Shu yilning 9 avgust kuni bir yil mobaynida O’sh shahar tergov izolyatorida saqlangan besh nafar andijonlik qochqin O’zbekiston rasmiylariga topshirilishi ortidan, O’shda boshpana izlayotgan shaxs maqomiga ega ikki nafar o’zbekistonlik qochqin, Valijon Bobojonov va Saydullo Shokirovlar yo’qolib qolgan.
Qochqinlar huquqini himoya qilish bilan shug’ullanayotgan “Adilet” nodavlat tashkiloti rahbari Cho’lpon Jaqupovaning aytishicha, yo’qolib qolgan qochqinlar Qirg’iziston militsiyasi tomonidan allaqachon O’zbekistonga topshirilgan. Bu haqda qochqinlardan birining ayoli xabar qilgan. Ayol bu haqda erining do’stidan eshitgan.
Valjon Bobojonov va Saydullo Shokirov bir yildan ko’proq vaqt mobaynida qonuniy ravishda O’shda yashagan va ayni kunlarda o’z murojaatlariga javob olishlari kerak edi. Guvohlarga ko’ra, 16 avgust kuni Valijon Bobojonov, 17 avgust kuni esa Saydullo Shokirov militsiya tomonidan olib ketilgan va g’oyib bo’lgan.
“Biz Qirg’iziston va O’zbekiston huquq-tartibot idoralari o’rtasida maxfiy kelishuv bor, deya shubha qilyapmiz. Ana shu kelishuvga binoan qochqinlar berib yuborilyapti”, – deydi huquq himoyachisi Cho’lpon Jaqupova.
Qirg’iziston rasmiylari yo’qolib qolgan qochqinlar O’zbekistonga berilganini na tasdiqlaydi, na inkor qiladi. 9 avgust kuni O’sh shahar tergov izolyatoridan 5 nafar andijonlik qochqinning O’zbekistonga topshirilishi xalqaro jamoatchilikning keskin tanqidiga sabab bo’lgan. Qirg’iziston Bosh prokuraturasi esa, hibsdagi qochqinlar mamlakat ichki qonunlariga muvofiq topshirilganini ma’lum qilgan.
Mamlakat Ombudsmeni Tursunboy Bakir o’g’li qonuniy yashayotgan ikki nafar qochqinning yo’qolib qolishi Qirg’iziston obro’siga dog’ tushirishini aytdi.
“Bu xalqaro qonunlarning, Qirg’iziston ichki qonunlarining buzilishidir. Qochqinlar bizga ishonib kelsayu, biz ularni topshirsak, mamlakatning umuman obro’si qolmaydi”, – deydi ombudsmen.
“Adilet” tashkiloti rahbari Cho’lpon Jaqupova, prezident Qurmanbek Bakiyev O’zbekistonga tashrifi oldidan qochqinlarni Islom Karimovga maxsus sovg’a sifatida topshirganini aytadi.