Breaking News

AQSh Qirg'izistondagi harbiy baza uchun 150 mln. dollar to'laydi


AQSh boshchiligidagi aksil-terror koalitsiya kuchlariga qarashli Qirg’izistondagi “Gansi” aviabazasi AQSh ihtiyorida qoladigan bo’ldi. Bu haqda bugun Bishkekda Qirg’iziston va AQSh rasmiylari kelishib olganlar.

Aviabaza ijarasi bo’yicha muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlangan. Muzokara natijalari bo’yicha Qo’shma Shtatlar va Qirg’iziston rasmiylari qo’shma bayonot e’lon qilgan.

Bayonotda yozilishicha, AQSh hukumati Qirg’iziston hukumati va mahalliy tadbirkorlarga ko’rsatajak xizmati uchun munosib haq to’laydi.

“AQSh Kongress tasdig'idan so'ng kelasi yildan boshlab Qirg’izistonga umumiy yordam tarzida 150 million dollar miqdorida mablag’ beradi”, - deyiladi bayonotda.

AQSh Qirg’iziston mustaqillikka erishgandan buyon 850 million dollar miqdorida yordam ko’rsatgan.

AQSh va Qirg’iziston terrorizmga qarshi kurash, Afg’oniston va Markaziy Osiyoda xavfsizlikni ta’minlashda umum manfaatdan kelib chiqqan holda, “Manas” aeroportida joylashgan baza bo’yicha hamkorlikni davom ettiradi.

Baza bo’yicha muzokara davom etar ekan, bugun AQSh diplomatlari Pol Polites va Kaku Kimura Qirg’izistonni tark etgani ma’lum bo’ldi. Qirg’iziston Milliy Xavfsizlik Xizmati amerikalik diplomatlar mahalliy nodavlat tashkilotlar rahbarlari bilan shubhali munosabatda bo’lgani uchun mamlakatdan chiqarib yuborilishini avval ma’lum qilgan. Qirg’iziston Tashqi ishlar vazirligi esa maxsus bayonot tarqatib, amerikalik diplomatlar mamlakat ichki ishlariga aralashayotganini va bu maxsus xizmatlar orqali isbotlanganini ma'lum qilgan.

Bishkekdagi AQSh elchixonasi xodimi Azamat Abobakirovning aytishicha, bu elchixonani qo’rqitib qo’yish va fuqaroviy jamiyatni sukut saqlashga majbur qilishga urinishdir.

Qirg’iziston Adliya vaziri Marat Qayipov amerikalik diplomatlarning Qirg’izistondan chiqarib yuborilishiga prezidentning aloqasi yo’q, bu voqeani yaxshiroq o’rganish kerak, deydi.

“Demokratiya va fuqaroviy jamiyat uchun” koalitsiya yetakchisi Edil Baysalovning aytishicha, hukumat Amerika diplomatlarini haydab chiqarish bilan Rossiyaga itoatgo’yligini ko’rsatmoqchi va fuqaroviy jamiyat vakillarini qo’rqitmoqchi.

Azamat Abobakirov bu kabi noxush hol Qirg’iziston va AQSh munosabatlariga, shu jumladan, “Gansi” bazasi bo’yicha muzokara jarayoniga ham salbiy ta’sir ko’rsatmasligini aytdi.

“AQSh Qirg’izistondagi hukumat, muxolif, siyosiy partiyalar va nodavlat tashkilotlar bilan aloqalarini davom ettiradi”, - dedi u.

XS
SM
MD
LG