Davlat departamenti tuzgan bu ro’yxatga 12 davlat qo’shilgan, aksariyati Afrikada. Jami 70 mamlakat tilga olinadi, ular orasida O’zbekiston ham bor.
Hisoblarga ko’ra, hozir dunyoda 115 million bola ekspluatatsiya qilinadi. Har bir qit’a, har bir regionda bor bu illat, deyiladi AQSh Davlat departamenti hisobotida.
Ro’yxatga bu yil qo’shilgan davlatlar: Angola, Markaziy Afrika Respublikasi, Chad, Salvador, Efiopiya, Lesoto, Madagaskar, Mozambik, Namibiya, Ruanda, Zambiya va Zimbabve.
“Asosan qishloq xo’jaligi haqida gap ketmoqda”, - deydi Davlat kotibi muovini Sandra Polaski. “Bolalar paxta, shakar, tamaki, kofe, guruch yetishtirish va chorvachilik sohalarida ishlatilmoqda”.
Bolalar ekspluatatsiyasi eng ko’p tarqalgan mamlakatlar - Hindiston va Xitoy.
AQSh senatori Tom Xarkin bolalar mehnati bilan ishlangan mahsulot importini taqiqlovchi qonunni olg’a surgan arbob.
“Oilaviy fermada ishlayotgan bola haqida gapirmayapmiz. Maktabdan keyin ota-onasiga qarashayotgan bola haqida gap ketmayapti. Majburlab ishlatilayotgan, bilimdan, ma’rifatdan mahrum qilinayotgan bolalar bu. Hech bir millat bu yo’l bilan taraqqiyotga erisha olmaydi”, - deydi qonunchi.
Senator Xarkin O’zbekistonda paxta yig’im-terimiga bolalarni majburlab olib chiqish ham xalqaro qonunlarga zid deb keladi.
Respublika rahbariyati rasman chora ko’rgan bo’lsa-da, amalda buning isboti ko’zga tashlanmaydi, deydi u.
Bu yilgi paxta terimida ham maktablar yopilgan, o’quvchilar ommaviy tarzda dalaga olib chiqilgan.