Breaking News

Qirg'iziston: Inqilobning bir yilligi arafasida


Qirg’izistonda “inqilob” deya atalgan voqea yuz bergan 24 mart kuni yaqinlasharkan, jamoatchilik bu kunni qanday atash va bayram sifatida nishonlash masalasini qizg’in muhokama qilmoqda.

Qirg’iziston prezidenti 24 martni “Milliy bayram deya e’lon qilish to’g’risida”gi farmonga qo’l qo’ydi. Prezident Bakievga ko’ra, bu kun dam olish kuni deya e’lon qilinadi va har yili bayram sifatida nishonlanadi. Tarkibiga davlat mulozimlari va siyosatchilar kirgan tashkilotchi guruh esa 24 mart kunini “Xalq inqilobi kuni” deya atashga qaror qilgan.

Ammo sobiq prezident Asqar Aqaev Oy Uyni tashlab Moskvaga qochgan va Qirg’izistonda hokimiyat muxolifat qo’liga o’tgan 24 mart kuni inqilobmi vayo davlat to’ntarishi yuz berdi? Ayni savol jamoatchilik o’rtasida mubohasaga sabab bo’lmoqda.

O’shlik ulamo, shayx Sodiqjon Kamoluddin “inqilob” atamasi o’zbekchada “o’zgarish” degan ma’noni anglatishini aytadi:

“Aslida “inqilob” so’zi arab tilidan kirgan. “Inqolaba-yanqolibu” – bir holatdan ikkinchi holatga o’tishni anglatadi. 24 mart kunini inqilob deya ataydigan bo’lsak, ham ruhiy va ham jismoniy hayotimizning yangi holatga, yangi tizim va yo’nalishga ko’chini tushunmog’imiz kerak. Bu o’zgarishlar xalqning butun vujudi va ruhida yuz berishi kerak. Prezident o’zi o’zgarishlarga da’vat qilgani, chaqirgani, qonun chiqargani bilan bu o’zgarishlar xalq hayotiga tatbiq qilinmas ekan, natija bo’lmaydi”.

Qirg’izistonda hokimiyat almashinuvi bevosita xalq ishtirokida o’tdi. Parlament saylovlari natijalaridan norozi nomzodlar tarafdorlarining O’shda, Jalolobodda boshlangan namoyishlari to’lqini poytaxt Bishkekka qadar yetib bordi.

O’shlik tadbirkor Umarali Qurbonovning fikricha, xalq hokimiyat almashinuvida vosita edi, xolos:

“24 mart kuni yuz bergan voqeani kimdir inqilob deydi, kimdir davlat to’ntarishi deydi. Menimcha o’sha kuni hukumat vakillari shaxsiy muammolarini hal qilib oldi. Kimgadir hokimiyat kerak edi, kimdir ketishi shart edi. Bundan xalq asosiy ijrochi bo’ldi va kerakli odamlar hokimiyatga keldi”.

Tadbirkorga ko’ra, Aqaev va Bakiev siyosati o’rtasida farq deyarli yo’q.

“24 mart voqealaridan keyin 1-2 oy sun’iy ravishda adolatlilikka intilish bo’ldi. Soliq sohasida, Ichki ishlar sohasida sun’iy ravishda xolis ishlar olib borishga harakat qilindi. Lekin bu narsa keyin qolib ketdi. Mana hozir hamma narsa Aqaev davridagi kabi, balki undan-da yomonroq qolipga tushdi”.

Aholi “inqilob to’lqini”da hokimiyatga kelgan muxolifatchilar-bugungi davlat mulozimlaridan hafsalasi pir bo’lganini yashirmaydi. Xalq 1 yil avval poraxo’rlikka qarshi kurash, ishchi o’rinlari yaratish, porloq kelajak to’g’risidagi va’dalarga ishonib muxolifatchilarni qo’llab-quvvatlagan edi.

“Inqilobdan keyin xalqning siyosiy ongi pastligi, davlatimizning qoloqligi aks etdi. Ayni 24 mart kuni inqilob bo’ldi deb o’ylayman. Inqilob bu – xalq ko’tarilishi. Xalq ko’tarildi, hokimiyatga qarshi ko’tarildi va yengdi. Lekin hozir yana o’sha eski holat, yollanma qotillik ko’payib ketdi, poraxo’rlik avjida – narx aniq, oluvchi ham, beruvchi ham o’sha-o’sha. Mart voqealaridan keyin yoshlarning siyosatga qiziqishi ortayotganini ijobiy baholash mumkin”, – deydi “Sarbon” yosh siyosatchilar guruhi a’zosi Bahrom Azimov.

Shayx Sodiqjon Kamoluddinga ko’ra, mart voqealaridan keyin iqtidorga kelgan muxolifat ko’tarinki chaqiriqlar bilan ish boshladi, muammolarni hal qilishga urindi. Ammo haqiqiy inqilob ruhi jamiyatning barcha qatlamlariga yetib bormadi:

“Inqilob ruhiga yarasha turmushimizni o’zgartirsak, poraxo’rlik yo’qolsa, xalq turmushi farovon bo’lsa, yetishmovchilik kamaysa, vaziyat yaxshi tomonga o’zgarsa degan niyat hozir ham bor. Buni hamma qo’llab-quvvatlaydi. Davlat rahbarlari, vazirlardan boshlab ana o’sha ijobiy o’zgarishlarga intilishlari kerak. Lekin afsus, inqilob ruhi, inqilob maqsadi xalq qatlamlariga yetib bormadi. Yana eski xayolotlar, ilgarigi hayot, yana ilgarigi chaqiriqlar, quruq o’gizdagi so’z. Amalda deyarli o’zgarish bo’lmayapti”.

XS
SM
MD
LG