Breaking News

Tojikiston Rossiya uchun arzon mardikor bozoriga aylanmoqda


Rossiya o’lkalarida nafaqat mavsumiy, balki doimiy ish qilayotgan ko’pchilik mardikorlar u yerdagi ish sharoitidan hursand emas.

Yaqinda Sibirdan kelib ketgan xo’jandlik Dilmurod ismli yigit, Rossiyada tojikistonlik mardikorlarning sharoiti juda og’ir ekanligini ta’kidlaydi. Unga ko’ra, ish izlab borgan har 10 kishidan atigi uchtasi foydali ish topa oladi.

Moskva oblastida mardikorchilik qilayotgan boshqa bir tojik ziyolisi Zayniddin Ashurning aytishicha, hozir hamma ham Rossiyada ko’ngildagidek ish topa olmaydi. “Hozir ruslarning mehnat bozori biz uchun yopilgan. Qattiq yopilmagan bo’lsada, sun’iy to’siq va taqiqlar mavjud. Bojxona, vokzal va aeroportlardan o’tish biz uchun azobli kechadi”,-deydi Zayniddin Ashur. Uning aytishicha bu to’siqlar malakali muhojir ishchilarni Rossiyada xo’rlanishiga olib kelmoqda.

Tojikistonning ko’plab nohiya va qishloqlarida shunday xonadonlar borki, bir hovlidan 4-5 erkak Rossiyada mardikorlik bilan shug’ullanadi. Asht nohiyasidan bo’lgan Dilbar opaning uyidan bir necha yildirki besh erkak Rossiyada tirikchilik qilmoqda. Hatto qizi ham uch bolasini onasiga qoldirib, O’zbeksitonga ish izlab ketgan.

«O’gillarimning hammasi Rossiyada ishlayapti. Kuyovim ham, biroq undan mana to'rt yildirki darak yo’q. Qizim bolalarini menga topshirib, ikki oydan beri Toshkentdagi parnikda ishlayapti. Bolalarini to’yini o’zim qilib beraman endi. Kuyovimni odamlar orqali izlatdim, xat-xabar qildim, yo’q, kelmadi»,-deydi Dilbar opa.

Keyingi vaqtlarda Rossiyaga Tojikistondan ko’plab ayollar ham ketishmoqda. Ularning gardanlaridagi yuk, erkaklarnikidan qolishmaydi. Xo’jandlik Dilmurodga ko’ra, bu ayollarning ayrimlari geroin tashish, narkotik moddalar savdosi, yoki fohishalik bilan ham shug’ullanadi.

“Agar ayollarning erkak hamrohlari bo’lsa va birga ishlayotgan bo’lsa, ularga ishonsa bo’ladi. Ammo ayollarning ba’zilari uyidagilarga, “ishlab pul topyapman”, deya yolg’on gapirishadi. Aslida esa geroin savdosi bilan shug’ullanib, qo’lga tushib, qamoqqa tashlanganlari ham bor”,-deydi Dilmurod. Unga ko’ra, Tojikistondan borgan muhojirlarining 35 foizga yaqini qamoqqa tushadi.

“Biz bola-chaqalarimizni boqish uchun Rossiyaga borishga majburmiz. Erimni uch marta Rossiyaga yubordim. Majbur bo’lib o’zim ham bordim.Tyumenga borishda poezddagi qiliqlarni ko’rib… hayron bo’ldim. Bu ishlar musulmonchilikka umuman to’gri kelmaydi …”, -deydi biz bilan suhbatda bo’lgan Dildora Karimova.

Sobiq metodist Dilmurod Orziqulov, Rossiyada ruslarning mehnat muhojirlariga munosabatini vaxshiyona deb baholaydi.

“Ularning bizlarga munosabati juda ham vaxshiy. Ruslar muhojirlar geroin savdosi bilan shug’ullanadi degan bahona bilan ularni chetga surishadi. Ayniqsa “skinxed” (skinhead – sochini tagi bilan qirib yuradiganlar, ) deb nomlanuvchi rus taqirbosh yoshlari bizning muhojirlarni temir zanjirlar bilan kaltaklashadi, hatto o’ldirib yuborishadi. Masalan, Tyumen oblastining Surgut shahridan har oy bitta o’lik keladi ”,- deydi Dilmurod. Uning aytishicha biror bir tashkilot rus o’lkasida ularning huquqlarini himoya qilmaydi. “Biz yolg’iz xudodan madad kutamiz”, - deydi u.

Shunday bo’lsada, ko’pchilik Tojikistonda hamon mahalliy fabrika-zavodlarning qayta ishga tushishiga umid qilmoqda. “Agar bekor turgan zavodlar qayta ishga tushib ketsa erlarimiz, otalarimiz va aka-ukalarimiz, farzandlarimiz ham bag’rimizda bo’lardi”, -deydi bir vaqtlar SSSR Mudofaa vazirligi uchun ishlagan, Taboshar shahrilik Hanifa Allamova.

XS
SM
MD
LG