6 iyul kuni, Vashingtonda Qozog'iston Tashqi ishlar vaziri Qosimjo'mart Tokayev va AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays uchrashib, prezident Nursulton Nazarboyevning AQShga tashrifi masalasini muhokama qildilar.
Rays xonimga ko'ra, bugunda Qozog'iston AQShning Markaziy Osiyodagi bosh hamkori va mintaqa yetakchisidir. Davlat kotibasi Qozog'iston mintaqa rivojiga hissa qo'shib, o'z qo'shnilariga yordam bermoqda, deya ta’kidlab o’tdi.
Qosimjo'mart Tokayev iqtisodiy hamkorlikka urg'u berib, uning mamlakati Afg'onistondagi tinchlikparvarlik missiyasi uchun AQSh va koalitsiya samolyotlariga Qozog’iston hududidan uchishga va favqulotda hollarda qo’nishga ham ruxsat berganini aytdi.
Shuningdek, Qozog'iston tashqi ishlar vaziri AQSh Savdo vazirligi rasmiylari bilan uchrashib, Qozog'istonning Jahon Savdo Tashkilotiga a'zo bo'lish masalasini muhokama qildi.