Breaking News

Andijonlik qochqinlar bola-chaqa deb vatanga qaytmoqda


Kecha AQShdan O`zbekistonga qaytgan qochqinlar oila a`zolari Andijonda qolganligi sabab ortga qaytishga qaror qilganlarini aytishmoqda. Qochqinlar xavfsizligi kafolatlanishi ta`kidlangan, lekin surushtiruv ishlari o`tkazilishiga ham ishora qilingan.

Andijonlik qochqinlar o`tirgan samolyot Toshkentga kechki yettilar atrofida qo`ngan, qochqinlar kechki soat to`qqizga yaqin aeroportning maxsus yo`lagidan chiqarildi. Aeroportdan chiqarishdan avval ular bilan tushuntirish ishlari o`tkazilgani ta`kidlanadi.

Qochqinlarni kutib olgani kelgan andijonliklar ozchilikni tashkil tashkil etadi. Ma`lumotlarga ko`ra, qarindoshlari qochqinlarni kutib olishga chiqishdan xavfsirashgan yoki bunga iqtisodiy sabablar to`sqinlik qilgan. Qochqinlarni Toshkentdan Andijonga olib ketish uchun asosan ijaraga olingan taksi haydovchilari kelishgan.

Qochqinlarning asosiy qismi erkaklar. Samolyotdan tushgan qochqinlarda vatanga qaytish xursandchiligidan ko`ra xavotir, hadiksirash kayfiyati ko`proq seziladi. Qochqinlar mikrofon orqali muloqot qilishni keskin rad etishadi.

O`zbekistonning AQShdagi elchixonasi vakillari qochqinlar xavfsizligi ta`minlanishiga kafolat bergan, biroq bu kafolatga qanchalik ishonish mumkin degan savolga qochqinlar aniq javob berishga qiynalishadi.

Ularning xavsizligini ta`minlash haqidagi biror yozma bayonot mavjud emas. Elchixona vakillari AQShda yashayotgan qochqinlar bilan doimiy ravishda bo`glanib, targ’ibot ishlari yurg`izayotgani ta`kidlanadi.

Ikkinchi guruh qochqinlarining qaytarilishida ham elchixona vakillarining faoliyati alohida urg`ulanadi. Keksa yoshli qochqin Hojiboboning ta’kidlashicha, elchixona vakillari qochqinlarning yuklarini samolyotga joylashtirishda ham bajonidil ko`mak berishgan.

“Birinchi guruh bepul, ikkinchi guruh biz yarim pulini to`ladik, yo`l-kirani nazarda tutayapman. Avval 12, biz ikkinchi guruh - 41 kishi keldik. Yana navbatdagisi qanaqa bo`ladi, bilmaymiz endi, ularni ham holatiga qarab ish bo`ladi. Xullas, elchixona xodimlari bizni Nyu-Yorkda chiroyli qilib kuzatib, mana shu yuklarni o`zlari yugurib, urinib samolyotga ortishib, bizni samolyotga chiqarib yuborishdi”, - deydi otaxon.

Otaxonga ko`ra, qochqinlarning xavfsizligi ta’minlangan, lekin baribir ular bilan surushtiruv ishlari o`tkazilishi mumkin:

“Ha kafolatlangan, hech narsa bo`lmaydi, uncha-muncha chaqiriladi, u-bu deydi-yu ammo unaqa gap bo`lmaydi deyilgan.”

Ortga qaytishga asosiy sabab sifatida qochqinlarning farzandlari Andijonda qolganligi ta’kidlanadi:

“Amerikada yaxshi, ammo bola-chaqangiz bu yoqda bo`lgandan keyin, oldingizda osh turgani bilan o`tmas ekanda. Bir tiyinsiz ketganmiz, mana shuncha yuklar bilan keldik o`zingiz topib olaveringda”, - deb ta`kidlaydi otaxon.

Bundan avval AQShdan qaytgan 12 nafar qochqin taqdiri haqida mahalliy matbuotda berilgan ma`lumotlarda qochqinlar inson huquqlari himoyachilari, bu boradagi tashkilotlar tomonidan aldov yo`li bilan olib ketilganligi haqida bildiriladi.

Qochqinlarga ko`ra, ularni hech kim aldov yo`li bilan olib ketmagan. Ortga qaytish haqidagi qaror esa aynan bolalari, oila-a`zolari Andijonda qolganligi tufayli qabul qilingan.

Qochqinlar Andijondan chiqib ketish tafsilotlari va Andijon fojeasi haqida gapirishni istashmaydi.

Noma`lum qolishni istagan bir kishiga ko`ra, bugun Andijonda nimalar sodir bo`lgani haqida ochiq, to`g`ri gapirib bo`lmaydi, biroq tarix bu fojeaga haqiqiy baho beradi.

Sal avval AQShdan O`zbekistonga 12 nafar qochqin qaytgan edi. Ikkinchi guruh qochqinlar 41, ba`zi ma`lumotlarga ko`ra esa undanda oshiqroq kishini tashkil etadi.

XS
SM
MD
LG