O`zbekistonda soliq majburiyatini kamaytirish maqsadida islohotlar o`tkazilayotgani ta'kidlanadi. Tadbirkorlar esa so`nggi 15 yil mobaynida soliqlar muttasil o`sib, imkoniyatlar tobora qisqarayotganini bildirishmoqda.
Kuzatuvchilarning so’zlariga qaraganda, O’zbekiston soliqlar miqdori va haddan tashqari baland ustamalar belgilangan davlatlardan biri. Bundan tashqari, bojxona soliqlarining salkam 90 foiz ekani chakana savdoni keskin zaiflashtirib, asosan kontrabandaga keng yo`l ochib bergan.
Mahalliy kuzatuvchilardan biri, iqtisodchi Jahongir Shosalimov fikriga ko`ra, O`zbekistonda soliq siyosatidan ko`proq boshqaruv usuli sifatida foydalaniladi:
“Rejim tomonidan boshqarilayotgan soliq sistemasi ishlab chiqaruvchilarning manfaatini mutlaqo hisobga olmaydi. Aksincha, bu yerda hukumatning xususiy mulkni boshqarishga bo`lgan intilishi yaqqol ko`rinadi. Mamlakatda ishlab chiqarish xarajatlari soliq siyosatiga taalluqli soha ekani bois vaziyat yanada murakkablashdi. Hukumat bojxona to`lovlarini ko`tarish evaziga o`zining katta xarajatlarini amalga oshirayapti. Natijada hukumatdan tashqarida bo`lgan ko`plab ishlab chiqaruvchilar bankrotlikka uchradi,” - deydi iqtisodchi.
Mahalliy tadbirkorlar O`zbekistonda keyingi 15 yil mobaynida soliq doimiy tarzda oshib borayotganini qayd etishadi.
Chakana savdo bilan shug’ullanuvchi bir tadbirkorning aytishicha, keyingi 3 yil mobaynida soliq to`lovlari bir necha barobarga ko`tarilgan:
“Har yili, har oyda, hamma narsa oshadi. 1991 yildan buyon tadbirkorlik qilaman. Lekin hamon o`sha turishim. Soliq to`layman, uni-buni to`layman. 2002 yilda 27 ming so’m soliq to`lardik. Qarang, 3 yilda qanchaga ko`tarilib ketdi. Hozir 137 ming so`m to`layman,” - deb ta'kidlaydi u.
Tadbirkorga ko`ra, 1990 yillarda ming dollarga mahsulot olib kelinsa, yana ming dollar ortib qolar va bu mablag`ni biznes rivojiga ishlatish imkoniyati mavjud bo’lgan:
“Oldin biror narsa yo`qolsa ham o`rni qoplanar edi. Hozir bir narsa yo`qotsang, joning chiqib ketadi. Oldingi vaziyat bilan hozirgi vaziyatning yer bilan osmoncha farqi bor. 5 mingdan ming so`m foyda qilish mumkindir, lekin soliq to`laysiz, boshqasini to`laysiz. Zahiraga hech narsa qolmaydi, shunday yuraverasiz, bola-chaqani ham boqish kerak-ku! Soliqni, bojxona narxlarini tushirish kerak,” - deydi tadbirkor.
Tadbirkorlar nazarida 1990 yillar boshida chakana savdo uchun belgilangan 10 ming so`m atofidagi soliq bugun 140-150 mingga ko`tarilgan.
Soliq miqdorining yilda ikki-uch marta o’sishi odat tusiga kirgan, bundan tashqari boshqa ma’muriy to`siqlar ham muayyan xarajatlarni talab qiladi.
Ayniqsa bojxona soliqlarining balandligi tadbirkorlikdan olinadigan daromadga salbiy ta’sir qilmoqda. “Faqat yetarli maosh to`lanadigan tayin ishning yo’qligigina tadbirkorlik bilan shug’ullanishga majbur qilmoqda,” - deydi yana bir tadbirkor.
Iqtisodchi Jahongir Shosalimovning aytishicha, O`zbekistonda yuritilayotgan adolatsiz soliq tizimini nafaqat chakana savdo bilan shug`ullanuvchi tadbirkorlar misolida, balki yirik ishlab chiqarish kompaniyalari misolida ko`rish mumkin:
“Aynan soliq systemasining adolatsizligi uchun tilla qazib chiqaruvchi “Zarafshon- Nyumont” korxonasi ham bankrot bo`ldi. Men o`zim bosh hisobchi bo`lib ishlaganman, soliqlarning turlariga barmoqlaringiz yetmay qoladi, shunchalik ko`p. Shuning uchun O`zbekistonda xususiy mulkchilik shakllanmayapti. Ular O`zbekistonda ishlab chiqarishni rivojlantirishni istashmaydi,” - deydi Shosalimov.
Yaqinda Toshkentda O`zbekiston Savdo-Sanoat Palatasi Soliq idorasi bilan hamkorlikda mamlakatda soliq majburiyatini kamaytirish, bu boradagi muammolar yechimi bo`yicha konferensiya o`tkazgan. Konferensiya ma`lumotlariga ko`ra, O`zbekistonda soliq siyosatini musaffolashtirish, ularni kamaytirish bo`yicha bosqichma-bosqich amaliyot olib borilmoqda. Bu amaliyot nimalardan iborat ekanligi haqida aniq ma`lumot keltirilmaydi.
Rasmiy hukumat bojxona soliqlari yuqoriligini ko`proq ichki tadbirkorlarni himoya qilish zarurati bilan tushuntiradi.
Biroq amaliyotda bu imtiyozlar ichki ishlab chiqarishning rivojiga hech qanday ta’sir o`tkazmagani, ishlab chiqarilayotgan mahsulot raqobatbardosh emasligi ta’kidlanadi.
Mahalliy ishlab chiqaruvchilar faoliyatidagi asosiy muammo ham soliq majburiyatining ko`pligi bilan bog'liq.