Qirg’iziston janubida kuni kecha otib o’ldirilgan Qarasuv masjidi imomi Muhammad Rafiq Kamolov uchun o’tkazilgan janozada dindorlar imamning ektremist guruhlarga a’zo bo’lmaganini ta’kidlaganlar.
Faoliyati dunyoning aksar davlatlarida ta’qiqlangan “Hizb-ut-Tahrir” diniy partiyasi qorasuvlik imom Muhammad Rafiq Kamolovning O’zbekiston va Qirg’iziston maxsus xizmatlari tomonidan o’ldirilishi yuzasidan bayonot tarqatgan. Tashkilotning Londondagi voizi Imron Vohidga ko’ra, “Hizb-ut-Tahrir” imom Muhammad Rafiq Kamolovning o’ldirilishini qoralaydi.
“Imomlar va diniy faollarni o’ldirish so’nggi o’n yil ichida o’zbek rejimi uchun odatiy holga aylangan edi. Aftidan, endi Qirg’iziston ham Karimov hukumatidan ibrat olmoqda. Markaziy Osiyo hukumatlari millionlab musulmonlar mintaqada xalifalik bayrog’i hilpirashini xohlashlarini biladilar. Mintaqa musulmonlari manman zolimlar oldida bosh egmaydilar va sabr-toqat hamda tirishqoqlik bilan haqiqatni so’ylashda davom etadilar”, – degan Londondagi “Hizb-ut-Tahrir” voizi Imron Vohid.
Qirg’iziston janubidagi “As-Sarahsiy” jome’ masjidining imomi Muhammad Rafiq Kamolov o’tgan yakshanba kuni o’zbek va qirg’iz maxsus xizmatlari o’tkazgan amaliyot chog’ida otib o’ldirilgan. Maxsus xizmatlar imom doxil ikki nafar O’zbekiston Islomiy Harakati a’zolari ham o’ldirilganini da’vo qilmoqdalar. Yaqinlari Muhammad Rafiq Kamolovning terroristlarga aloqador bo’lganini rad qilgan.
“Hizb-ut-Tahrir” partiyasining bayonotini sharhlar ekan, marhum imomning o’g’li Rashod Kamolov “musulmonlar uchun hamdardlik bildirish vojib” ekanini aytdi:
“Nafaqat “Hizb-ut-Tahrir”, balki, Islomni da’vo qilgan yer yuzidagi barcha musulmonlar hamdardlik bildirishlari vojib. Sababi, yer yuzining sharqida turib, g’arbidagi musulmonning dardiga sherik bo’lmagan musulmon emas. Bu “Hizb-ut-Tahrir” bayonotiga javob.
Qirg’izistondagi “Hizb-ut-Tahrir” a’zosi Ayyub Mashrabovning ma’lum qilishicha, marhum imom tashkilot a’zosi bo’lmagan:
“Imom “Hizb-ut-Tahrir” a’zosi bo’lmagan. Qori aka shariatdan gapirgan, shariatni gapirgan odam “Hizb-ut-Tahrir” a’zosi bo’lib qolmaydi. Biz ham qori akaga musulmon birodarimiz sifatida muomala qilganmiz”.