AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts armiyada jinsiy zo’rlash hollarini ayanchli deya, bunga chek qo’yishga va’da bermoqda.
Amerikaning Virjiniya shtatida yaqinda bir necha zobit, sobiq ofitserlar sudga arz qilgan. Sheriklari tomonidan tahqirlab, zo’rlangan qiz-yigitlar.
AQSh qurolli kuchlarida xizmat qilayotgan 17 askar va sobiq ofitser sudga shikoyat yo’lladi. Jinsiy haqorat bilan yuzlashgan bu harbiylarning ko’pi ayollar.
Ularning aytishicha, qo’mondon, rahbarlar bundan xabardor bo’lsa-da, lom-mim demagan. Chora ko’rish o’rniga, “xizmatni davom ettir” deb buyurgan. Ba’zilar chidashdan bosh tortib, barini ommaga ovoza qilishga jazm etgan.
Mila Xaydar 2002 yilda Koreyada xizmat paytida hamroh askarlar qo’lida azob tortgan:
“Bu jinoyatga qo’l urgan kishilar huddi mahluqday. O’ljani tanlashda ustasi farang ular. Qilg’ilikni qayta-qayta sodir etaveradi. Buni esa Mudofaa vazirligi tan olishdan bosh tortib keladi. Huddi bir ichki masaladek ko’riladi. Bo’lmagan gap!”
Askarlar orasida ommaviy ravishda zo’rlanganlar ko'p.
Sud ishida Mudofaa vaziri Robert Geyts, Pentagonning avvalgi rahbari Donald Ramsfeld ham tilga olinadi.
Bu rasmiylar zobitlar shikoyatiga e’tiborsiz qaraganlikda ayblanmoqda.
Sobiq harbiy Anu Bxagvatining aytishicha, Mudofaa vazirligi beparvo va jinoyatchilarni jazolashni parvoyiga ham keltirayotgani yo’q. Askar ayol hozirda Xizmatdagi xotin-qizlar himoyasi bo’yicha huquqiy tashkilotda ishlaydi.
"Jazoga kelsak, har besh aybdorning atigi bittasi sud zaliga chaqirilgan. Aksariyati yengil tanbeh bilan qutulib ketaveradi. Ularni qamash kerak” , - deydi u.
Jabrlanuvchilar deydiki, Amerika qurolli kuchlarida jinsiy zo’rlash va ta’qib keng tarqalgan.
Kori Chioka 2005 yilda sohildagi xizmat chog’ida sherik zobitlar qo’liga tushdi. “Qo’mondonlar arzimni tinglamadi, yana o’sha ablahlarning yoniga jo’natdi”, - deydi u.
“Qo’mondonlarim yordam bermadi. Chunki o’sha odam bilan birga otamlashib yurishardi. O’rtoq edi ular. Boshqa ofitserlarga ham borib shikoyat qildim. Birov parvo qilmadi. Ularning birdan-bir xohishi mendan qutulish edi. Ahvol yana o’sha zayilda davom etaverdi”, - deydi zobit.
Pentagon hisob-kitobicha, jinsiy tajovuz bilan yuzlashgan askar qiz-yigitlar ko’p hollarda sukut saqlaydi. Xizmatdagi xotin-qizlar himoyasi bilan shug’ullanuvchi tashkilotga ko’ra, 2009 yilda 16 ming harbiy tahqirlangan.
Fevral boshida qonunchilar tomonidan so’roq qilingan vazir Robert Geyts “bunday jinoyatga toqat qilib o’tirmaymiz”, dedi.
Mudofaa vazirligi huquqbuzarlarning ta’zirini beradi, deydi u.
“Harbiy sudda ko’rilayotgan ishlar soni avval 30, hozir 52 foizni tashkil etadi. Harakat qilayapmiz. Tan olaman, aslida bunga umuman yo’l qo’yish kerakmas. Bu uyatli, qo’rqinchli holat. Qo’l qovushtirib o’tirmaslikka va’da beraman”, - deydi Geyts.
Pentagon jabrlanuvchilarni himoya qiluvchi advokatlar sonini oshirgan. Oldinlari 300 edi, hozir AQShga qarashli har bir bazada, xoh vatan, xoh xorijda bo’lsin, bu masala bian 3 ming huquqshunos shug’ullanmoqda.