Sovet davrida aksar holda bir xil sharoitda yashashga odatlangan aholidan farqli o’laroq, bugun O’zbekiston fuqarolari orasida tabaqalanish kuzatiladi. Bu hol, ayniqsa qariyalar yashash tarzida ko’zga tashlanadi.
Toparman farzandlari bo'lgan keksalar hayotlaridan mamnun. Biroq ishsiz yoki maoshi oz farzandlar qaramog’idagi qariyalar noto’kis turmushga mahkumlar. Ayrim nafaqaxo’rlar to’yib ovqatlanishu, qarilik gashtini surish nasib etmayotganidan shikoyat qilishadi.
O’zbekistonda davlat korxonalarida faoliyat yuritgan erkaklar 60 yoshdan, ayollar esa 55 yoshdan nafaqaga chiqishadi. Besh nafardan ko’proq farzand tarbiyalagan va 15 yillik ish stajiga ega bo’lgan ayollar esa 50 yoshdan nafaqaga chiqish huquqiga ega.
O’zbek xalqining milliy an’analariga ko’ra, keksaygan ota-ona farzandlar qaramog’ida bo’lishadi. O’zbeklarda keksalik gashtini surish degan tushuncha ham mavjud.
“Men Kamolova Mukarram, Toshkent shahrida tug’ilganman. Qarilik gashtini cholu-kampir surib yuribmiz kurortlarga borib. To’rtta qizim bor, uzatganman, hammasi uyli-joyli. Ikkita o’g’lim bilan turaman. Beshta ta nevaram uyda. Qizlarimniki 14 ta. Bitta evaram bor, yaqinda yana bitta evarali bo’lay deyapman. O’g’illarim yaxshi, kechki payt kelishib, bizlarga “oyijon-dadajon, ertaga nima kerak, nima olib kelaylik”, deyishadi. Bayramlarda ro’molmidi, ko’ylakmidi, ko’nglimizga qarab, oldin so’rab olishadi”, - deydi qariya onaxon.
Men Toshkent shahar nuroniylar oromgohidaman. 1992 yildan faoliyat boshlagan sihatgohda har yili 4 mingdan ortiq qariya sog’lig'ini tiklaydi.
“Husniya Jalilovaman, dam olishga uch yilda bir kelib turamiz. 8 ta bolamiz bor. Sanatoriyalarga bolalar yotqizishadi, bolalarim yaxshi. Kelinlar ham yaxshi, hammasi kelib turishibdi. Hozir oltinchi o’g’lim bilan turaman. Cholim borlar. Kelinlar ham, o’g’illar ham bir-biridan mehribon. Hammasi ishlaydi. Shu bolalarimiz bor, baxtlimiz. 8-mart, bayram-hayitlarda hammasi keladi, kiyim-kechaklar, boshqalarda bolalar yordam qilib turishadi”, - deydi onaxon.
Keksalik gashti tushunchasini so’nggi yillarda barcha qariyalar ham o’zlariga nisbatan qo’llamaydigan bo’lishgan. 62 yoshida bozorga chiqib, mevalar olib-sotib tirikchilik qilayotgan Sanobar ismli ayolning aytishicha, uning 4 nafar farzandi bor. Milliy an’anaga ko’ra, u kichik o’g’li bilan birga yashaydi. Biroq ayni kunlarda uning 28 yoshli o’g’li ishsiz bo’lib, ikki nafar nevara va oila a’zolarini boqish uning ham zimmasiga tushgan.
“14 ming so’m pensiya olaman. 14 ming pensiya nima bo’ladi? Bir kun bozorga borsam, ikki kunlik produkta olaman-da, 2 kunlik. Shu bilan tamom bo’ladi. Keyin nima qilaman? Yashash uchun mana bu mandarin olib kelib sotaman, Qo’yliqdan, yoshim 60 ga kirganda. Shular bilan tirikchilik qilib o’tiribmiz”, - deydi Sanobar opa.
Qariganda qashshoqlarcha hayot kechirayotganini aytayotgan Sanobar opa o’zining iste’mol dasturxoni haqida so’zlaydi:
“Ertalab non bilan choy ichamiz, nima yerdik, to’g’risi-da. Tushlikda ham a’shunaqa, non bilan choy. Kechqurun ishqilib ovqat qilamiz, go’shtsiz ovqat qilamiz. Nomiga ovqat endi, o’lib qolmaylik deb. Yeydigan vaqt o’tdi, to’g’risi. 14 ming so’m pensiya nima bo’ladi? Shu ham yashashmi? Ishqilib qashshoq bo’lib yashayapmiz. Men pensiya olib, rohatlanib o’tirsam bo’lmaydimi? Mana, o’tiribman mana bu yerda “mandarin, limon beri-beri” qilib. Kalbasa-palbasa, unaqani umuman tushimda ham ko’rmayman. Magazinga kirsam, narxini ko’raman-da, qaytib ketaman”, - deydi Sanobar opa.
O’zbekistonda sho’ro davri yillaridan boshlab barcha viloyatlarda qariyalar uylari faoliyat yuritib keladi. Toshkentdagi urush va mehnat faxriylari pansionati davolash ishlari bo’yicha direktor o’rinbosari Tursunboy Mingboyev shunday deydi:
“Bizning pansionatimiz 1968 yilda tashkil topgan. 220 o’rinli, 40 o’rinli statsionar-davolash bo’limimiz bor. 86 ta ishchi-xodim qariyalarga xizmat ko’rsatamiz. 6 ta shifokor, 14 ta hamshira bor. Bugungi kunda 178 ta qariyamiz bor. Qariyalarimiz har bittasi alohida xonada yashaydi. O’zlari yura oladiganlar oshxonaga boradi. Statsionarimizda 39 ta o’zi yurolmaydigan, o’zini eplay olmaydigan qariya chol-kampir boqimandalarimiz yotibdi. O’zi yurishga qiynaladiganlarga xonasiga ovqat olib kelib beriladi. Ovqatimiz 5 mahal”.
O’zbeklar orasida keksaygan ota-onaning qariyalar uyiga topshirilishi or hisoblangan. Biroq so’nggi yillar qariyalar uyida mahalliy xalq vakillari soni ko’payayotgani kuzatiladi. Men Toshkentdagi qariyalar pansionatida bo’lib, keksalarning bu yerda umrguzaronlik qilishayotgani boisi bilan qiziqdim.
Uzoq yillar prokuror bo’lib ishlagan 76 yoshli Mirza Otayev kelishmovchilik tufayli turmush o’rtog’i uyini sotib yuborgandan so’ng, pansionatda yashashga majbur bo’lganini aytadi:
OTAYEV: Bu yerda bitta qizim bor. Nevaralarim bor, yaxshi hammasi.
MUXBIR: Nima uchun qizingizni uyida yashamadingiz?
OTAYEV: E, kuyov bilan turadimi? Noqulay-ku. Men o’zim rahbar organda ishlagan bo’lsam. Ular turing dedi, men yo’q dedim. Qariya odam bo’lgandan keyin, kuyovnikida turmaydi-da. Kuyovim yaxshi, qarisi bor uyning parisi bo’ladi, deb turing-turing dedi. Men ko’nmadim. Pensiya pulidan bular 10 foiz beradi bizlarga. Boshqasi hammasi shu tashkilotda qoladi. Qo’limga 3 ming 655 so’m tegadi. Men masalan chekaman. Qizim kelsa, singlim kelsa yordam berib ketadi bir oz.
Shahar ko’chalarining birida ro’paramdan qo’lida ikkita paketchadagi lapshani tutgancha, g’amgingina kelayotgan ayolni suhbatga chorlayman. O’zini nafaqadagi sobiq o’qituvchi Karima G’iyosova deb tanishtirgan bu ayol farzandlarini uyli-joyli qilganini, turmush o’rtog’i bilan umrguzaronlik qilayotganini aytadi. Keksalik hayotim shu tariqa qayg’uli o’tishini tasavvur ham qilmagandim, deydi qo’lidagi paketchaga imo qilarkan:
“Mana, mana bu qirilgurni hozir oldim, 640 som bo’ldi. Shoshib turganda suvga qaynatib solib bersangiz, o’ylaysiz, ha, ovqat yedi deysiz. Bu yog’ingizda ko’p bo’lsa, shunaqaga majburmisiz? To’ydirmaydiyam, ancha ichni aldaydi, bo’ldi. Bunisiga cho’zsangiz unga yetmaydi, u yoqqa cho’zsangiz, bu yoqqa yetmaydi. Mana, men masalan pensionerman. 10 ming so’m mening nafaqam. Menga o’xshaganlar son mingta, bitta men emasman”, - deydi Karima G’iyosova.