Breaking News

O'zbekiston: Boquvchisi bo'lmagan qariyalarga qiyin


Keksalar sharqda azaldan izzat-hurmatda bo’lgan. Biroq O’zbekistonda o’tgan asrning o’rtalarida paydo bo’lgan “Qariyalar uyi” soni ko’paygani avlodlar o’rtasidagi munosabatlar o’zgarganidan guvohlik beradi.

Mustaqillik yillarida muayyan bir yilning “Qariyalarni qadrlash yili” deb nomlanishi va maxsus davlat dasturi qabul qilinishi ham bunday uylar soni kamayishiga olib kelmagan.

O’zbekistonda 2007- yil “Ijtimoiy himoya yili” deb nomlangan. Tabiiyki, keksayib qolgan fuqarolar aholining ijtimoiy himoyaga eng muhtoj qatlami hisoblanadi.

Qosim ismli buxorolik yigit Buxorodagi qariyalar ahvoli xususida fikr bildirar ekan, joylardagi rahbarlar keksalar muammolariga befarqligini aytadi:

“Buxoro viloyatining ayrim rahbarlari, umuman olganda, qariyalarga munosabati e’tiborsizligi bo’lsa kerak, shuning uchun nafaqalari ancha kechiktirilishi ham mumkin. To’g’risini aytganda, chekka tumanlarda ahvol ancha og’ir. Iloji boricha, e’tibor berilsa yaxshi bo’lardi. Xonadonlarda qariyalar asosan bolalari qaramog’ida bo’ladi. Masalan, bizning uyda ham otamiz oila tebratadi, buvimga ham o’zimiz qaraymiz”, - deydi buxorolik yigit.

O’zbek urf-odatlariga ko’ra, keksalar o’z farzandlari qaramog’ida bo’lishadi. Biroq ayni paytda yoshlar orasida keksa ota-onani qadrlamaydiganlar ham uchrab turadi, deydi nafaqadagi o’qituvchi Tursunoy opa.

“O’zbekchilikda asosan, qariganimda bolalarim kunimga yarasin, davlatga, o’zimga foyda keltiradigan farzandlar qilib yetishtiray, degan maqsadda yaxshi niyatlar bilan farzand o’stiradi. Inson qarigandan keyin shu o’g’il-qizlari qaraydi

ota-onasiga. Qanaqa tarbiya bergan bo’lsa, shu tarbiyaga qarab hosilini oladi, degan fikrdaman. Hayotda kuzatganman, “Postda”, “Oila va jamiyat” gazetalarini olib o’qiyman, shu gazetalarda ota-onasini qadrlamagan farzandlar haqida maqolalar o’qiganman. Bunday holga munosabatim albatta yomon. Ota-onasini qadrlashi kerak farzand. Qariganida ota-onasining yoniga kirishi kerak, qarash kerak. Yoshligida bolasini qanaqa ko’ngliga qarab, yemay-yedirib, kiymay-kiydirib katta qiladi, mehnatlarini ro’yobga chiqarishi kerak”, - deb hisoblaydi Tursunoy opa.

O’zbek xalqi azaldan o’z keksalariga hurmat-izzatda bo’lishi bilan ham ajralib turadi, deydi tinglovchilarimizdan biri. Unga ko’ra, ayni paytdagi o’zbek xonadonlaridagi qariyalar ahvolini yomon deb bo’lmaydi.

“Qariyalarni hamisha qadrlab kelishgan. Bu oilalarimizdan, qarindosh-urug’lardan, tanish-bilishlardan hammamizga ma’lum. Masalan boshqa xalqlar, hattoki rus millatidagi do’stlarimiz ham havas bilan qarashadi har doim. Chunki o’zbeklarda “qariganingda izzatda bo’lasan” degan gapga haqiqiy amal qilingan qadimdan. Hozirgi ijtimoiy ahvoli menimcha yomon emas qariyalarning. Boquvchisi bor hammasini. Albatta yetishmovchilik bo’ladi, lekin rejalab, bir tartib bilan, intizom bilan shuni yo’lga solsa, ijtimoiy ahvolini ham yomon deb bo’lmaydi”.

O’zini Mahmud deb tanishtirgan surxandaryolik kishiga ko’ra, barcha viloyatlardagi singari Surxandaryodagi keksalar ahvoliga ham ijobiy baho berib bo’lmaydi. Uning fikricha, qariyalar nochorligi iqtisodiy yetishmovchilik bilan bog’liq.

“Bu nafaqa bilan qariyalar uzoqqa ketolmaydi. Hamma narsa qimmat, unni qarang qancha, nonni qarang, choyni qarang qancha. Shakar-makar va boshqa narsalarni qo’yib turaylik. Nafaqalarni mutasaddi rahbarlarimiz o’ylab, iqtisodiy tomondan yaxshilab o’ylab qaraganda edi, o’sha narsani bozor bilan, magazin bilan, hozirgi narx bilan o’ylab qaraganda edi, o’rtada anchagina ishlar qilib qolish mumkin edi. Bizning qariyamiz – dadamiz ham 86 yoshga kirdilar. Qarab o’tirmaydilar. Hech bo’lmasa bitta molni olib, boqib, o’shani tirikchilik qilib, ermak qilib boqib o’tiradi. Bitta imkoniyatning bori o’zi ham kamlik qiladi. Sog’ligi yaxshi bo’lishi kerak, bunday imkoniyat bo’lmagandan keyin, unisiyam qiyin-da. Shuning uchun, qariyalarimiz muammosi shu kecha-kunduzda juda dolzarb muammo. Dori-darmonlar bor, qimmat, nafaqa yetmaydi. Qanaqa qilib yetsin? Birgina kasalxonaga tushsa, nafaqaga chiqqanlardan “koyka”- o’rin uchun pul olmaydi, qolgan dori-darmonlarini sotib olishiga to’g’ri keladi. Shunda pul kerak bo’ladi”, - deydi surxandaryolik Mahmud.

O’zbeklarning “qarisi bor uyning parisi bor” degan naqlini aksariyat fuqarolar tilga olishadi. Biroq keksaygan ota-onalarini qariyalar uyiga eltib qo’yayotganlar ham uchrab turishini aytadi maktab o’qituvchisi Go’zal Jo’rayeva.

“Uyda qari odam bo’lsa, qanaqadir uyingiz to’lib, bag’ringiz keng bo’lib turganday bo’ladi-da. Hamma millatlarda bo’lganiday, bizda ham ba’zi bir boyvachchalarga ota-onasi kerakmas bo’lib qolarkan qariganida. Qariyalar uyiga olib borib tashlashayapti, ota-onasiga qaramayapti. Faqat pul berib ham cheklanib qolayotganlar bor. “Pul bersam bo’ldi, onam o’zini-o’zi eplaydi” deydi. Lekin qariyalarga asosan mehr kerak, shafqat kerak. Qarilar bor joyda farishtalar bor-da. Nevaralar ham, kelinlar ham o’shalardan o’rnak oladi”, - deydi Go’zal Jo’rayeva.

Ayni paytda Toshkentning serqatnov ko’cha-yu xiyobonlarida, metro yo’laklarida tilanchilik qilayotgan turli millat vakillaridan iborat qariyalarni uchratish mumkin.

Ba’zi o’zbekistonliklar hukumat say-harakati bilan amalga oshirilishi mo’ljallangan qator tadbirlar natijasida qariyalarning iqtisodiy-ijtimoiy muammolari oz bo’lsa-da o’z yechimini topishiga umid bildirmoqda.

XS
SM
MD
LG