BMT Qochqinlar bo`yicha Bosh komissariyati vakilining O`zbekiston Tashqi ishlar vazirligida Ukrainadan deportatsiya qilingan o`zbekistonliklar bilan uchrashish borasida o`tkazgan muzokorasi samarasiz tugagan. O`zbekiston hukumatiga BMT tomonidan nota topshirilgan.
BMTning Toshkentdagi missiyasi rahbari Abdul Karim Gulga ko’ra O`zbekiston Tashqi ishlar vazirligida o`tgan rasmiy muzokarada u Ukrainadan deportatsiya qilingan o`zbekistonlik fuqarolar bilan uchrashish, ularning taqdiri haqida xalqaro hamjamiyatga ma`lumot berish qanchalik muhim ekanligini tushuntirishga uringan. Biroq bu urinishlar samarasiz yakunlangan.
O`zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga BMT vakili norozilik notasi topshirgan va bu notaga O`zbekiston hukumatining rasmiy javobi ham olingan. Missiya rahbariga ko`ra O`zbekiston Tashqi ishlar vazirligi BMTni O`zbekistonning ichki ishlariga aralashayapti, deb hisoblaydi. Shunga ko`ra, deportatsiya qilingan o`zbekistonliklar bilan uchrashish haqidagi talabnomani rad etgan.
O`zbekiston hukumatining qochqinlik maqomiga ega fuqarolar bilan uchrashuvni rad etishi xalqaro qonunlarga qanchalik muvofiq degan savolga missiya rahbari shunday javob beradi:
“Bilasizmi, bizning nazarimizda O`zbekiston bunday uchrashuvga ruxsat berishga majbur. Biroq O`zbekiston hukumatidagi hamkorlarimiz bunday majburiyatga ega emasmiz deb hisoblashadi. Masala, bu erda majburiyat haqida emas, O`zbekistonda ro`yxatga olingan tashkilot sifatida biz uchun ham bu mamlakatning nufuzi farqsiz emas. Biz ham xalqaro hamjamiyatning kuchli bosimi ostidamiz, chunki bu mandat bizga xalqaro hamjamiyat, BMT tomonidan berilgan”, - deydi Abdul Gul.
“Men xalqaro hamjamiyatga deportatsiya qilinganlarning xavfsizligi ta’minlanganini, ular barcha huquqlaridan foydalanayotganini bilishni istar edim. Lekin ularni ko`rmasdan turib, men bunday deya olmayman. Xalqaro jamoatchilik uchrashishga ruxsat berilmagan bir paytda bunday ma’lumotlarni qayerda olayotganimdan taajjubga tushadi,” - deydi janov Abdul Gul.
Ayni paytda deportatsiya qilingan fuqarolar qayerda saqlanayotgani va ularning ahvoli haqida BMT missiyasi rahbarida hech qanday ma’lumotlar yo`q.
Andijon voqealaridan so`ng Qirgizistondan bir guruh o`zbekistonlik qochqinlar vataniga qaytarilgan edi. Bu qochqinlarning taqdiri haqida ham, Ukrainadan deportatsiya qilingan hozirgi fuqarolar singari, komissariyatga hech harsa ma’lum emas.
“Qirg`izistondan qaytarilgan to`rt nafar o`zbekistonlik qochqin haqida ma’lumot bor edi, biroq bizning ular taqdiri bilan qiziqib, O`zbekiston hukumatiga qilgan murojaatimiz hozirgidek samarasiz yakunlangan,”- deydi janob Abdul Gul.
Ukraina xavsizlik kuchlari fevral oyining boshida Andijon voqealaridan so`ng chiqib ketgan 10 nafar o`zbekistonlikni, ularga BMT tomonidan qochqinlik maqomi berilganiga qaramasdan, deportatsiya qilgan edi.