Breaking News

Tojikistonda o'z-o'zini o'ldirish hollari ko'paymoqda


Keyingi oylarda Tojikiston fuqarolari orasida o’z joniga qasd qilish hollari, ayniqsa, yoshlar orasida ko’p uchramoqda. Chunonchi, yil boshidan beri 150 dan оrtiq inson o’z joniga qasd qilgan.

May oyining oxirlarida Xo’janddan oqib o’tuvchi Sirdaryo istiga qurilgan ko’prikdan ikki bolasi bilan o’zini suvga otgan yoshgina juvon haqida gap tarqaldi.

So’gd viloyat ma’sullaridan Shokirjon Mirzoyevning aytishicha, 1978 yilda tug’ilgan Olimova Zamira 1999 yilda tugilgan Mubinjon va 2005 yilda tug’ilgan Muhinjon ismli o’gillari bilan o’zini Sirdaryoga tashlab o'ldirgan. Qidiruv natijasida ularning jasadlari ertasiga daryodan topilib marhumlarning egalariga topshirilgan.

Tahlilichilarga ko’ra, keyingi yillarda o’z joniga qasd qilish holatlari Tojikistonda uch barobar ko’paygan.

Birgina So’gd viloyatida o’tgan besh oy orasida yuzga yaqin inson o’z joniga qasd qilganligi qayd etilgan. Bularning saksonga yaqini o’lim bilan yakun topgan bo’lib, ularning aksariyati erkaklardir.

Ayollar esa so’nggi chora sifatida o’limning eng og’ir turi – o’ziga o’t qo’yishni tanlamoqda. Suiqasd holartlarining ko’payib ketayotganligini oliy toifadagi asabshunos tabib Karimjon Zokirov Tojikistonda kishilarning endogen – psixoz kasalligiga chalinayotganligi bilan izohlaydi.

“Buning sabablari juda ko’p. Birinchidan, odamlarda endogen kasallik-psixoz sabab bo’ladi. Bunday holatdagi inson sha’niga ta’sir etadigan gaplarni eshitsa, jamoatchilik fikrining o’ziga nisbatan fikri salbiy tomonga o’zgarsa u o’zini idora qila olmasdan suisidga borishi mumkin. Bizning Bobojon Gafurov nohiyasida ham ana shunday bir hodisa sodir bo’ldi. Bular o’zlarini osgan, suvga tashlagan yoki yondirgan kishilardir”,- deydi oliy toifadagi shifokor Zokirov. Uning fikricha, yoshlar orasida o’zini o’ldirayotganlar orasida narkomaniya va alkogolga berilganlar aksariyatni tashkil etadi.

Ichki ishlar vazirligining rasmiy ma’lumotlariga qaraganda yoshlar orasida o’z joniga qasd qiluvchilar yil boshidan beri Istaravshan, Bobojon Gafurov, Spitamen va Jabbor Rasulov nohiyalarida ko’plab sodir bo’lmoqda.

Aksar hollarda bunga oiladagi ijtimoy tang vaziyat yoki farzandlarni vaqtida tushuna olmaslik sabab bo’lmoqda. Masalan, tojik jurnalisti Jo’ra Yusufning guvohlik berishicha, bir-biriga qattiq ko’ngil qo’ygan yigit-qizning oila qurishlariga ota-onalari qarshilik qilganliklarini yoshlar ko’tara olmaganlar.

Avval beg’ubor qiz o’zini osib o’ldirgan, uch kundan so’ng esa navqiron yigit ham shu taxlit o’z hayotiga nuqta qo’ygan. Jurnalistning aytishicha, bu masalalar zamirida gender muammolari ham turadi.

Bo’lajak olim, aspirant Odil Akramov esa bugungi kun odamlarida sabot va chidamning sustligini ta’kidlaydi. Unga ko’ra, bugungu kun odamlari, o’tmish avlodlaridan farqli ravishda jismoniy mehnatda toblanmaganlar va kichik qiyinchiliklar ro’parasida irodasizlik qiladilar.

“Hozirgi kunda ko’pchilik engil yashahsga o’rganib qoldi va har kim, hamma erda engil yashashga intilmoqda”, - deydi yosh olim.

Ovchiqala’cha qishlog’idan bo’lgan o’qituvchi Bixlicha Ahmedova o’z joniga qasd qiluvchilar iztirobini tushuna bilmak kerak deb hisoblaydi.

“ Ularni tushunsa bo’ladi. Hayot shunchalik murakkabki, odam qiyin ahvolga tushib qoladi va shu holatdan chiqa olmay qoladi hamda yagona yo’l- o’limni tanlaydi. Ayol sifatida shunday holat meni ham boshimdan o’tgan va eng og’ir kunlarimda o’zimni o’ldirmoqchi ham bo’lganman. Ammo men o’zimda bu yoldan qaytishga kuch topa bildim”, - deb o’z hayotidan misol keltirdi.

O’limdan juda qo’rquvchi ayollarning so’nggi qadami sababi ba’zida ruhiy kasallikga ham bog’liq bo’lishi mumkinligini ta’kidlab o’tiladi. Bu xalq orasida “vos-vos” deb nom olgan ruhiy zo’riqishni eslatadi, deydi Ahmedova. Ammo, o’z joniga suiqasd qilishda ayollar nima uchun aynan taniga o’t qo’yishni tanlashlarini bugungi turmush tarziga nisbatan bir isyon sifatida ko’rishini aytadi.

XS
SM
MD
LG