Breaking News

Jurnalistlar tashkiloti O'zbekistondagi yangi qonundan norozi


O’zbekistonda Germaniyaning Doyche Velle teleradiokompaniyasining muxbirlari akreditatsiyadan mahrum qilinganlar.

O’tgan yilning 13 may kuni Andijonda yuz bergan qonli voqealarni yoritgan chet-el axborot vositalariga ishlovchi jurnalistlar ta’qibga olinishda davom etmoqda.

Shu yilning 24 fevral kuni O’zbekiston Vazirlari Mahkamasi ma’qullagan qonunga binoan, O’zbekistonda jurnalistlarga Tashqi ishlar vazirligining ro’yxatidan o’tmasdan ishlash man etiladi.

Nyu-Yorkda asoslangan, Jurnalistlar huquqlarini himoya qiluvchi xalqaro qo’mita (CPJ) vakili Aleks Lupisning fikricha:

"O’zbekiston hukumati shu paytgacha chet-el axborot vositalariga ishlayotgan mahalliy jurnalistlarni tazyiq ostiga olayotgan edi. Endi esa bu tazyiq qonuniylashtirilib, nazoratni chet-ellik muxbirlar ustidan ham tobora kuchaytirish ilinjida."

Karimov rejimi va hukumatning jahlini chiqarishga haddi sig’maydigan matbuot G’arb ommaviy axborot vositalarini O’zbekiston tinchligini ko’ra olmayotganlikda va g’arb agressiyasining quli sifatida xizmat qilayotganlikda ayblaydi. Jurnalistlarni himoya qilish xalqaro qo’mitasi nazarida G’arb davlatlari O’zbekistonda ularga qarshi jamoatchilik kampaniyasi olib borilayotganini tushunib, buning oqibati nimalarga olib borishi mumkinligini anglamog’i lozim. Axir O’zbekiston jurnalistlarni tazyiqqa olib, xalqaro normalarni buzmoqda, deydi tashkilotning Yevropa va Markaziy Osiyo bo’yicha mutaxassisi Aleks Lupis.

" Biz AQSh, Yevropa Ittifoqi va Rossiyani Karimov rejimini bu borada qattiqroq ogohlantirishga chaqiryapmiz. O’zbekiston hukumati nafaqat xalqaro qonunlarni buzyapti, balki o’z xalqi istiqbolini ham xavf ostiga qo’yayapti. O’zbekiston fuqarolari axborot olish huquqidan mahrum qilinmoqdalar va bu bilan tashqi dunyo bilan aloqa qilish imkoniyatidan ham. Ular o’z mamlakatlarida nima bo’layotganini bila olmaydilar. Shu bois xalqaro hamjamiyat O’zbekiston hukumati bilan munosabatini keskin shartlarga asoslashi lozim,"-deydi Aleks Lupis.

Hozirda Toshkentda Rossiyaning ITAR-TASS, Xitoyning Shinxua (Xinhua), Germaniyaning Doyche Press-Agentur (Deutsche Presse-Agentur), Fransiyaning Agence France-Press, Britaniyada asoslangan Reyter (Reuters) va Amerikada asoslangan Associated Press axborot agentliklari o’z muxbirlariga ega. Ammo, ularning hech biri O’zbekistonga axborot uzatmaydi. Asosan, G’arb davlatlarini O’zbekiston haqidagi ma’lumot bilan ta’minlaydi. O’zbekistonga axborot uzatuvchi BBC, Ozodlik kabi g’arb radiolari Andijon voqealari ketidan mamlakatdan chiqib ketishga majbur bo’ldi. Kuzatuvchilar nazarida, Karimov rejimi xalqiga xolis axborot yetishidan, jamiyatning erkin jurnalistikadan bahramand bo’lishidan qo’rqadi. Chunki, axborot bu kuch demakdir.

"Karimov rejimining mustaqil matbuotga toqati yo’q. Chet-eldan turib, mamlakatni o’zbek tilida erkin axborot bilan ta’minlayotgan vositalar hukumatning xalq ustidan qattiqqo’l nazoratiga rahna soladi. Hukumat aynan shundan qo’rqyapti."

Chet-el axborot vositalari jurnalistlarining O’zbekistondagi faoliyati borasidagi qonunning 22-moddasi fuqarolarga ham akreditatsiyasiz chet-el matbuotiga ishlashni ta’qiqlaydi. 21-moddasi esa ajnabiy jurnalistlarga mamlakatning konstitutsion tuzumini o’zgartirishga chaqirish, respublikaning hududiy birligini buzish, urush va zo’ravonlikni tashviq qilish, irqiy, milliy va diniy nafrat urug’ini sochish, O’zbekiston ichki masalalariga va fuqarolarning shaxsiy hayotiga aralashish, hamda ularning sh’ani va izzatini toptashni man etadi.

Tanqidchilar nazarida yangi qonun mujmaldir va hukumat jurnalistlarni qonuniy ravishda ta’qib qilish yo’llarini izlab topmoqda.

XS
SM
MD
LG