O`zbekiston Vazirlar Mahkamasining chet-el ommaviy axborot vositalari jurnalistlarining mamlakatda faoliyat yuritish qoidalari borasidagi qarori xorijiy jurnalistlar faoliyatiga qator cheklovlar qo`yilishi, hamda qarorda ko`rsatilgan qoidalarning turlicha talqin qilinishi ehtimolini tug'dirmoqda.
Mustaqil jurnalist Sergey Yejkovga ko`ra, yangi qarorda ko`rsatilgan millatlararo nizo chiqarishga urinish hamda konstitutsion tuzumni kuch bilan ag`darishga da`vat qilishni ta`qiqilash kabi holatlar, odatda nodavlat tashkilotlar haqidagi qonunda keltiriladi:
“Bugun bunday holatlar jurnalistlarga nisbatan qo`llanilayapti. Bu hozirgi davr bilan, ayrim cheklangan kishilarning xulosalari, hukumatning Andijon voqelaridan chiqargan noxolis saboqlari bilan bo`gliq bo`lishi mumkin. Jurnalistika hukumatni kuch bilan ag`darishga qaratilgan soha emas”, -deydi Sergey Yejkov.
Yejkovga ko`ra, yangi qarordagi diqqatga sazovor tomonlardan biri - biror favquloddagi holatda mamlakatga vaqtinchalik kirish istagida bo`lgan jurnalistdan ikki hafta avval akreditatsiyadan o`tish uchun ariza so`rash talabidir.
“Bunday vaziyatda hukumatning o`zi jurnalistni mamlakatga qo`yish yoki qo`ymaslikni hal qiladi. Bu holat O`zbekistonda biror favqulodda holat yoki keskin vaziyat yuzaga kelganda, xorijiy jurnalistlarining mamlakatga krishini cheklab qo`yadi,” - deydi Sergey Yejkov.
Chet-el ommaviy axborot vositalari jurnalistlarining faoliyatini belgilovchi yangi qarorga ko`ra, mamlakatda xorijiy jurnalistning faoliyati O`zbekiston tashqi ishlar vazirligining ruxsati bilan amalga oshiriladi, va ularning kasbiy faoliyati, haq-huquqlari O`zbekiston konstitutsiyasi va boshqa tegishli qonunlar asosida kafolatlanadi.
Yangi qarorda ko’rsatilishicha, O`zbekiston tomoni xorij jurnalistining xavfsizligini, kasbiy faoliyatini qonun asosida amalga oshirishini ta`minlaydi, va uning kasbiy faoliyatiga aralshmaydi.
Shuningdek, qarorda xorijiy ommaviy axborot vositasi jurnalistiga davlatning ichki ishiga aralashish, mavjud konstitutsion tuzumni ag`darishga da`vat etish, milliy nifoq uyg’otish, urush va zo`ravonlikni targ`ib qilish, hamda O`zbekiston fuqarolarini obro`sizlantirish, ularning shaxsiy hayotiga aralshish kabi holatlar ta`qiqlanadi.
Bildirilayotgan fikrlarga ko`ra, qarorda keltirilgan ta`qiqlarni turlicha talqin etish mumkin, jumladan O`zbekistonning ichki ishlariga aralashmaslikni ham. Jurnalistlar fikricha, bu har qanday holatda hukumatga noma`qul bo`lgan jurnalistning faoliyatini cheklash uchun dastak bo`la oladi.
Sergey Yejkovning aytishicha, O`zbekistonning ichki ishlariga aralashmaslik aynan nimalardan iborat ekanligi Oliy sud tomonidan belgilanishi va bu erkin talqindan xoli bo’lishi lozim:
“Har qanday jurnalistik chiqish mamlakatning ichki ishiga aralashish sifatida baholanmasligi kerak. Albatta, aholini noqonuniy yo`l bilan turli harakatlarga undashni mustasno qilganda, vaziyatni yoritish, axborot berish davlatning ichki ishiga aralashishga kirmaydi. Biroq, bizning mamlakatimizda hukumat xorijiy jurnalistlarning chiqishini hamisha o`ziga xos ravishda baholab kelgan”, -deydi Yejkov.
Yangi qarorda ko`rsatilishicha, O`zbekistonda chet-el ommaviy axborot vositalarining muxbirlik punkitini ochish O`zbekiston tashqi ishlar vazirligi vakolatida qoladi. Buning uchun tegishli davlatning murojaatidan tashqari, O`zbekiston tashqi ishlar vazirligining mazkur muxbirlik punktini ochish qanchalik maqsadga muvofiqligi haqidagi xulosasi ham lozim bo`ladi.
Chet-el ommaviy axborot vositasining jurnalistini akkreditatsiyadan o`tkazish masalasini ham O`zbekiston tashqi ishlar vazirligi ikki oy mobaynida ko`rib chiqadi.