Breaking News

Davlat departamenti inson huquqlari bo'yicha hisobot chiqardi


AQSh Davlat departamenti jahon bo’ylab inson huquqlari ahvolini tahlil qilgan yillik hisobotini chiqardi. Unda asosan, Xitoy, Shimoliy Koreya, Eron, Iroq va ba’zi arab davlatlari inson huquqlarini boshqalardan ko’proq poy-mol etmoqda, deyiladi. Hisobotda Markaziy Osiyo ham chetlab o’tilmagan.

Hisobot bir necha yuz betdan iborat bo’lib, har yili Kongress talabiga binoan tayyorlanadi. Uni taqdim etgan Davlat kotibasi Kondoliza Raysning aytishicha, Qo’shma Shtatlarning inson huquqlari himoyasi va demokratiyaga bunchalik e’tibor berishiga sabab, jahonni xavfsizroq joyga aylantirishdir.

"Hukumatning o’z xalqiga munosabati uning qo’shni davlatlarga munosabatining eng yaxshi ko’rsatkichidir," deydi Rays xonim. "Hukumatning ochiq va mas’uliyatli idoralari, barchaning huquqlari tengligini ta’minlaydigan qonun ustuvorligi, kuchli fuqarolik jamiyati, siyosiy ko’pfikrlik hamda mustaqil matbuotni o’z ichiga olgan demokratiyagina inson huquqlari himoyasining eng yaxshi kafolatidir."

Markaziy Osiyodagi ahvolni tahlil qilarkan, hisobot 2005 yilda Qozog’iston hukumati inson huquqlarini poy-mol etganlikda qator choralarni qo’llagani uchun tanqid qilindi. Gap, asosan, mustaqil matbuot va siyosiy muxolifatga qarshi qilingan tazyiq haqida ketmoqda.

Qo’shni Qirg’izistonda o’tgan yil mart oyida Akayev hukumatining ag’darilishi bilan ba’zi yo’nalishlarda muvaffaqiyatlarga erishilgan.

Hisobot Tojikistondagi ahvolni ham salbiy deb baholadi. Unga ko’ra, mamlakatdagi demokratik va ijtimoiy islohotlarning to’xtab qolishiga asosiy sabab korrupsiyadir.

Turkmaniston alohida tashvishga sabab davlatdir. Respublikada, hisobotga ko’ra, sababsiz hibsga olish hamda qonunda ko’rsatilgan muddatdan ortiq ushlab turish hollari keng tarqalgan. Hukumat fuqarolarning erkinliklarini cheklab qo’ygan.

Inson huquqlari usiz ham yomon O’zbekistonda esa 2005 yilda vaziyat yanada yomonlashdi, deyiladi AQSh Davlat departamentining jahonda inson huquqlari bo’yicha ahvolni tahlil qilgan hisobotda. Ishsizlik sur’atining o’sishi va korrupsiyaning yanada kuchayishi iqtisodiyotga salbiy ta’sir ko’rsatgan va ijtimoiy noroziliklarga sabab bo’lgan.

XS
SM
MD
LG