Breaking News

Yevrosiyo Jamg'armasi O'zbekistondagi faoliyatini to'xtatmoqda


AQShda asoslangan Yevrosiyo jamg`armasi (Eurasia Foundation) O`zbekistondagi vakolatxonasini ixtiyoriy ravishda yopmoqda. Vakolatxona o’z faoliyatini boshlagandan buyon O`zbekistondagi turli loyihalarga 22 million dollar miqdorida mablag’ jalb etgan.

Vakolatxona direktori Jeff Erlixga ko`ra, tashkilotga Adliya vazirligi tomonidan qo`yilgan ayblovlar asossiz, biroq shunga qaramasdan, vakolatxona o`z faoliyatini tugatishga majbur bo`lgan.

- O`z vaqtimizni, mablag`imizni sud jarayonlariga yo`qotish kerak emas degan qarorga keldik. Buning ustiga sud jarayonini yutmasligimiz aniq. Sud bizga 9 mart kuniga qadar muhlat berdi. Shu kungacha biz jamg`arma prezidentining faoliyat tugatilayotganligi haqidagi xatini va bu borada mahalliy gazetaga berilgan e`lonni taqdim etishimiz kerak. Hozir masalaning texnik tomonigina qolgan, xolos, - deydi vakolatxona direktori.

Jeff Erlixga ko`ra O`zbekiston Adliya vazirligining vakolatxona xodimlariga so`mda emas, dollarda maosh berish va moliyaviy hisobot topshirmaslik kabi e'tirozlari o`rinsizdir.

“Jamg`armaning nizomida vakolatxona O`zbekistondagi iqtisodiy-ijtimoiy islohotlarda ishtirok etishi ko`rsatilgan. Shunday ekan bizni nodavlat tashkilotlarga ko`mak berganlikda ayblash ham o`rinsiz”, -deb hisoblaydi janob Erlix.

Jeff Erlixga ko`ra vakolatxonani yopish harakati aslida AQSh va O`zbekiston o`rtasidagi munosabatlarni tobora buzilishi bilan bo`gliq. Bundan tashqari O`zbekiston hukumatida Yevrosiyo Jamg`armasi turli rangli inqiloblarda ishtirok etmoqda, degan shubha mavjud.

- Men Toshkentga 2003 yilda kelgan edim. O`sha paytda hukumat bilan bizning aloqamiz juda yaxshi edi. Gruziyada va keyinchalik Ukrainada ro`y bergan rangli inqiloblardan so`ng O`zbekiston hukumatining bizga munosabati keskin o`zgardi. Bizning harakatlarimizni, kimga grantlar ajratayotganimizni nazoratga olishni boshlashdi. Berilgan grantlarni to`xtatib qoyishdi, bizni o`z pulimizni kimga berish huquqidan mahrum etishdi. Bunday sharoitda ishlash juda o`gir edi, lekin biz faoliyatni davom ettirdik. Keyinchalik Qirg`izistonda va Andijondagi voqealardan so`ng O`zbekiston hukumati nodavlat tashkilotlarni turli ayblar bilan yopish harakatini boshlab yubordi, - deydi Jeff Erlix.

Vakolatxona rahbariga ko`ra O`zbekistonda faoliyat yuritayotgan nodavlat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalarining hukumat tutgan pozitsiyani qo`llab-quvvatlashlari odat tusiga kirgan. Dunyoda, AQShda nodavlat tashkilotlar mustaqil ravishda siyosat yuritishlarini esa hukumat anglamaydi.

Shu ma'noda Yevrosiyo jamg`armasiga AQSh rasmiy siyosatining davomi sifatida qarashlari yoki uni turli rangli inqiloblarda gumon qilishlari noto'gri, deydi Jeff Erlix.

- Agar, bizni odamlarni mustaqil harakat qilishga o`rgatayapti deb hisoblashsa, bu to`g`ri, agar biz hamkorlik qilgan bir nechta tashkilotlar talab qilishni o`rganishgan bo`lsa, bu ham to`gri, agar bizni hamkorlik qilgan odamlarimizning o`z haq-huquqlarini talab qila boshlaganliklarida, mustaqil ish yuritish uchun harakat qilayotganlikda ayblashayotgan bo`lsa, bu ham to`g`ri, men bunday e'tirozlarni inkor etmayman, - deydi Jeff Erlix.

Vakoltxona 1992 yildan boshlab hozirgacha O`zbekistondagi turli loyihalarni qo`llab- quvvatlash uchun 22 million dollar mablag` jalb etgan. Ayni paytda esa bir qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, O`zbekistonda giyohvandlikka bo`lgan ehtiyojni pasaytirish, viloyatlarda kichik biznesni qo`llab-quvvtlash kabi loyihalar.

Jamg`arma qanday nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlik qilayotgani, ular tomonidan erishilgan yutuqlar haqida, hozirgi vaziyatda gapirmagan ma`qul, chunki bu tashkilotlatga nisbatan ham turli choralar qo`llanishi mumkin, degan xavotirni bildiradi Jeff Erlix.

Jeff Erlixga ko`ra O`zbekiston hukumatining nodavlat tashkilotlar faoliyatini qo`llab-quvvatlsha haqida bildirgan yaqindagi tashabbusi umid uyg`otadi. Lekin, shu bilan bir qatorda O`zbekiston hukumati xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qiluvchi nodavlat tashkilotlar mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarga o`z hissasi qo`shishi mumkinligini anglab yetishi kerak.

XS
SM
MD
LG