Breaking News

Xorijda qullikka sotilayotgan o'zbekistonliklar soni ortmoqda


AQSh nazarida, O`zbekiston inson savdosi manbalaridan biri bo’lib qolmoqda. Vaziyatni o’rganib chiqqan AQSh diplomatlariga ko’ra, Karimov rahbariyati inson trafigi deb ataluvchi bu savdo tizimiga qarshi yetarlicha choralar ko’rmayapti. Chunki, O’zbekistonda turli va’dalar ostida aldab olib chiqilib, chet-elda qullikka mahkum etilayotgan o`zbekistonliklar soni tobora oshib bormoqda.

Odam savdosi qurbonlariga yordam ko`rsatishga ixtisoslashgan “Istiqbolli Avlod” nodavlat tashkiloti vakillariga ko`ra, O`zbekistonda inson trafigining barcha ko`rinishlari mavjud.

Nodavlat tashkilotning huquqiy maslahatchisi Malohat Murodovaning aytishicha, bular o`g`rilash, firibgarlik, hokimyatni suiste`mol qilish y`ollari bilan yoki to`lov, pora berish yo`llari bilan odamlarni olib o`tish, yashirish, berib yuborish yoki ularga ega bo`lishni bildiradi.

“Ya’ni, ekspluatatsiya fohishalikka majburlash yoki boshqa jinsiy ko`rinishlarni, majburiy mehnat, qullikka xos ko`rinishlarni, odam a`zolarining ajratib olinishini o`z ichiga oladi. Trafik ko`rinishi faqatgina aldov bilan chegaralanmaydi”, - deydi Malohat Murodova.

Malohat Murodovaga ko`ra O`zbekistondan jinsiy ekspluatatsiya maqsadida olib ketilayotgan fuqarolar asosan qo`shni Qirg`iziston orqali Saudiya Arabistoni, Isroil, Tailand, Malayziya kabi mamlakatlarga chiqariladi.

Yaqinda Qirg'izistonda Saudiya Arabistoniga jo`natilayotgan 60ga yaqin 15-25 yoshgacha bo`lgan o`zbekistonlik qizlar ushlangan edi. Bu qizlarning ayrimlari ularga Arabistondan yaxshi ish va`da qilinganini ta’kidlagan b`olsa, ba`zilari fohishalik uchun ketishayotganini ochiq aytishgan.

Rossiyada esa o`zbekistonlik qizlarni aldov orqali fohishalikka jo`natish bilan shug`ullangan fuqaro ustidan sud jarayoni yakunlandi.

O`zbekistonning o`zida bu borada tergov surushtiruv ishlari yuritilgan, biroq odam savdosi bilan shug`ullanish holati jinoyat kodekslarida aniq aks etmagan.

Malohat Murodovaga ko`ra, “Istiqbolli Avlod” tashkiloti vazifasi asosan, aholi orasida targ`ibot ishlarini olib borish, ayniqsa, ayollarga chet-e`ldan ish taklif qilinganda maslahatlashish, inqirozli vaziyatga tushgan qurbonlarga huquqiy ko`mak ko`rsatishdir. Hozirgacha tashkilot tomonidan bir qancha ayollarga turli huquqiy yordamlar ko`rsatilgan.

O`zbekistonda har yili qancha kishi odam savdosi qurboniga aylanayotgani haqida aniq ma`lumotlar yo’q. Bu boradagi statistik ma`lumotlar va muammolar bilan shug`ullanuvchi davlat tashkiloti yo`q.

Yana bir nodavlat tashkiloti vakiliga ko`ra, keyingi paytda O`zbekistondan jinsiy ekspluatatsiya maqsadida Pokistonga olib ketilayotgan o`g’il bolalar soni ham ko`paygan.

Qozo`g'iston va Rossiyaga ketayotgan ko`pchilik o`zbekistonliklar ham mehnat trafigi qurboni bo`lmoqda. Ular ko`pincha nodavlat tashkilotlarga murojaat qilmaydi va muammoni mustaqil yechishga harakat qiladi. Qozo`g'istonda aynan odam savdosi va mehnatini suiste'mol qilishga qarshi qonuniy hujjatlar qabul qilingan, biroq bu hujjatlarning qabul qilinishi trafik qurbonlari sonini kamaytirayotgani yoq.

Bundan tashqari O`zbekiston hukumati tomonidan mehnat muhojirlarini muhofazalash uchun biror muzokaralar yuritilmagani ham vaziyatni yanada og`irlashtiradi.

“Ezgulik” inson huquqlari jamiyati bur muncha vaqt avval tarqatgan bayonotida Rossiyada mehnat trafigi qurbonlari sonining tobora ko`payayotganini bildirgan edi.

Jamiyat raisi Vasila Inovatovaning izoh berishicha, 200ga yaqin odamni aldab, Rossiyaga olib ketilishi bevosita prokuratura yoki ichki ishlar xodimlarining yordamida amalga oshirilgan degan gumon bor.

O`zbekistonda noqonuniy odam savdosi bilan shu`gullanish biznesining rivojlanishi mamlakat aholisining qashshoqligi, ishsizlik darajasining yuqoriligi bilan izohlanadi. Og`ir iqtisodiy sharoit erkaklarda ishlash uchun imkoniyat qoldirmayotgan bo`lsa, ayollarni ko`chaga chiqishga majbur qilmoqda.

Mamlakatda iqtisodiy sharoitning o`nglanmayotgani esa odam savdosi qurbonlari sonining yanada ko`payishiga sabab bo’lmoqda.

XS
SM
MD
LG