Hizb-ut-Tahrir islomiy guruhiga a’zolikda ayblangan 97 kishi 2005 yil davomida hibsga olingan. Dadaboyevning aytishicha, ular hukumatni ag’darishga, ektremistik faoliyat yuritishga hamda milliy va diniy adovatni kuchaytirishga qaratilgan targ’ibot ishlarini olib borganlikda ayblanganlar. Rossiyaning RIA Novosti axborot agentligining xabar qilishicha, sud ularning aksariyatiga besh yildan olti yilgacha qamoq jazosini belgilagan, biroq guruh rahbarlari deb gumon qilinganlar 12 yilgacha qamoq jazosiga mahkum etilganlar.
Turkmaniston
Ukraina matbuotiga ko’ra, Turkmanistonning Rossiyadagi elchixonasi rasmiy Ashgabat Rossiya uchun gaz narxlarini ko’tarmoqda degan xabarlarni inkor etdi. Ba’zi ommaviy axborot vositalari Turkmaniston rahbari Saparmurat Niyozov Moskvaga tashrifi davomida gaz narxini ming kubometriga 65 dollardan 85 dollargacha ko’tarishini ma’lum qilishi haqida xabar bergan edilar. Biroq Turkmaniston elchixonasining matbuot xizmati bu kabi xabarlarni qo’pol soxtalashtirish va Turkman-Rossiya hamkorligiga zarar yetkazishga harakat deb atadi.