Breaking News

Rus millatchilari muhojirlarga kun bermayapti


Matbuot xabarlarida yozilishicha, Rossiyadagi markaziy osiyolik mehnat muhojirlari rus millatchilarining qo’pol muomalasiga duch kelmoqda.

Qirg’iziston migratsiya qo’mitasi ma’lumotiga ko’ra, Qirg’izistondan Rossiyaga yil sayin yuz minglab fuqarolar ish izlab ketadi. Rossiyada yurgan qirg’izistonliklarning aksar qismi bozorlarda savdo-sotiq qilib yoki xizmat ko’rsatish sohasida ishlab non topadi.

38 yoshli Nurlan Qirg’iziston janubidagi O’zgand shahridan kelgan. U rafiqasi bilan Moskvada ishlaydi. Shahar chetidagi kichik oshxonani ijaraga olgan Nurlanning aytishicha, xo’randalarning asosiy qismi Markaziy Osiyo davlatlaridan kelgan mehnat muhojirlaridir.

Tamaddi qilish uchun Nurlanning oshxonasiga tez-tez kirib turadigan norinlik Nurbek esa 7 yildan buyon Moskva bozorlarida yuk tashib, tirikchilik qiladi.

Qirg’iziston parlamenti deputati Qubanichbek Isabekovning aytishicha, ayni paytda aholining mehnatga yaroqli qismidan 70 foizi Rossiya va Qozog’istonga ish izlab ketgan. Xorijda ishlayotgan qirg’izistonlik mehnat muhojirlari yil sayin o’z yurtiga 300 million AQSh dollari miqdorida pul jo’natayotgani aytiladi.

Mehnat muhojirlari ko’pincha qo’shni davlatlarda noqonuniy ravishda yashayapti. Ular rasmiy idoralarda ro’yxatdan o’tmagan. Rossiyada yuz minglab Qirg’iziston fuqarosi ishlayotgani qayd qilinsa-da, ulardan faqat 16 ming kishi ishlash uchun ruxsatnoma olgan.

Kuni-kecha Moskva oshxonalaridan birida ishlayotgan Nurlan noqonuniy mehnat muhojiriga aylandi. U endi tezroq o’zi yashayotgan va ishlayotgan hudud nozirlariga borib, ro’yxatdan o’tishi kerak. Aks holda mirshablar tomonidan qo’lga olinib, Qirg’izistonga deportatsiya qilinishi hech gap emas.

Rossiyada mehnat muhojirlari oldida nafaqat deportatsiya qilinish muammosi, balki taqirboshlarning qo’liga tushib qolish xavfi ham bor. Ma’lumotlarga ko’ra, keyingi 1 yil ichida Rossiyada rus millatchi yoshlari – taqirboshlar tomonidan 96 nafar Qirg’iziston fuqarosi o’ldirilgan.

Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari poyezdlarda, metro bekatlarida kaltaklanayotgani to’g’risidagi xabarlar esa, internet nashrlar uchun an’anaviy mavzuga aylandi.

Ammo qorin to’ydirish va oila boqish ehtiyoji mehnat muhojirlarini jonni xatarga qo’yib bo’lsa-da, Rossiyada tavakkal qilib ishlashdan qaytarolmayapti.

XS
SM
MD
LG