Breaking News

Tojikiston mintaqaviy birdamlik yo'lida qanday hissa qo'shmoqda?


Sovet ittifoqi qulagach, ham g’arblik, ham sharqlik ba’zi siyosatshunoslar endi Markaziy Osiyo birlashadi yoki mamlakatlar o’rtasida birdamlik vujudga keladi, degan fikrlarni olg’a surgan edilar.

Yaqindan beri Markaziy Osiyo siyosatida yana Rossiya bilan yaqinlashuv kuzatila boshladi. Ammo ba’zi tahlilchilar Markaziy Osiyo jumhuriyatlarining, Rossiyasiz, birligini o’lkada tarixiy haqiqat qaror topishining asosi deb bilishadi. Lekin ularga ko’ra bunday rivojlanish G’arb ko’magisiz amalga oshmaydi. Bu toifa tahlilchilar AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Raysning mintaqaga o’tgan yilgi tashrifi va uning Markaziy Osiyo rahbarlarini birdamlikka undaganligiga urg’u berishadi.

Shoir va jurnalist Hoji Sharifjon Nuruddinov Markaziy Osiyo respublikalari bilan do’stona qo’shnichilik aloqalarini rivojlantirish Tojikistonning birinchi ehtiyoji ekanligini ta’kidlaydi.

“O’tgan 10 yil orasida Tojikiston rahbariyati O’rta Osiyoda integratsiyaning faol tarafdori bo’lib keldi” deydi Sharif Nuriddinov.

Tojikiston Islom Uyg’onish partiyasi Spitamen nohiya bo’limi raisi Abduvosit Rayimqulov integratsiya jarayonida korrupsiyaga qarshi kurashishni muhim deb biladi.

“Bizning mamlakatimiz uchun hozir sarmoya zarur. Ammo bu pullar rahbarlar cho’ntagiga oqmasligi kerak. Partiyamiz rahbari Said Abdullo Nuriy ta’kidlaganlaridek, G’arbmi, Sharqmi, kim bilan hamkorlik qilinmasin o’zaro hamkorlikda mamlakatga kirayotgan mablaglar xalq manfaaitga xizmat qilsa, ulardan to’gri fodalanilsa, degan fikrdamiz. Bu mablag’lar poraxo’rlar manfaatiga xizmat qilmasligi kerak”,- deb hisoblaydi Tojikiston Islom Uyg’onish partiyasi vakili.

Tojikistonda ko’pchilik YevrAzES tashkilotiga umid qilar ekanlar, o’rtada hali ko’zga ko’rinmayotgan muammolar borligini sezmayotirlar. Muhandis –gidrotexnik Aleksandr Po’latovga ko’ra YevrAzES tashkiloti doirasidagi integratsiya jarayonlari ijobiy jihatlarga ega. Uning fikricha hali o’rtada eshilishi zarur bo’lgan “ yagona narx-navo masalalari, muxollif siyosiy partiyalar erkinligi, suv muammolari, yagona pul birligiga o’tish singari juda muhim tugunlar bor”.

Aleksandr Po’latov Tojikiston va O’zbekiston o’rtasidagi farqli va ziddiyatli holatlarni tilga oladi.
“Masalan,- deydi u,- “Tojikistondagi O’zbekistonga juda katta ta’sir yetkazadigan faqatgina ikki ko’rinishni olaylik. Bu yerda MDH mamlakatlari orasida yagona qonuniy Islom Uyg’onish Partiyasi bor. Yoki Tojikistonda Zarafshon daryosiga quriladigan to’gonlarni olaylik. Bu daryodan Samarqand, Buxoro va Navouy viloyatlari suv ichadi”.

Muhandisning fikricha, bu singari ziddiyatli holatlar Markaziy Osiyo respublikalari integratsiyasiga salbiy ta’sir ko’rsatadi.

Markaziy Osiyo taqdirini belgilovchi O’zbekiston siyosati o’tgan yillar mobaynida asov daryo singari qo’nim bilmadi. Bir Turkiyaga, bir Amerikaga, endi esa Rossiyaga yuz tutgan Ozbekiston to’nini yana teskari kiyib olmasmikan? Hoji Sharifjon Nuriddinov fikricha, endi bunday bo’lmaydi. Unga ko’ra bugungi zamon talabi va siyosiy vaziyat bunga yo’l qo’ymaydi.

“Qo’shnilari bilan iliq munosabatlarsiz rivojlanish bo’lmasligini O’zbekiston rahbariyati ham tushunib yetdi va Iqtisodiy Hamkorlikka qo’shildi. Bu narsa tojikistonliklar uchun quvonarlik holdir”,- deydi Hoji Sharifjon Nuriddinov.

Tojikistondagi qadimiy Panjakent va Xujand shaharlari o’rtasida O’zbekistonning Samarqand viloyati orqali yaqindan beri yo’lovchi avtobus qatnovi boshlangan. Ko’pchilikning fikricha, navbat endi Farg’ona yo’lining ochilishiga qoldi. Bu borada Tojikistondagi yaqona o’zbekcha “Tong” mustaqil gazetasi ijodiy jamoasi ijobiy fikrlar bildirishar ekan, “Markaziy Osiyo davlatlari integratsiyasi jarayonida salbiy yo’nalishlarni ko’rish mumkinmi?” degan savoldan norozi bo’lishdi.

“Bu integratsiyada qanday salbiy tomon bo’lishi mumkin? Endi biz Markaziy Osiyo ma’rifatini joriy etishimiz sarur”,- deb ta’kidlashadi ular.

Tojikiston ziyolilariga ko’ra Markaziuy Osiyo integratsiyasida qaysi tomondan olib qaralmasin faqat faravonlikni ko’rish mumkin bo’ladi, xolos.

XS
SM
MD
LG