Breaking News

Mo'tabar Tojiboyeva ishi qayta ko'rib chiqilmoqda


Toshkent viloyat sudida O’zbekiston jinoyat kodeksining 17 moddasi bo’yicha ayblanayotgan farg`onalik inson huquqlari himoyachisi Mo`tabar Tojiboyeva jinoiy ishini shikoyat tarzida qayta ko`rishga kirishildi.

Inson huquqlari himoyachisining jinoiy ishini shikoyat tarzida ko`rish Mo`tabar Tojiboyevaning sudyalar hay`ati tarkibiga bildirgan e’tirozi bilan boshlandi. Hay`at tarkibidagi, avval O`zbekiston Oliy sudi kotibyatida ishlagan Ismatilla Mamanovga bo`lgan e`tirozni, inson huquqlari himoyachisi Oliy suddagi uchrashuvda Mamanov tomonidan unga nisbatan qo`pol munosabat qilinganida ko`radi.

Biroq sud raisi Zafar Usmonov Tojiboyevaning bu e`tirozlarni inobatga olmadi va shikoyat ishini avvalgi tartibda ko`rish davom etishini bildirdi.

Jarayonda Tojiboyevaning o`zi va uning advokatlari tomonidan bir qator talab- iltimoslar bildirib o`tildi, jumladan dastlabki tergov aniqlagan dalil-ko`rsatmalar yuzasidan ekspertiza o`tkazish va bu borada tegishli guvohlarni chaqirish va ularni so`roq qilish.

Mo`tabar Tojiboyeva O`zbekiston prezidentini sha’nini haqoratlash, ruxsatsiz namoyishlar o`tkazish, jamoatchilik orasida vahima ko`taruvchi yolg`on xabarlar tarqatish va tovlamachilik yo`li bilan pul undirishda ayblanmoqda.

Uning himoyachilari nazarida tovlamachilk aybida dalil sifatida keltirilgan audio yozuv qayta ekspertizadan o`tkazilishi lozim va bu yozuvlarda ko`p so`zlar tushunarsizdir.

Advokat Muhasram Tojiboyevaga ko`ra, bu ichki kishlar boshqarmasi tomonidan, da`vo bildirgan kishiga turli va`dalar berish yo`li bilan, maxsus amalga oshirilgan.

Shuningdek, Mo`tabar Tojiboyevaning uyi tintuv qilinganda to`rtta plakat topilgani, keyinchalik esa jinoiy ishda 28 plakat ko`rsatilayotgani aytiladi.

Mo`tabar Tojiboyevaning o`zi unga qo`yilgan ayblarni inkor etar ekan, nomoyishlar emas, balki piketlar otkazganligini, piketlar o`tkazish qonun tomonidan ta’qiqlanmaganini, norozilik bildiruvchilar tomonidan ko`tarilgan piketlardagi shiorlar asossiz ravishda yozilmaganini ta’kidlab o`tdi.

8 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan “O`t yuraklar” klubining rahbari Mo`tabar Tojiboyeva jinoiy ishini shikoyat tartibda ko`rishda diplomatik korpus vakillari va inson huquqlari faollari ishtirok etdilar.

O`zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati vakili Yodgor Turlibekov fikricha, Mo`tabar Tojiboyeva Farg`ona vodiysidagi eng faol inson huquqlari himoyachisi edi va uning sudlanishi aynan mana shu faollik bilan bog’liq.

Sud jarayonini kuzatib borayotgan O`zbekiston inson huquqlari tashabbus guruhi raisi Surat Ikromovga ko`ra, Tojiboyevaning ishi mutlaqo soxtalashtirilgan siyosiy ishdir. Unga ko`ra, avvalgi sudda Tojiboyevaga nisbatan qoyilgan ayblar o`z isbotini topmagan, bundan tashqari prokuraturaning o`zi hukmni kamaytirishni so’rab sudga murojaat qilgan.

Surat Ikromov deydiki, Mo`tabar Tojiboyevaning ayollar orasida xalqaro Tinchlik mukofotiga nomzod sifatida ko`rsatilishi haqidagi ma’lumotlar hamunga nisbatan jinoiy ish ochilishiga sabab bo`lgan bo`lishi mumkin.

Tojiboyevaning hibsga olinishi Dublindagi inson huquqlari bo`yicha xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun jo`nab ketayotganida amalga oshirilgan edi.

Mo`tabar Tojiboyevaning inson huquqlari himoyasi bo`yicha yuritgan faoliyati xalqaro darajada e`tirof etilgan. Jumladan, Shvetsiyada chop etilgan “Dunyoni o`zgartirayotgan ming ayol ” kitobida uning faoliyati tilga olinadi.

XS
SM
MD
LG