1 may kuni O’zbekiston Adliya vazirligi Toshkent fuqarolik sudidan AQShga qarashli "Counterpart International" nohukumat tashkilotining mamlakatdagi idorasini yopishni so’radi.
Vazirlikka ko’ra, tashkilot sistematik ravishda mamlakat qonunlarini buzib, o’z nizomiga xilof ish qilib kelgan. Idora xodimlari nafaqat nohukumat tashkilotlari tuzish bilan shug’ullangan, balki ularni boshqargan ham, deyiladi talabnomada.
Shuningdek, deya bildiradi Adliya vazirligi, Kaunterpart tashkiloti litsenziyasiz turli nashrlar bosib chiqargan va tarqatgan.
Tashkilot faoliyatiga doir moliyaviy hisobot berishdan ham bosh tortmoqda, deyiladi Adliya vazirligi bayonotida.
Vazirlik 2005 yil davomida Counterpart International tashkilotini ikki marta ogohlantirganini va qonunga rioya qilishga chaqirganini aytadi.
Vazirlikka ko’ra, tashkilotning boshqa davlatlardagi, jumladan Belarus, Qozog’iston, Qir’gizistondagi idoralarida ham huddi shunday qonunbuzarlik kuzatilgan.
Vashingtonda asoslangan Counterpart International tashkiloti O’zbekistonda 1995 yildan beri faoliyat yuritib, fuqaro jamiyatini rivojlantirish va ijtimoiy taraqqiyot masalalari bilan shug’ullanib keladi.