Birlashgan Millatlar Tashkilotining qiynoqlar bo’yicha maxsus vakili Manfred Novakka (Manfred Nowak) ko’ra, O’zbekiston hukumati o’ziga muxolifatda bo’lganlarni qiynoqlarga solishda davom etmoqda. Qiynoqlar, deydi janob Novak, ma’lum bir tizim asosida militsiya va xavfsizlik kuchlari tomonidan amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, BMT vakili Germaniya hukumatini O’zbekistonning sobiq ichki ishlar vaziri Zokir Almatovni hibsga olmagani uchun tanqid ostiga oldi. Janob Novakning ta’kidlashicha, BMTning qiynoqlarga qarshi konventsiyasini imzolagan davlat sifatida Germaniya qiynoqlarni amalga oshirgan shaxslarni qo’lga olishi lozim. Shu sababdan janob Novak, Germaniya prokuraturasini Almatovga qarshi jinoiy ish ochishga chaqirgan edi.