27 fevral kuni Qirg’iziston parlamentining raisi O'murbek Tekebayev o’z xohishiga ko’ra iste’fo berdi. Bugun parlamentga yangi rais saylanishi kerak edi. Saylovda ishtirok etgan nomzoddan birontasi ham marraga yetib olmagan. Qirg’iziston parlamenti vaqtincha raissiz qoldi. Kelasi saylov 2 martda o’tadi.
Qirg’iziston parlamenti raisligiga to'rt nafar deputat o’z nomzodini qo’ydi: Temir Sariyev, Janto’ro’ Satibaldiyev, Qubatbek Baybo’lov va Soo’ro’nbay Jeenbekov. Saylov qoidalariga ko’ra, ko’pchilik ovoz olgan nomzod raislik kursisini egallaydi. Ammo raqiblarini yengib, Temir Sariyev bilan 2–bosqichga chiqqan Qubatbek Baybo’lov 3-bosqichda to’rtta ovoz yetmagani sababli, spiker etib saylanmay qoldi.
Qirg’izistonda bir necha haftadirki, parlament va prezident o’rtasida bahslar davom etmoqda. Prezident Bakiyev shu yil fevral oyi boshida Jo’qori Kenesh deputatlari faoliyatini qattiq tanqid qilgan, ularni mamlakatdagi vaziyatni beqarorlashtirishda ayblagan edi. Bunga javoban parlamentning sobiq spikeri Omurbek Tekebayev prezidentni “it” deya atadi va unga “osilib o’lishni” taklif qildi. Prezidentni shu zaylda “siylagandan” keyin Tekebayev iste’fo berdi, ammo, ovoz berish jarayonida parlament raisining iste’fosi qabul qilinmadi. Kecha parlament raisi o’z xohishiga ko’ra iste’fo berdi. Qirg’iziston mehnat qonunlariga ko’ra, uning xohishiga hech kim qarshilik qila olmaydi.
Kuzatuvchilar Bakiyev va Tekebayev o’rtasidagi munosabatlarning taranglashishini o’rtada shaxsiy adovat borligi bilan izohlaydilar. Jo’qori Kenesh deputati Inom Abdurasulovga ko’ra, spiker saylash masalasini tezroq hal qilib, milla tvakillari ishga kirishsalar, maqsadga muvofiq bo’lar edi.
- To’rt nomzoddan birini tezroq saylab, ish yuritsak degan umidimiz bor edi. Tezroq spiker saylansa, qonunlar qabul qilishimiz kerak. 3-4 haftadan buyon spiker, parlament va Oq uy tevaragida bahs ketyapti, –deydi deputat Inom Abdurasulov.
Qirg’izistonning sobiq Tashqi Ishlar vaziri, hozirda “Asaba” partiyasining raisdoshi Roza O’tunbayevaning fikricha, keyingi paytda jamoatchilik faqat parlament masalasiga e’tibor qaratmoqda.
- To’g’ri, parlament raisi bizda muhim, siyosiy shaxs sanaladi. Chet davlatlarda spiker faqat parlament masalalari bilan shug’ullanadi. Ammo keyingi paytda biz prezident va parlament raisi o’rtasidagi munosabatlarni haddan tashqari siyosiylashtirib yubordik.
Roza O’tunbayeva Qirg’iziston parlamentining spikersiz qolishi va mamlakatda siyosiy bo'hron yuz berishi ehtimolini rad qiladi.
Qirg’iziston parlamentiga kim rais etib saylanishi to’g’risida bahsu-munozaralar davom etarkan, deputat Inom Abdurasulov o’zbek deputatlarining bu lavozimni egallashlari ehtimoli bor-yo’qligi to’g’risida gapiradi:
- Bizning o’zbek deputatlar ichida parlament raisi, rais o’rinbosari, qo’mitalar rahbarligiga munosib nomzodlar bor. Lekin biz qancha harakat qilmaylik, buning imkoni bo’lmayapti. Ba’zi deputatlar bizning nomzodlarimizni qo’llamayaptilar. Uddasidan chiqolmayapmiz. Nimagadir ovoz berishga kelganda, o’zbek deputatlariga yetarli miqdorda tarafdor yo’q bo’lib qolyapti.