O`zbekiston soliq idorasi AQShda asoslangan “Mehribonlik Korpusi” - Mercy Corps xalqaro tashkiloti vakolatxonasini millionlab naqd so’mni bankda saqlamaganlikda ayblamoqda.
Idora tarqatgan ma`lumotga ko`ra, “Mehribonlik Korpusi” vakolatxonasi faoliyati tekshirilganda tashkilot tomonidan 600 million so`mdan oshiq naqd pul bankka topshirilmasdan saqlangani aniqlangan.
Vakolatxona tomonidan berilgan kreditlarning qaytarilishi, foizlar sifatida qaytgan naqd pulning bank tizimiga topshirilmasdan saqlanishi, soliq idorasiga ko`ra, O`zbekiston qonunchiligini buzish hisoblanadi.
Ayni paytda “Mehribonlik Korpusi”ga nisbatan jazo choralari qo`llash harakati boshlangan.
Mazku xalqaro tashkilot asosan aholining kam ta’minlangan qatlami bilan ishlaydi. Dunyoning 80 ga yaqin mamlakatida faoliyat yuritadi. “Mehbironlik Korpusi” yordamga muhtoj aholiga yuz minglab dollarga teng moddiy yordam ko`rsatganini ta’kidlaydi.
Kuzatuvchilar tashkilotning bosim ostiga olinayotganidan ajablanmaydilar. Mamlakatda hukumatning o`zidan tashqari aholiga bevosita yordam ko`rsatayotgan har qanday muassasani yopish boshlangani e`tirof etiladi.