Breaking News

AQSh Qirg'izistonda harbiysining so'roq qilinishiga qarshi emas


Bishkekda Qirg’iziston fuqarosining amerikalik askar tomonidan otilgani va AQShning mamlakatdagi aviabazasi bilan bog’liq mojaro davom etmoqda. AQSh elchixonasi vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida bayonot tarqatdi.

Qirg’iziston rasmiy idoralari va siyosiy partiyalar Bishkekdagi AQSh harbiy bazasi xizmatchilarini daxlsizlik huquqidan mahrum qilishni talab qila boshlagan.

6 dekabr kuni Bishkek yaqinidagi “Manas” aerodromida AQSh bazasi harbiysi Zakariy Hetfild 42 yoshli Qirg’iziston fuqarosi Aleksandr Ivanovni otib qo’ygan edi.

Qirg’izistondagi AQSh elchixonasi matbuot xizmati xodimi Azamat Abbakirovning aytishicha, elchi Mari Yovanovich Qirg’iziston rasmiylariga bo’lib o’tgan hodisa yuzasidan javob yo’llagan.

Javobda Qirg’iziston huquq-tartibot idoralari xodimlari AQSh harbiysiga savol yo’llashi va AQSh harbiy havo kuchlari maxsus tergov bo’limi tergovchilari ishtirokida so’roq jarayonida qatnashishlari mumkin deyilgan.

"Qo’shma Shtatlar Qirg’iziston Tashqi Ishlar vazirligining “Manas”dagi aviabaza bo’yicha qo’shma komissiya tuzish to’g’risidagi taklifini qo'llab-quvvatlaydi", – deydi Azamat Abubakirov.

Qirg’izistondagi AQSh harbiylarini immunitetdan mahrum qilish bo’yicha qirg’iz rasmiylarining talablariga to’xtalar ekan, elchixona AQSh va Qirg’iziston rasmiylari o’rtasidagi shartnomaga muvofiq, 2001 yilda Afg’onistondagi aksilterror amaliyotlarini qo’llash maqsadida Bishkek yaqinidagi “Manas” aeroportida joylashtirilgan amerikalik harbiylar diplomatik daxlsizlik huquqiga ega ekanini qayd qilgan.

Shuningdek, amerikalik askarlar AQSh va Qirg’iziston o’rtasidagi bitimga binoan, Qirg’iziston hududida sodir etgan jinoyatlari uchun Xalqaro Jinoyat Sudi (Gaaga Tribunali) tomonidan mahkamaga tortilmaydi. Dunyoning turli davlatlarida joylashtirilgan barcha amerikalik harbiylar shunday huquqqa egadir.

“Aviabazada yuz bergan hodisa yuzasidan tergov davom etmoqda va bu bosqichda tergov natijalari bo’yicha taxmin qilishga hali erta. AQSh elchixonasi tergov mufassal va xolis bo’lishiga ishonadi”, – deydi elchixona matbuot xizmati xodimi Azamat Abubakirov.

XS
SM
MD
LG