Breaking News

AQSh O'zbekiston islohotlarga qaytadi degan umidda


Prezident Islom Karimov boshchiligidagi O’zbekiston hukumati fuqarolik jamiyatini tazyiqqa olishda davom etmoqda. Muxolifatdagi “Serquyosh O’zbekistonim” koalitsiyasining rahbari Sanjar Umarov shu oyda moliyaviy jinoyatlarda aybdor deb topilib deyarli 11 yillik qamoq jazosiga mahkum etildi. Janob Umarov prezident Karimovni tanqid qilgani va o’tgan yil may oyidagi Andijon voqealarini qoralaganidan so’ng oktyabrda hibsga olingan edi.

Shu oyda inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi “Otashin Yuraklar” guruhining rahbari Mutabar Tojiboyevaga ham qamoq jazosi belgilandi. Tojiboyeva Ozodlik radiosiga bergan intervyusida hukumatni qoralaganlikda ayblangan. O’shanda u “bizga o’z qonunlariga rioya qilmaydigan hukumat kerak emas” degan edi. Biroq so’z erkinligi huquqidan foydalangan bu ayol sakkiz yillik qamoq jazosiga mahkum etildi.

O’zbekiston hukumati nodavlat tashkilotlarni ham nishonga olgan. O’tgan yil davomida qator nodavlat tashkilotlar hukumat tomonidan tazyiqqa olindi va yopildi. Yopilmay qolganlari o’z faoliyatlarini qattiq cheklashga majbur bo’lgan. 2005 yil oxirida Toshkent sudi Fridom Xaus tashkilotining O’zbekistondagi idoralarini yopishga qaror chiqardi. Boshqa ayblovlardan tashqari, Fridom Xaus inson huquqlari faollariga noqonuniy ravishda Internetdan foydalanish imkoniyatlarini berganlikda ayblandi. Tashkilot ijrochi direktori Jennifer Uindzor sud qarorini O’zbekistonda fuqarolik harakatlarini bo’g’ishga qaratilgan qator choralarning biri, deb atadi.

O’zbekiston sudi Yevrosiyo Jamg’armasini ham qonuniy ro’yxatdan o’tmaganlik va ruxsatsiz seminarlar o’tkazganlikda ayblab, yopishga harakat qilmoqda. O’zbekistonda 12 yil faoliyat ko’rsatgan Yevrosiyo Jamg’armasi Fridom Xaus taqdiriga nazar tashlab, o’z idorasini sud qarorini kutmasdanoq yopishga qaror qildi. Jamg’armaning Toshkentdagi direktori Jeff Erlixning aytishicha, “boshqa xalqaro tashkilotlar misoliga qarab, vaziyat foydamizga hal bo’lmasligini angladik. Sud bilan tortishish o’rniga, idoramizni o’zimiz yopishga qaror qildik."

Prezident Karimov hukumati inson huquqlari faollari va fuqarolik tashkilotlariga Gruziya, Ukraina va boshqa joylardagi demokratik harakatlardan cho’chigan holda tazyiq o’tkazayotgan bo’lishi mumkin. Biroq tarix saboqlari barchaga ayondir: Qatag’on ekstremizmni keltirib chiqaradi, demokratik islohotlar esa haqiqiy barqarorlikka olib boradigan yagona yo’ldir. Shuning uchun ham, deydi AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays, Qo’shma Shtatlar O’zbekiston hukumati hozirgi yo’lidan qaytib, islohotlarlarga yo’l beradi, deb umid qiladi.

XS
SM
MD
LG