AQSh-O’zbekiston aloqalari, sir emaski, tarixdagi eng sovuq va mavhum damlarni boshdan kechirmoqda. AQSh Andijon voqealarining bir yilligi munosabati bilan O’zbekiston hukumatidan 2005 yilning 13 mayida aslida nima bo’lganini aniqlash uchun mustaqil, xalqaro va xolis tergov o’tkazishga yo’l berishni so’radi.
Toshkentda esa jimjitlik. O’zbekiston rahbariyatiga ko’ra, Andijon fojeasi ustidan Toshkentda tuzilgan xalqaro guruh allaqachon tekshiruv olib borgan, muayyan xulosaga kelgan va aybdorlar asta jazo olmoqda.
Bu tergovni shubha ostiga qo’yuvchi AQSh Davlat departamenti, ya’ni tashqi ishlar vazirligining Kavkaz va Markaziy Osiyo masalalari bo’yicha idorasi rahbari Jon Foks (John Fox) Amerika Ovozi rus xizmati muxbiri Inna Dubinskayaga bergan intervyusida, Andijonda nima kim tomonidan qanday sodir etilganini aniqlash xalqaro hamjamiyatning ham huquqi, ham burchidir, dedi.
“Bu tekshiruvlar adolatli va xolis tarzda o’tkazilishi kerak. Unga xalqaro hamjamiyat a’zolari ishtirok etmasa bo’lmaydi. Mustaqil, xalqaro va xolis tergov va uning natijasi O’zbekiston xalqi va hukumati manfaatlari uchun xizmat qiladi",- deydi Jon Foks.
“Dunyo ahli nima bo’layotganini ko’rib turibdi. Xalqaro hamjamiyat o’z xulosasini chiqarmay qo’ymaydi. Sovet Ittifoqi qulaganidan beri mintaqa tarixida bu ko'lamdagi o'limni ko’rmaganmiz. Andijonda ommaviy qirg'in bo’ldi. U yerda nima bo’lganini aniqlashimiz darkor. Biz albatta turli ta’sir vositalaridan foydalanib O’zbekiston hukumatini mustaqil tergov olib borishga ko’ndirishni istardik, ammo O’zbekistonning suveren davlat ekanini tan olamiz”,-deydi AQSh diplomati.
Ba’zi siyosatdonlar nazarida AQSh Markaziy Osiyoda butun e’tiborni inson huquqlari va demokratiya targ’ibotiga qaratib, boshqa manfaatlarini boy bermoqda. Rossiya prezidenti Vladimir Putin yaqinda qilgan chiqishida, AQShning demokratiya targ’ibotidan qo’rqishga hojat yo’q, dedi. Chunki, deydi Rossiya rahbari, Amerika uchun eng muhimi baribir o’z davlat xavfsizligi bo’lib qoladi.
AQSh Markaziy Osiyoda asosan uch narsadan manfaatdor, deydi AQSh diplomati. Birinchisi xavfsizlik. Xavfsizlik chegara yoki davlat tanlamaydi. Tinchlik hammaga kerak. Afg’onistonda ektremizmga qarshi urush olib borilyapti. Bu nafaqat AQSh, balki Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlari uchun ham birdek muhim, deydi Jon Foks.
“Biz Markaziy Osiyodagi neft va tabiiy gaz boyliklarini rivojlantirish va ularni xavfdan asrashni istaymiz. Chunki yonilg’i hammaga suvdek zarur mahsulot. Bundan nafaqat biz balki butun dunyo manfaat ko’radi.”
AQSh Markaziy Osiyoni Afg’oniston bilan bog’lashga urinmoqda. Maqsad - mintaqada transport tizimini va savdoni taraqqiy ettirish, toki Afg’oniston mintaqani Osiyoning boshqa qismlari bilan bog’lasin.
“Pokiston va Hindistonda suvga, elektr quvvatiga, yonilg’iga talab juda katta. Markaziy Osiyo uchun Afg’oniston orqali Janubiy Osiyodagi eng katta bozorlarga yo’l ochiladi. Bundan hamma manfaat ko’radi”,- deydi janob Foks.
AQSh Markaziy va Janubiy Osiyoni bir-biriga yaqinlashtirish, mintaqada barqarorlikni tiklash niyatida.
Ammo dabdabali so’zlar va katta orzular bilan ish bitmaydi. Xo’sh, AQSh mintaqadagi eng yirik davlat bo'lgan O’zbekiston bilan, ayniqsa keyingi 1-2 yil ichida sovugan munosabatlarini tiklash maqsadidami? Qay yo’l bilan va nima evaziga? AQSh diplomatlari bu savolga ancha ehtiyotkorona javob beradilar.
“Biz O’zbekiston bilan aloqalarni tiklash, ularni mustahkamlash maqsadidamiz",-deydi Jon Foks. "O’zbekiston Markaziy Osiyodagi strategik jihatdan muhim davlat. Biz O’zbekiston xalqini hurmat qilamiz va undan yordamni ayamaymiz. O’zbekistonni yakkalab qo’ymoqchi emasmiz. Afsuski, O’zbekiston hukumati o’zini-o’zi yakkalashga harakat qilyapti."