AQSh Davlat departamentiga ko’ra, o’tgan yili inson savdosiga qarshi kurashda ba’zi yutuqlarga erishilgan bo’lsa-da, zamonaviy qullik dolzarb muammoligicha qolmoqda.
Xususan, Germaniyada futbol bo’yicha jahon chempionati boshlanishi arafasida mamlakatga fohishabozlik uchun xotin-qizlar olib kirilmoqda, deyiladi departamentning 2006 yil hisobotida.
AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Raysga ko’ra, ayni paytda jahon bo’ylab 800,000 kishi, asosan ayollar va bolalar inson savdosi to’riga ilingan.
“Yosh qizlarning jinsiy ekspluatatsiya qilinishi, erkak va ayollarning qullikda mehnat qilishi, bolalardan jang maydonlarida foydalanish haqidagi xabarlar yurakni ezmay qo’ymaydi,” - deydi Rays xonim.
Yangi hisobotda inson savdosiga qarshi kurashda yetarli chora ko’rmayotgan davlatlar qayd etilgan. Jumladan Beliz, Birma, Kuba, Eron, Laos, Shimoliy Koreya, Saudiya Arabistoni, Sudan, O’zbekiston, Venesuela hamda Zimbabve.
Xususan, O’zbekiston inson savdosi tizimida ko’proq tranzit davlat sifatida emas, balki manba sifatida ko’rsatilgan. Markaziy Osiyo davlatlari hamda Xitoydan ayollar O’zbekiston orqali Saudiya Arabistoni, Isroil, Hindiston, Malayziya, Janubiy Koreya, Rossiya, Yaponiya, Tayland va Turkiyaga jinsiy ekspluatatsiya uchun jo’natilishi aytilgan.
O’zbekiston hukumati, deyiladi hisobotda, inson savdosiga qarshi kurashda eng fundamental talablarga ham javob bermaydi. Mamlakatda jabrdiydalarga yordam ko’rsatish va ularni himoya qilish yo’lga qo’yilmagan.
AQSh Davlat departmenti vakili Jon Millerning aytishicha, o’tgan yili dunyo bo’ylab odam savdosiga qo’l urgan 3,000 kishi hibsga olingan. Bu yili esa 4,700 kishi.